Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Sentabr, 2026   |   4 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:03
Peshin
12:18
Asr
16:43
Shom
18:37
Xufton
19:52
Bismillah
15 Sentabr, 2026, 4 Rabi`us soni, 1448

“Egizak”lar

19.06.2026   24661   3 min.
“Egizak”lar

Ota-onaga yaxshilik qilish bilan hayotda muvaffaqiyatga erishishni shartli ravishda “egizak”lar deyish mumkin! Chunki birinchisi bor joyda albatta ikkinchisi bo‘ladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhu xonasidan chiqib, onasining hujrasi oldidan o‘tayotganida uning eshigi oldida to‘xtar va: “Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh, onajon!” derdi. Onasi javoban: “Va alaykum assalom va rohmatullohi va barokatuh, bolajonim!” deb alik olardi. So‘ng o‘g‘il: “Meni kichikligimda tarbiyalaganingizdek, Alloh sizga rahm qilsin!” der, ona: “Keksayganimda menga yaxshilik qilganingdek, Alloh senga rahm aylasin!” derdi. Abu Hurayra roziyallohu anhu bu ishni har kuni qilardi.

Yodda tutingki, baxt-saodat turlari qancha ko‘p bo‘lmasin, ular ichra eng go‘zali ota-ona duosidir! Kimki ota-onasi duosiga muyassar bo‘lib yashasa, ular xizmatida qoim tursa, uning bandalik maqomi ko‘tariladi, hayoti davomida muvaffaqiyatlarga noil bo‘ladi!

Buyuk tobeinlardan Hujr ibn Adiy onasining to‘shagini o‘z qo‘li bilan solib, yumshoq va tekisligiga ishonch hosil qilgach, onasini yotqizardi.

Shu zamonamizda bir yigit masjid sovitkich (konditsioner)larini sozlash bilan shug‘ullanar ekan. Undan qancha maosh olishi haqida so‘rashganida, onasi unga masjiddagi ishi uchun maosh olmaslikni nasihat qilgani, shu bois u masjidlardan mutlaqo haq olmasligini aytdi. Farzandi ongiga shunday go‘zal tushunchani singdirgan onaga tasanno! Onasining nasihatini mahkam tutib, unga hurmat ko‘rsatayotgan u yigitga ofarin!

Endi buning mutlaqo aksi bo‘lgan holat – ota-onaga yaxshilik qilmagan holatda ham bu yomon illat bilan yutqiziq, xorlik “egizak”dir. Unday banda dunyoda ham, oxiratda ham haqiqiy maqom-martaba, ehtirom topmaydi.

Bir yigit otasi vafotidan keyin onasini qariyalar uyiga olib borib, bir-bir xabar olib turadigan bo‘libdi. Bir kuni qariyalar uyidan onasining o‘lim yoqasida ekani haqida xabar kelibdi. O‘g‘il onasi tirigida bir ko‘rib qolish maqsadida darhol yetib boribdi. Onasidan so‘rabdi: “Onajon, siz uchun nima qilishimni xohlaysiz?”. Onasi: “Yelparrak olib berishingni istayman, chunki bu yerda dimiqib ketyapman. Yegulik saqlash uchun muzlatkich ham olib bersang. Necha kundan beri och uxlayapman”, debdi. O‘g‘il bu gaplardan hayron qolib: “Axir nega bu narsalarni endi so‘rayapsiz? Nega avvalroq aytmadingiz?” debdi. Onasi ma’yus holda: “O‘g‘lim, men-ku issiqqa ham, ochlikka ham ko‘nikdim. Lekin ertaga sen ham qarib, bolalaring bu yerga olib kelishganida qiynalmagin, deb aytyapman”, deya javob beribdi.

Ota-onasiga yetarlicha ehtirom va yaxshilik qilmayotganlar o‘zlarini o‘nglab, ko‘zlarini ochib olishsin! Shayx Ali Tantoviy rahimahulloh aytadi: “Onasining yaxshiligini unutgan yoki onasiga bitta gap bilan bo‘lsa ham ozor beradigan odamni ko‘rsangiz, unga aslo ishonmang, ishlaringizni unga topshirmang! Onasining yaxshiligini bilmagan boshqaning yaxshiligini bilarmidi, qadriga yetarmidi?!”.


Hasson Shamsiy Poshoning “Metin qoyalar” kitobidan
Ne’matulloh Isom, G‘iyosiddin Habibulloh tarjimasi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Toshkentda O‘zbekiston va Pokiston turizm sohasi vakillarining B2B formatidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

14.09.2026   13988   1 min.
Toshkentda O‘zbekiston va Pokiston turizm sohasi vakillarining B2B formatidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Toshkentda O‘zbekiston va Pokistonning Karachi shahri turistik biznesi vakillari ishtirokida B2B formatidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasidagi bevosita aloqalarni kengaytirish, yangi turizm mahsulotlarini yaratishga bag‘ishlangan tadbir “Centrum Air” aviakompaniyasi tomonidan tashkil etildi. Uchrashuv Toshkent–Karachi yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan “FAM Trip” tanishtiruv turi doirasida o‘tkazildi.

Joriy yilning 10–12 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan tashrif davomida Karachi turizm biznesining 10 nafar vakili O‘zbekistonga keldi. Delegatsiya Toshkent va Samarqandning tarixiy, madaniy va diqqatga sazovor sayyohlik maskanlari hamda mamlakatning zamonaviy turizm infratuzilmasi bilan tanishdi.

B2B formatidagi uchrashuvda O‘zbekistonning turizm salohiyati va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari taqdimoti o‘tkazildi. Unda Pokiston bozorida Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivani qamrab oluvchi tarixiy-madaniy yo‘nalishlar, Buyuk Ipak yo‘li yo‘nalishlari, gastronomik, ekologik va ziyorat turizmini targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratildi.

Ikki mamlakat turizm sohasi vakillari qo‘shma turpaketlarni ishlab chiqish, yangi yo‘nalishlarni shakllantirish hamda O‘zbekiston va Pokiston bozorlarida turistik mahsulotlarni ilgari surish masalalarini muhokama qildi.

Ta’kidlanganidek, Karachi va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovning yo‘lga qo‘yilishi turizm yo‘nalishlari, jumladan, “Karachi–Toshkent–Samarqand” yo‘nalishini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi va kelgusida O‘zbekistonning boshqa sayyohlik markazlarini ham qamrab olish imkonini beradi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari