frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null
Maqolalar

Nega Alloh taolo “Bandam Menga yaqin” demadi, balki “Men unga yaqinman” dedi?

10.06.2026   16608   2 min.
Nega Alloh taolo “Bandam Menga yaqin” demadi,  balki “Men unga yaqinman” dedi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Qur’oni karimda savol va javob ko‘rinishida bir nechta oyatlar zikr qilingan:

“Sizdan harom oy haqida so‘raydilar” (Baqara surasi, 217-oyat);
Sizdan nimani infoq qilishlarini so‘raydilar (Baqara surasi, 219-oyat);
“Sizdan xamr va qimor haqida so‘raydilar” (Baqara surasi, 219-oyat);
“Sizdan yetimlar haqida so‘raydilar” (Baqara surasi, 220-oyat);
“Sizdan hayz haqida so‘raydilar” (Baqara surasi, 222-oyat);
“Sizdan fatvo so‘raydilar” (Niso surasi, 176-oyat);
“Sizdan o‘ljalar haqida so‘raydilar” (Anfol surasi, 1-oyat);
«Sizdan: “Bu haqmi?” deb so‘raydilar» (Yunus surasi, 53-oyat);
“Sizdan ruh haqida so‘raydilar” (Isro surasi, 85-oyat);
“Sizdan Zulqarnayn haqida so‘raydilar” (Kahf surasi, 83-oyat);
“Sizdan tog‘lar haqida so‘raydilar” (Toha surasi, 105-oyat);
“Sizdan qiyomat qachon bo‘lur, deb so‘raydilar” (Nazi’aat surasi, 42-oyat).


Ushbu savollarga javob berish uslubi uch xil ko‘rinishda keladi. Eng ko‘p uchraydigan ko‘rinish shuki, Alloh taolo savolni zikr qilgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga “Qul” (ayt) deb amr qiladi. Ba’zi o‘rinlarda esa javob fa harfi bilan boshlanadi: Fa qul.

Qolgan savollar esa yordamchi masalalar bo‘lgani uchun ularda fa harfi zikr qilinmagan.

Uchinchi ko‘rinishga kelsak, Alloh taolo bunday marhamat qiladi: Agar bandalarim sizdan Meni so‘rasalar, Men, albatta, yaqinman. Duo qilguvchi duo qilganda, ijobat qilurman (Baqara surasi, 186-oyat).

Bu yerda Ayt: Men yaqinman deyilmagan. Bu esa duo maqomining ulug‘ligini ko‘rsatadi. Buning bir necha nozik jihatlari bor.

 

Birinchisi: Alloh taolo go‘yoki: Ey bandalarim! Boshqa ishlaringizda vositachiga muhtoj bo‘lasiz. Ammo duo paytida Men bilan sizning orangizda hech qanday vositachi yo‘q, demoqda.

Ikkinchisi: Bandalarim sizdan Men haqimda so‘rasalar degan oyatda Alloh taoloning bandaga mehribonligi va unga yaqinligi ifoda etilgan.

Uchinchisi: Alloh taolo Bandam Menga yaqin demadi, balki Men unga yaqinman dedi. Banda o‘z kuchi bilan Haq taologa yaqin bo‘la olmaydi. Ammo Haq subhanahu va taolo O‘z fazli va rahmati bilan bandasiga yaqinlashadi. Shuning uchun Alloh taolo: “Albatta, Men yaqinman”, deb marhamat qilgan.

To‘rtinchisi: duo qiluvchining qalbi Allohdan boshqa narsalar bilan mashg‘ul ekan, u haqiqiy ma’noda Robbiga yuzlana olmaydi. Banda o‘z havoyi nafsi va shaxsiy maqsadlaridan voz kechishi bilan Allohga yaqin bo‘ladi. Duo insonni Allohga yaqinlashtiradi. Shu bois duo ibodatlarning eng afzallaridan biri hisoblanadi.

 

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Imom Buxoriy" ordeni — yuksak ehtirom ramzi!

28.08.2026   7130   2 min.

Kuni kecha mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz tomonidan yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh vatandoshlarimiz taqdirlandi.

Eng quvonchlisi shuki, tadbirda diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning zahmatli mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!

Xususan, Diniy idora tizimida uzoq yillardan beri samarali xizmat qilib kelayotgan ustozlardan  O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur, Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev, Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" jome masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov "Imom Buxoriy" ordenini Davlatimiz Rahbaridan qabul qilib olishdi.

Ustozlarning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, xalq ichida ma’rifat ulashishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlangani butun diniy-ma’rifiy sohada mehnat qilayotganlar uchun katta faxr va sharafdir.

Ushbu voqea Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni avaylab-asrash hamda rivojlantirishga qaratilayotgan izchil va xayrli siyosatning amaliy ifodasidir.

Xalqimizda qadimdan ma’rifat ahlini ulug‘lash, ularning zahmatli mehnatini qadrlash ezgu an’ana sanaladi. Islom ta’limotida ham ilm egalariga alohida maqom va hurmat bilan qaraladi. Zero, Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda: «Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir», deyilgan.

Ulamolarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tiborning nechog‘li xayrli ekani quyidagi hikmatda ham o‘z ifodasini topgan. Ulug‘ zotlardan biri Tovus rahmatullohi alayh otasidan quyidagicha rivoyat qilgan: «To‘rt kishini hurmat qilish sunnatdir: olim, yoshi ulug‘ inson, podshoh va ota» (Imom Abdurazzoq rivoyati).

Mazkur yuksak mukofot milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash, Islom ma’rifatini keng targ‘ib etish, jamiyatda bag‘rikenglik va tinchlik-omonlikni bardavom saqlash yo‘lidagi ko‘p yillik xayrli xizmatlarning munosib e’tirofidir.

Davlatimizning bunday e’tibori diniy soha xodimlariga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi, ma’naviy yuksalish yo‘lidagi xayrli xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi, insha Alloh.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari