Muvaffaqiyatga erishganlardan biri shunday hikoya qiladi: “Men faqir bo‘lib tug‘ildim, beshikdaligimdan yo‘qchilik men bilan birga bo‘ldi. Onamning qo‘lida hatto qotgan non ham yo‘q bo‘lgan paytlarda bir burda non so‘rash achchiqligini tuydim. O‘n yoshga yetganimda ko‘chaga ishlash uchun chiqa boshladim, yilda bir oygina o‘qirdim. O‘n bir yillik og‘ir mehnatdan so‘ng yigirma bir yoshga yetgan vaqtimda sakson dollar evaziga birgina ho‘kiz va oltita qo‘zichoqqa ega bo‘ldim. Shu yoshga yetgunimga qadar rohatlanish uchun bir so‘m ham sarflamadim, topgan barcha pullarimni jamlar edim. Haqiqiy mashaqqatni boshdan kechirdim, yashash uchun uzoq ish izladim, oxiri aravaga ho‘kizni qo‘shib o‘tin terishga o‘tdim. Bir oyda olti dollarga ega bo‘lish uchun ertadan kechgacha bor kuchim bilan ishlar edim. Ushbu olti dollarning har biri menga qorong‘u zulmatdagi to‘lin oydek go‘zal ko‘rinar edi”.
Shu’la: Agar o‘tmishda xatolarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsangiz endi ulardan ta’lim oling. Ulardan ibrat olganingizdan so‘ng barchasini unuting.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati