Muqaddas Haj ibodatini ulug‘ vazifalar va go‘zal amallar bilan ado etgan qashqadaryolik ziyoratchilarning dastlabki guruhlari yurtimizga sog‘-omon yetib kelishdi. Islom arkonlarini bajarib, yuzlarida nur, qalblarida shukronalik bilan qaytgan hojilarni xalqaro aeroportda ularning yaqinlari, keng jamoatchilik vakillari va nuroniylar katta xursandchilik bilan samimiy kutib oldilar.
Muqaddas zamindan qaytgan ziyoratchilar Haj safari davomida qalblaridan kechgan unutilmas ma’naviy kechinmalari va taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar. Hojilar tashkiliy ishlarning yuqori darajada bo‘lganini, ziyoratchilarga ko‘rsatilgan alohida g‘amxo‘rlik va yaratilgan shart-sharoitlar uchun davlatimiz rahbariga hamda soha mutasaddilariga o‘zlarining cheksiz minnatdorchiliklarini bildirdilar.
Kamol hoji bobo To‘rayev, ziyoratchi: — Muqaddas Ka’batulloh poyida turib, qalbimizdagi eng ezgu tilaklar qatorida yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va diyorimiz osoyishtaligini so‘rab duolar qildik. Mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qilayotgan Yurtboshimizning sog‘liq-omonliklarini, boshlagan xayrli va islohotli ishlariga Yaratgandan ulkan zafarlar tiladik. Ko‘rsatilgan e’tibordan boshimiz ko‘kka yetdi.
Madinai munavvara va makkai mukarramadagi tabarruk maskanlarda, xususan, Arafot va Mino vodiylarida qilingan duolarda yurt tinchligi va el osoyishtaligi bosh mavzu bo‘lgan.
Qashqadaryolik hojilarning tinch-omon qaytib kelishi nafaqat ularning oila a’zolari, balki butun viloyat ahli uchun katta ma’naviy quvonch baxsh etdi.
Alloh taolo barcha hojilarimizning hajlarini mabrur, duolarini mustajob aylasin!
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Bugun 17 iyun 2026 yil Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasining 2025-2026- o‘quv yili bitiruvchi kurs talabalari uchun yakuniy attestatsiya imtihonlari Umumta’lim fanlari: O‘zbekiston tarixi, Milliy g‘oya hamda O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi fanlari bo‘yicha boshlandi.
Mazkur imtihonlarda Yakuniy attestatsiya komissiyasi raisi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi, Ulamolar kengashi a’zosi Rahmatillo domla Usmonov ishtirok etib, bitiruvchi talabalarga muvaffaqiyat tiladilar hamda ularning kelgusidagi ilmiy-ma’rifiy faoliyatiga oid tavsiya va nasihatlar berdilar.
Yakuniy attestatsiya imtihonlari belgilangan tartib va mezonlar asosida davom etmoqda.