Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shaxsan o‘zlari poyga musobaqalarini tashkillashtirar edilar. Otlar poygasi bo‘lardi, g‘oliblarga mukofotlar ham berilardi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning g‘oyatda tez yuguradigan Azbo nomli tuyalari bo‘lib, u poygalarda hech kimga yengilmas, undan hech kim o‘zib keta olmas edi.
Kunlardan birida badaviy (a’robiy) o‘zining yosh tuyasida kelib, Azbodan o‘zib ketdi. Bu voqea musulmonlarga juda og‘ir botdi va ular xafa bo‘lishdi. Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalariga taskin berib:
"Dunyoda biror narsani ko‘tarib (yuksaltirib) qo‘ysa, uni pastlatib (quyiga tushirib) qo‘yish Allohning zimmasidagi haqdir".
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni bizga payg‘ambar qilib yuborgan Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsin. Bizni barcha yaxshiliklarga yo‘llagan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga cheksiz salavotlar bo‘lsin. U zot sollallohu alayhi vasallam yaxshilikning barcha eshiklarini bizga ochib berganlar.
Davron NURMUHAMMAD
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolarning murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
12 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning arz, taklif va murojaatlarini tingladilar. Yuzma-yuz suhbat jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid ko‘plab masalalar chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi qabullar va fuqarolar bilan muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni imom-xatiblar tomonidan o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati