Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Sentabr, 2026   |   3 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:42
Quyosh
06:02
Peshin
12:19
Asr
16:44
Shom
18:39
Xufton
19:54
Bismillah
14 Sentabr, 2026, 3 Rabi`us soni, 1448

Mus'hafi sharifni o‘pish joizmi?

10.06.2026   13048   3 min.
Mus'hafi sharifni o‘pish joizmi?

Ba’zan “Qur’onni o‘pish bid’at, salafi solihlardan bunday qilganlari rivoyat qilinmagan, bunday qilish gunoh” degan so‘zlarni eshitib qolamiz. Bu masalaning shar’iy hukmi qanday? Haqiqatan ham Qur’onni o‘pish bid’at va gunohmi yoki shar’an joiz bo‘lgan mandub ishmi?

Hanafiy, shofe’iy, hanbaliy mazhabining jumhur fuqaholari bunday deyishadi: Mus'haf (Qur’on)ni o‘pish joizdir. Shofe’iylar esa bu mustahab amal, deb aytishgan.

Qur’onni ulug‘lashdagi asl qoida va komil ehtirom uni xushu’ va tadabbur ila doimiy tarzda tilovat qilish, unga amal qilishdir!

Qur’onni o‘pish amali ila Mus'hafni ulug‘lash, ehtirom va muhabbatni qasd etilsa joiz va mustahabdir.

Misrlik alloma Shayx Aliy Juma aytadi: Ba’zi insonlar Nabiy sollallohu alayhi vasallam Qur’onni o‘pmaganlar, bu bid’at bo‘ladi, deyishadi. Biz aytamizki, bu noto‘g‘ri gap. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Qur’onni o‘pishlari mumkin bo‘lmagan, zotan u zot alayhissalom hayot ekanlarida Qur’on jam qilinmagan edi”.

Qur’onni o‘pish bid’at deydiganlar bu so‘zlariga ibn Hanbal rahimahullohning “Jamodot (jonsiz narsalar)ni to shu ishga shar’iy dalil bo‘lmaguncha o‘pish harom” degan qavlini dalil o‘laroq keltiradilar.

Ibn Hanbal rahimahullohning ushbu fatvosi to‘g‘ri. Ammo bu qavl Hajarul asvad haqida aytilgan. Shuningdek, Qur’onni o‘pishga sahobiylar amalidan hujjatlar bor.

Usmon va Aliy roziyallohu anhumo Qur’onni o‘par edilar. Agar bu ish harom bo‘lsa bu sahobalar bu ishni aslo qilmagan bo‘lar edi.

Ba’zilar: “Qur’onni yuzga surtish bid’at”, deyishadi.

Biz bunga ushbu dalilni keltiramiz:

Misr fatvo hay’atidan Qur’onni o‘pish hukmi haqida so‘ralganida ular bunday javob berishgan edi: “Ulamolar Qur’onning sha’nini ulug‘lash, hurmatini qadrlash qasdi ila o‘pish joizdir. Zotan, Qur’on Allohning kitobi va sayyidimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ato etilgan ulkan mo‘jizadir. Qur’onni o‘pish biron bir zarari bo‘lmagan yaxshi ishdir”, deganlar.

Hanafiy ulamolardan Muhammad Haskafiy “Durrul muxtor” kitobida bunday deydi: “Qunya” kitobida Qur’onni o‘pish bid’at deyilgan. Ammo, Umar roziyallohu anhuning har kun ertalab Qur’onni olib o‘pib: “Robbimning ahdi, Robbim azza va jallaning risolasi”, deb aytgani rivoyat qilingan.

Usmon roziyallohu anhu Qur’onni o‘par va yuziga surtar edi.

Shuningdek, Imom Navaviy “Tibyon” asarida buday aytgan: “Doramiy “Musnadi”da Abu Mulaykadan keltirishicha, Ikrima roziyallohu anhu Qur’onni yuziga qo‘yib, “Robbim kalomi, Robbim kalomi”, der edi”.

 

Ibn Hajar Haytamiy Shofe’iy “Tuhfatul muhtoj fiy sharhil manhaj” kitobi (1/155) da bunday keltirgan: “Imom Subkiy Qur’onni o‘pish joiz ekaniga Hajarul asvadni, olim, solih va ota-onaning qo‘lini o‘pish joizligini qiyosan keltiradi. Zotan bu ishlarning eng afzali Qur’onni o‘pish ekani ma’lum”.

Demak, Qur’onni o‘pish mustahab amal va bu ishni sahobalar roziyallohu anhum qilishgan. Kimdir Qur’onni ehtirom ma’nosida o‘psa joiz amal. Mabodo o‘pmasa ham hech bir zarari yo‘q.

Ammo, Qur’onni o‘pish, yuzga surib ehtirom qilish bid’at deyishning o‘zi bid’atdir.


Zamirbek YO‘LDOSHЕV,
Yangiqo‘rg‘on tumani Poromon jome masjidi imom-xatibi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Toshkentda O‘zbekiston va Pokiston turizm sohasi vakillarining B2B formatidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

14.09.2026   2567   1 min.
Toshkentda O‘zbekiston va Pokiston turizm sohasi vakillarining B2B formatidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Toshkentda O‘zbekiston va Pokistonning Karachi shahri turistik biznesi vakillari ishtirokida B2B formatidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasidagi bevosita aloqalarni kengaytirish, yangi turizm mahsulotlarini yaratishga bag‘ishlangan tadbir “Centrum Air” aviakompaniyasi tomonidan tashkil etildi. Uchrashuv Toshkent–Karachi yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan “FAM Trip” tanishtiruv turi doirasida o‘tkazildi.

Joriy yilning 10–12 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan tashrif davomida Karachi turizm biznesining 10 nafar vakili O‘zbekistonga keldi. Delegatsiya Toshkent va Samarqandning tarixiy, madaniy va diqqatga sazovor sayyohlik maskanlari hamda mamlakatning zamonaviy turizm infratuzilmasi bilan tanishdi.

B2B formatidagi uchrashuvda O‘zbekistonning turizm salohiyati va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari taqdimoti o‘tkazildi. Unda Pokiston bozorida Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivani qamrab oluvchi tarixiy-madaniy yo‘nalishlar, Buyuk Ipak yo‘li yo‘nalishlari, gastronomik, ekologik va ziyorat turizmini targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratildi.

Ikki mamlakat turizm sohasi vakillari qo‘shma turpaketlarni ishlab chiqish, yangi yo‘nalishlarni shakllantirish hamda O‘zbekiston va Pokiston bozorlarida turistik mahsulotlarni ilgari surish masalalarini muhokama qildi.

Ta’kidlanganidek, Karachi va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovning yo‘lga qo‘yilishi turizm yo‘nalishlari, jumladan, “Karachi–Toshkent–Samarqand” yo‘nalishini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi va kelgusida O‘zbekistonning boshqa sayyohlik markazlarini ham qamrab olish imkonini beradi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari