27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillari o‘rtasida stol tennisi bo‘yicha an’anaviy «Jurnalistlar kubogi – 2026» sport musobaqasi o‘tkazildi.
Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari, ijodkorlar va jurnalistlarni kasb bayrami bilan qutlash, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan ushbu turnirda ko‘plab soha vakillari ishtirok etdi.
Turnirning ochilish marosimida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Orif, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti rahbarining o‘rinbosari – Prezident Xalq qabulxonasi rahbari Farrux Omonov hamda O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi raisi Sherzod Qutbiyev va federatsiya kotibi Gavharxon Muqaddasovalar so‘zga chiqib, ishtirokchilarni qutladilar va bu kabi an’anaviy musobaqalar ijodkorlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Qizg‘in va do‘stona raqobat ruhida kechgan bahslarda ishtirokchilar yashil stol atrofida o‘z mahoratlarini namoyish etdilar. Yakunda g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Musobaqa ijodkorlarga yuqori kayfiyat bag‘ishlab, soha xodimlari uchun chinakam bayram tuhfasiga aylandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.
Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.
Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.
Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati