Ota-onaga yaxshilik qilish bilan hayotda muvaffaqiyatga erishishni shartli ravishda “egizak”lar deyish mumkin! Chunki birinchisi bor joyda albatta ikkinchisi bo‘ladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhu xonasidan chiqib, onasining hujrasi oldidan o‘tayotganida uning eshigi oldida to‘xtar va: “Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh, onajon!” derdi. Onasi javoban: “Va alaykum assalom va rohmatullohi va barokatuh, bolajonim!” deb alik olardi. So‘ng o‘g‘il: “Meni kichikligimda tarbiyalaganingizdek, Alloh sizga rahm qilsin!” der, ona: “Keksayganimda menga yaxshilik qilganingdek, Alloh senga rahm aylasin!” derdi. Abu Hurayra roziyallohu anhu bu ishni har kuni qilardi.
Yodda tutingki, baxt-saodat turlari qancha ko‘p bo‘lmasin, ular ichra eng go‘zali ota-ona duosidir! Kimki ota-onasi duosiga muyassar bo‘lib yashasa, ular xizmatida qoim tursa, uning bandalik maqomi ko‘tariladi, hayoti davomida muvaffaqiyatlarga noil bo‘ladi!
Buyuk tobeinlardan Hujr ibn Adiy onasining to‘shagini o‘z qo‘li bilan solib, yumshoq va tekisligiga ishonch hosil qilgach, onasini yotqizardi.
Shu zamonamizda bir yigit masjid sovitkich (konditsioner)larini sozlash bilan shug‘ullanar ekan. Undan qancha maosh olishi haqida so‘rashganida, onasi unga masjiddagi ishi uchun maosh olmaslikni nasihat qilgani, shu bois u masjidlardan mutlaqo haq olmasligini aytdi. Farzandi ongiga shunday go‘zal tushunchani singdirgan onaga tasanno! Onasining nasihatini mahkam tutib, unga hurmat ko‘rsatayotgan u yigitga ofarin!
Endi buning mutlaqo aksi bo‘lgan holat – ota-onaga yaxshilik qilmagan holatda ham bu yomon illat bilan yutqiziq, xorlik “egizak”dir. Unday banda dunyoda ham, oxiratda ham haqiqiy maqom-martaba, ehtirom topmaydi.
Bir yigit otasi vafotidan keyin onasini qariyalar uyiga olib borib, bir-bir xabar olib turadigan bo‘libdi. Bir kuni qariyalar uyidan onasining o‘lim yoqasida ekani haqida xabar kelibdi. O‘g‘il onasi tirigida bir ko‘rib qolish maqsadida darhol yetib boribdi. Onasidan so‘rabdi: “Onajon, siz uchun nima qilishimni xohlaysiz?”. Onasi: “Yelparrak olib berishingni istayman, chunki bu yerda dimiqib ketyapman. Yegulik saqlash uchun muzlatkich ham olib bersang. Necha kundan beri och uxlayapman”, debdi. O‘g‘il bu gaplardan hayron qolib: “Axir nega bu narsalarni endi so‘rayapsiz? Nega avvalroq aytmadingiz?” debdi. Onasi ma’yus holda: “O‘g‘lim, men-ku issiqqa ham, ochlikka ham ko‘nikdim. Lekin ertaga sen ham qarib, bolalaring bu yerga olib kelishganida qiynalmagin, deb aytyapman”, deya javob beribdi.
Ota-onasiga yetarlicha ehtirom va yaxshilik qilmayotganlar o‘zlarini o‘nglab, ko‘zlarini ochib olishsin! Shayx Ali Tantoviy rahimahulloh aytadi: “Onasining yaxshiligini unutgan yoki onasiga bitta gap bilan bo‘lsa ham ozor beradigan odamni ko‘rsangiz, unga aslo ishonmang, ishlaringizni unga topshirmang! Onasining yaxshiligini bilmagan boshqaning yaxshiligini bilarmidi, qadriga yetarmidi?!”.
Hasson Shamsiy Poshoning “Metin qoyalar” kitobidan
Ne’matulloh Isom, G‘iyosiddin Habibulloh tarjimasi
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi