Ayol kishi eri ishdan qaytgan vaqtida chiroyli kutib olishi, uni charchagan yoki siqilgan holatda ko‘rsa battar siqmasligi lozim. Buning o‘rniga erining buyruqlarini tezroq bajarishi, eri uyiga kirishi bilan charchog‘i va siqilishi sababini so‘ramasligi kerak. Chunki eri ko‘cha kiyimlarini almashtirib biroz o‘ziga kelgandan so‘ng o‘zi ayoliga mahzunligining sababini bayon qiladi. Agar shunda ham aytmasa unda ayol bu haqida so‘rasa buning zarari yo‘q.
Agar ayol erining mahzunligiga sabab bo‘lgan mushkul ishni ketkazishga yordam berish imkoni bo‘lsa bunga harakat qilsin. Chunki bu narsa erining yelkasidan tog‘ni olib tashlagandek ta’sir qiladi. Shunda er uyida qimmatbaho – hatto dunyolarga alishilmaydigan qimmatbaho gavhar borligini his etadi.
Shu’la: Qila olmagan ishingizga aslo g‘am chekmang. Buyuklar ishlari hech qachon tugamasiligini bilib oling.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan
Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi doirasida ulug‘ mutafakkir, tasavvuf olimi Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
Ushbu nufuzli tadbirda Turkiy davlatlar tashkiloti, Butunjahon musulmon donishmandlar kengashi, IRCICA, ICESCO, Al-Azhar ulamolar kengashi vakillari hamda yetuk sharqshunos va islomshunos olimlar ishtirok etmoqda.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ma’ruza qildilar.
Muftiy hazratlari Sayyid Yahyo Bokuviyning tasavvuf tarixidagi maqomi va uning ta’limoti haqida to‘xtaldilar. Shuningdek, nutqda alloma nafaqat tasavvuf, balki diniy ilmlar, tabiiy va aniq fanlarni egallagan qomusiy olim bo‘lgani, o‘ttizga yaqin asarlari inson nafsini tarbiyalashda muhim qo‘llanma ekani ta’kidlandi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karim va hadisi shariflarga tayangan holda qalb salomatligi va pokligi inson hayotining bosh mezoni ekanini bayon etib, turkiy xalqlarni bog‘lab turgan umumma’naviy ildizlarga alohida urg‘u berdilar:
«Hazrat Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband va Sayyid Yahyo Bokuviy kabi buyuk zotlar ilgari surgan nafs tarbiyasi, insonparvarlik va yuksak axloq g‘oyalari bugun ham qardosh xalqlarimizni birlashtirib turuvchi mustahkam ma’naviy ko‘prikdir. Bunday ulug‘ siymolar merosini hamkorlikda o‘rganish xalqlarimizning ma’naviy birligini mustahkamlash va yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi».
Uch kunlik anjuman davomida O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi ham ma’ruzalar bilan ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati