Salomatlikni mustahkamlash, tanani tetik va bardam saqlashning eng samarali yo‘li jismoniy tarbiya va sportdir. Xalqimizda “Sog‘ tanda — sog‘lom aql” degan hikmatli ibora bejiz aytilmagan. Tana sog‘lom bo‘lsa, insonning fikrlashi va ish unumdorligi ham yuqori bo‘ladi.
Ayni maqsadni ko‘zlagan holda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan tizimda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish va soha xodimlarining jismoniy faolligini oshirish maqsadida haftaning har juma kuni “Sport kuni” deb belgilangan.
Shu xayrli tashabbusning amaliy ijrosi sifatida bugun Diniy idora xodimlari o‘rtasida stol tennisi bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi. Unda xodimlar o‘zlarining chaqqonlik va sportdagi mahoratlarini namoyish etdi.
Mazkur sport tadbiri orqali diniy soha xodimlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Kuchli mo‘min kuchsiz mo‘mindan ko‘ra Allohga yaxshiroq va sevimliroqdir» (Imom Muslim rivoyati), degan muborak hadislarini amalda isbotladilar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning o‘zlari ham jismoniy faol bo‘lib, sahobalarni ot minish, kamondan o‘q otish, yugurish va kurashga chaqirganlar.
Bu kabi musobaqalar xodimlar o‘rtasida o‘zaro ahillik, hamjihatlik va sog‘lom raqobat muhitini kuchaytirishga, ularning ijodiy va ish faoliyatini yanada yuqori bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Ma’lumot o‘rnida, stol tennisi – nafaqat yurak-qon tomir tizimini mustahkamlovchi ajoyib mashq, balki ko‘rish qobiliyatini tabiiy ravishda yaxshovchi eng foydali sport turidan biridir. Ayniqsa, telefon va gadjetlardan foydalanish ko‘paygan bugungi kunda bu o‘yin – doimiy harakatdagi to‘pni kuzatish orqali ko‘z mushaklarini chiniqtiradi, charchoqni oladi va diqqatni jamlashga yordam beradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ehtiyojmand oilalar farzandlariga mehr-e’tibor ko‘rsatish maqsadida ularning xatna to‘yi o‘tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya tadbirida 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar bolajonlarga xursandchilik ulashildi.
Bolalarga bayram munosabati bilan velosiped, kostyum-shim, ko‘ylak, oyoq kiyimlari hamda yana boshqa turli xil sovg‘a-salomlar taqdim etildi.
Bolalarning yaqinlari va jamoatchilik vakillari uchun bayram dasturxoni yozildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati matbuot xizmati