Muharram oyining 1-kuni — 2026 yil 16 iyun, seshanba kuniga to‘g‘ri kelmoqda.
Muharram — hijriy taqvimning birinchi oyi bo‘lib, Qur’oni karimda zikr qilingan to‘rt ulug‘ va hurmatli oylardan biridir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yangi chiqqan oyni ko‘rganlarida shunday duo qilardilar:
اللَّهُمَّ أَهِلَّهُ عَلَيْنَا بِالْيُمْنِ وَالْإِيمَانِ وَالسَّلَامَةِ وَالْإِسْلَامِ رَبِّي وَرَبُّكَ اللهُ
O‘qilishi:
«Allohumma ahillahu alayna bil-yumni val-iymani, vas-salaamati val-Islami, Robbiy va Robbukalloh».
Ma’nosi:
«Ey Allohim! Bu oyni bizlarga baraka va imon, salomatlik va Islom oyi qilgin! Ey hilol, mening ham, sening ham Robbing Allohdir!»
Yangi 1448-hijriy yilda Alloh taolo xonadonlarimizga tinchlik va baraka, qalblarimizga mustahkam iymon bersin va hayotimizda bizni solih amallarga muvaffaq aylasin!
1448 hijriy yil — muborak bo‘lsin!
#hijriy_1448_yil #yangi_oy_e’loni #yangi_hijriy_yil
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Chirchiq shahrida kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga quvonch ulashishga qaratilgan saxovat tadbiri o‘tkazildi.
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov tadbirda ishtirok etib, bolajonlarga samimiy tilaklar bildirdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent viloyati filiali ko‘magida 35 nafar bolaning har biriga velosiped va turli sovg‘alar berildi. Shuningdek, tadbirda saxovatpesha homiylar tomonidan bayramona dasturxon yozilib, bolajonlar uchun ko‘ngilochar va bayramona dastur tashkil etildi.
Bunday xayrli tashabbuslar yurtimizda inson qadri, oila va bolalar manfaatlariga yuksak e’tibor qaratilayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Saxovat tadbiri bolajonlarga unutilmas quvonch bag‘ishlab, ularning qalbida Vatanga muhabbat va ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Toshkent viloyati vakilligi Matbuot xizmati