27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillari o‘rtasida stol tennisi bo‘yicha an’anaviy «Jurnalistlar kubogi – 2026» sport musobaqasi o‘tkazildi.
Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari, ijodkorlar va jurnalistlarni kasb bayrami bilan qutlash, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan ushbu turnirda ko‘plab soha vakillari ishtirok etdi.
Turnirning ochilish marosimida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Orif, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti rahbarining o‘rinbosari – Prezident Xalq qabulxonasi rahbari Farrux Omonov hamda O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi raisi Sherzod Qutbiyev va federatsiya kotibi Gavharxon Muqaddasovalar so‘zga chiqib, ishtirokchilarni qutladilar va bu kabi an’anaviy musobaqalar ijodkorlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Qizg‘in va do‘stona raqobat ruhida kechgan bahslarda ishtirokchilar yashil stol atrofida o‘z mahoratlarini namoyish etdilar. Yakunda g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Musobaqa ijodkorlarga yuqori kayfiyat bag‘ishlab, soha xodimlari uchun chinakam bayram tuhfasiga aylandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida halol sanoati yo‘nalishidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki mamlakat vakillari “Malaysia–Uzbekistan International Halal Fest 2027” xalqaro forumi va ko‘rgazmasini Toshkent shahrida o‘tkazish istiqbollarini muhokama qildilar.
Malayziyaning TWOJ CREATIVE SDN BHD kompaniyasi delegatsiyasi tomonidan taqdim etilgan loyiha halol sanoati ekotizimini rivojlantirish, xalqaro biznes aloqalarini mustahkamlash hamda yangi investitsiya loyihalarini shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Rejalashtirilayotgan festival doirasida xalqaro ko‘rgazma, biznes-forum va B2B uchrashuvlari, halol oziq-ovqat, turizm, moliya hamda ishlab chiqarish yo‘nalishlariga bag‘ishlangan maxsus ekspozitsiyalar, investitsiya sessiyalari, madaniy dasturlar va mahsulotlar taqdimotlarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu tadbir O‘zbekistonning halol mahsulotlar bozoridagi salohiyatini namoyish etish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi eksport imkoniyatlarini yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muzokaralar davomida JAKIM standartlari asosida halol sertifikatlashtirish tizimini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni xalqaro bozorlarga olib chiqish, fermer va tadbirkorlar uchun o‘quv-seminarlar hamda malaka oshirish dasturlarini tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.
Tomonlar festivalni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari, biznes hamjamiyati hamda tarmoq uyushmalarini jalb etgan holda qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Mutaxassislarning fikricha, “Malaysia–Uzbekistan International Halal Fest 2027” nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlaydi, balki investitsiyalarni jalb etish, halol sanoati infratuzilmasini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadigan muhim xalqaro maydonga aylanishi kutilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati