Doxadagi Islom san'ati muzeyida Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga oid eksponatlarni namoyish etadigan yangi ko'rgazma ochildi, deb xabar bermoqda “Rossiya-1” telekanali.
Ekspozitsiyada Yava orolidan XIX-asrga oid nodir Qur'oni karim qo'lyozmalari, indoneziyaliklarning Makkaga qilgan ziyoratiga oid fotografik dalillar, arab xattotligi tushirilgan asarlar, shuningdek, zargarlik buyumlari, kiyim-kechak va uy-ro'zg'or buyumlari o'rin olgan.
Tarixdan ma'lumki, Janubiy va Sharqiy Osiyoda islomning tarqalishi Malayziya, Indoneziya va Hitoyda musulmon madaniyatining shakllanishiga yordam berdi.
“Janubiy-Sharqiy Osiyo san'at galereyalarining ochilishi tashrif buyuruvchilarga bu er asosiy musulmon jamoalarining uyi ekanligini eslatishi kerak. Dunyoning boshqa muzeylaridagi ko'rgazmalar juda kamdan-kam hollarda bu mavzuga bag'ishlanadi”, –dedi muzeyning ko'rgazma loyihalari rahbari Shayka Nosir An-Nasr.
Ko'rgazmada 800 yil avval Yava dengizida cho'kib ketgan kemada topilgan topilmalarga alohida xona ajratilgan.
“Ushbu vitrinda kema halokatida topilgan buyumlar namoyish etilgan. Bu topilmalar o'sha davrdagi mamlakatlar o'rtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalar haqidagi tushunchamizni kengaytirdi. Madagaskardan billur, shisha idishlar, Indoneziyadan oltin, Hitoy kulollari buyumlari bor”, — deya qo'shimcha qildi Shayka Nosir An-Nasir.
Ushbu muzey Fors ko'rfazining arab davlatlarida paydo bo'lgan birinchi turdagi muzeydir. Qadimgi islom arxitekturasi uslubida qurilgan bino Pritsker mukofotining birinchi laureatlaridan biri bo'lgan me'mor Bey Yuming tomonidan ishlab chiqilgan bo'lib, hozirdanoq ko'plab tashrif buyuruvchilarni o'ziga tortmoqda. Mart oyining o'rtalaridan boshlab muzey mehmonlari uchun yangi galereyalar ochiladi.
O'MI Matbuot xizmati
Hayotda ko‘pincha to‘g‘ri yo‘nalish emas, balki tezlashish o‘rgatiladi. Tezroq yurish, tezroq yetib borish, hamma narsani tezroq bajarish... Lekin hech kim to‘xtab: “Bunchalik shoshilishdan maqsad nima?” deb so‘ramaydi. Inson tinimsiz harakatda bo‘lishni erishish, tabiiy hayot tarzi deb o‘ylab, sarflanayotgan umri evaziga aslida nimaga erishayotgani haqida o‘ylamay qo‘yadi.
Ba’zan yo‘lni yo‘qotdik, deb o‘ylaymiz. Holbuki, yo‘qoladigan narsa yo‘l emas, balki to‘g‘ri yo‘nalishdir. Bu yo‘nalish xaritadagi chiziqlar yoki telefondagi yo‘l ko‘rsatkich emas, balki Alloh taolo borlig‘imizga jo qilgan ichki yo‘naltirgich, ya’ni fitratimizdir.
Bu ichki yo‘naltirgich ba’zan to‘g‘ri tomonni ko‘rsatmayotgandek tuyuladi. Dunyo tashvishlari, nafs istaklari ko‘payib ketganida, u sarson bo‘ladi yo qotib qoladi. Shunda biz uni buzildi deb o‘ylaymiz. Lekin fitrat buzilmaydi, shunchaki biz unga ahamiyat bermay qo‘ygan bo‘lamiz. Ba’zilar bu yo‘naltirgichni boshqalarning qo‘liga berib qo‘yadi...
Yo‘nalishini yo‘qotgan odam to‘g‘ri yo‘lga qaytishi kerak. Bu qaytish shunchaki bir manzilga qaytib borishmas, balki ichki dunyomizdagi tarqoqlikni jamlash, fitratimizga qaytishdir. Shunda inson dunyoning “hammasiga erishish” vasvasasidan xalos bo‘ladi. O‘tmishdagi xato va sinovlardan ibrat oladi, ammo ularni o‘ziga og‘ir yuk qilib olmaydi. Boshqalardan va hayotdan juda ko‘p narsa kutishni to‘xtatadi...
Haqiqiy xotirjamlik – hamma narsa mukammal bo‘lishi deganimas. Inson o‘z harakat doirasi chegarasiga yetganida Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lsa xotirjamlik topadi. Bu loqaydlik emas.
Musulmon kishi ham xursand bo‘ladi, qayg‘uradi, boshqalar kabi yashaydi. Lekin u o‘tkinchi tuyg‘ular, orzu-havaslar aro sarson bo‘lib qolmaydi. Chunki dunyodagi har bir holat vaqtinchalik sinov ekanini yaxshi anglaydi.
Inson o‘zligiga qaytganida boshqalarning yukini yelkasiga olishga urinmaydi. Yordam beradi, lekin har kim o‘z qismati va qilmishi uchun o‘zi mas’ul ekanini tushunadi. Boshqalarning aybiga qaramay, o‘z xatolarini tuzatish bilan band bo‘ladi. Muhimi, har ishida shoshqaloqlik qilmaydi. Chunki oxiratga va ma’naviy kamolotga eltuvchi yo‘lni shoshib bosib o‘tib bo‘lmasligini biladi.
Aytilganidek: “Kim o‘zini tanisa, Rabbini taniydi”. Bu martabaga erishgan qalb esa hech qachon adashmaydi.
Abdulatif ABDULLOH