Buxoro shahridagi "Abu Bakr as-Siddiq" jome masjidida eshitish va gapirishda nuqsoni bo‘lgan fuqarolar uchun navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tadbirda masjid imom-noibi Dilshod domla Hodiyev hamda malakali surdo-tarjimon Dilfuza Jo‘rayeva ishtirok etdi.
Bu galgi suhbat mo‘min-musulmonlar hayotida muhim o‘rin tutgan "Birovning haqidan hazar qilish" mavzusiga bag‘ishlandi. Ma’ruzada islom dinida o‘zgalar mulkiga tajovuz qilmaslik, halollik va poklikning fazilatlari oyat va hadislar asosida keng yoritildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar aqida, fiqh va kundalik ijtimoiy hayotga doir o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldi. Yig‘ilganlarga qulaylik yaratish maqsadida barcha ma’lumotlar va savol-javoblar surdo-tarjimon tomonidan tushuntirib berildi.
Tadbir yakunida tashkilotchilar tomonidan ishtirokchilarga ehson sovg‘alari topshirildi. Alloh taolo aziz yurtdoshlarimizning qalbiga quvonch ulashish va ularga din arkonlarini o‘rgatishga qaratilgan bunday xayrli va savobli ishlarni bardavom aylasin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik bayrami arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha mehr-oqibat, oqibat va xayr-saxovat marafonlari yangicha sur’at va keng yoyilmoqda. Inson qadrini ulug‘lashni bosh maqsad qilgan ushbu ezgu tashabbuslar yurtimizdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga, yolg‘iz va boquvchisini yo‘qotgan farzandlarimizga mehr ulashishga qaratilgan.
"Vaqf" xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston bo‘limi tomonidan "Imom eshon Muhammad" jome masjidida yolg‘iz va boquvchisini yo‘qotgan farzandlarimiz uchun maktab formasi va o‘quv qurollarini berish tadbiri o‘tkazildi.
Ko‘ngillarga umid, yuraklarga quvonch taratgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari Alisher Allaniyazov, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramaddin domla Razov va "Vaqf" xayriya jamoat fondi raisi A.Jolovshiyevlar ishtirok etib, 35 bolaga maktab formalari va bayram sovg‘alarini tantanali tarzda topshirdi.
Bunday g‘amxo‘rlik tadbiri farzandlarimizning ko‘zlarida quvonch uchqunini yoqib, ko‘ngillarida cheksiz faxr tuyg‘usini uyg‘otdi.
"Inson qadri ulug‘langan, mehr-oqibat ustuvor bo‘lgan yurtda doimo taraqqiyot va baraka bo‘ladi."
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti