Hijriy taqvimi bo‘yicha yilning birinchi oyi Muharram bo‘lib, hurmatli oylar sirasiga kiradi. Alloh taolo Qur’oni karimda to‘rtta oyni – Muharram, Rajab, Zulqa’da va Zulhijjani hurmatli, ya’ni urush harom qilingan oylar deb zikr qilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ramazondan keyingi eng fazilatli ro‘za Allohning oyi Muharramdagi ro‘zadir” deb marhamat qilganlar (Imom Muslim rivoyati).
Muharram oyining o‘ninchi kuni Ashuro kuni deb ataladi. “Ashuro” so‘zi arabcha “ashara”, o‘n sonidan olingan bo‘lib, aynan oyning o‘ninchi kuniga ishora qiladi. Bu kun islom tarixida va undan avvalgi ummatlarda ham ulug‘ ahamiyat kasb etgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilganlarida, yahudiylarning Ashuro kuni ro‘za tutayotganini ko‘rdilar va buning sababini so‘radilar. Ular: “Bu Allohning Muso alayhissalomni va Bani Isroilni Fir’avndan qutqargan kunidir, Muso alayhissalom bu kuni shukronalik yuzasidan ro‘za tutganlar” deb javob berdilar. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Biz Musoga ulardan ko‘ra haqliroqmiz” deb, o‘zlari ham ro‘za tutdilar va sahobalarga ham ro‘za tutishni buyurdilar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Ashuro ro‘zasi tutishning fazilati haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Ashuro kuni tutiladigan ro‘za bir yillik gunohlarni kaforat qiladi deb umid qilaman” (Imom Muslim rivoyati). Bu katta fazilat bo‘lib, Allohning bandalariga ko‘rsatgan ulkan rahmatidir.
Shuningdek, ulamolar Ashuro ro‘zasini tutishda to‘rtta daraja borligini zikr etganlar. Muharramning to‘qqizinchi, o‘ninchi va o‘n birinchi kunlarida ro‘za tutish eng mukammal daraja, to‘qqizinchi va o‘ninchi kunlari ro‘za tutish ikkinchi daraja, o‘ninchi va o‘n birinchi kunlari ro‘za tutish uchinchi daraja, faqat o‘ninchi kun ro‘za tutish to‘rtinchi daraja. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ahli kitoblarga xilof qilish maqsadida to‘qqizinchi kunni ham Ashuro ro‘zasiga qo‘shib tutishni nazarda tutganlar.
Olimlar Ashuro kunida ko‘plab tarixiy voqealar yuz berganini zikr etganlar. Jumladan, Nuh alayhissalomning kemasi Judiy tog‘ida to‘xtagan, Muso alayhissalom va Bani Isroil Fir’avn zulmidan najot topgan, Ibrohim alayhissalom olovdan omon chiqqan, Yunus alayhissalom baliq qornidan qutulgan kun sifatida tilga olinadi. Bularning ichidagi eng asosiy va ishonchlirog‘i Muso alayhissalomning Fir’avndan najot topishidir. Bu Imom Buxoriy va Imom Muslim kabi muhaddislar naql qilgan sahih hadislar bilan sobitdir.
Ashuro kunida aza tutish, yig‘lash va boshqa marosimlarni o‘tkazish shariatda asosi yo‘q amallardir. Ahli sunna val jamoa ulamolari bunday amallardan qaytarganlar. Ashuro kuni shukronalik va toat-ibodat kunidir.
Muharram oyining 10-kuni joriy yil 25 iyun kuniga to‘g‘ri kelmoqda. Mazkur Ashuro kunida mo‘minga lozim bo‘lgan eng asosiy amal ro‘za tutishdir. Ro‘zaga qodir insonlar Muharramning to‘qqizinchi va o‘ninchi kunlarini qo‘shib tutsalar mustahab bo‘ladi. Shuningdek, bu kunda ko‘p zikr aytish, Allohga istig‘for aytish, nafl namozlar o‘qish, Qur’on tilovat qilish va duo qilish ibodatning go‘zal ko‘rinishlaridir.
Ashuro kuni oila a’zolari va yaqinlarga saxiylik qilish, moddiy ta’minotini yaxshilash, ehson qilish haqida ham ba’zi rivoyatlar zikr etilgan. Olimlar bu masalada turlicha fikr bildirgan bo‘lsalar-da, yaxshilik va saxiylik islom axloqining asosiy belgisi bo‘lgani bois, oila a’zolariga moddiy jihatdan kengchilik qilish savobli amallar sarasiga kiradi.
Muharram oyi va Ashuro kuni islom ummatiga Alloh taolo tomonidan ato etilgan muborak fursatdir. Alloh taolo barchamizni Ashuro ro‘zasini ixlos bilan tutishga muyassar etsin.
Toshkent islom instituti “Qur’on ilmlari” kafedrasi
o‘qituvchisi Zafar qori Mahmudov
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nomiga xorijiy davlatlar rahbarlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar hamda xalqaro anjumanlar ishtirokchilari tomonidan yo‘llanayotgan minnatdorlik va hamkorlik maktublari Markazning xalqaro maydondagi yuksak nufuzi tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat bermoqda.
Xususan, Malayziya Qirolichasi Raja Zarit Sofiya Zoti Oliyalari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov nomiga yo‘llagan minnatdorlik maktubida O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida ko‘rsatilgan yuksak mehmondo‘stlik va samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirgan. Shuningdek, Qirolicha O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif unda unutilmas taassurot qoldirganini ta’kidlab, Markaz ekspozitsiyalari Markaziy Osiyoning boy tarixi, madaniy merosi hamda Islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalarning ilmiy-ma’naviy merosini zamonaviy muzey yechimlari orqali keng va ta’sirchan tarzda namoyon etayotganini yuqori baholagan. Ayniqsa, Qur’on zalidagi ma’naviy muhit va noyob meros namunalari unda katta hurmat va hayrat tuyg‘ularini uyg‘otgani qayd etilgan.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda 2026 yil 7–11 iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi yuksak xalqaro e’tirofga sazovor bo‘lmoqda. Forum yakunlaridan so‘ng nufuzli xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar va jamoat arboblari tomonidan minnatdorlik hamda hamkorlikni rivojlantirishga oid qator maktublar kelib tushdi.
Malayziya Xalqaro Islom universiteti (International Islamic University Malaysia – IIUM) huzuridagi Office of Strategic Institution Transformation rahbari, professor Shukron bin Abd Rahmon o‘z maktubida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumining xalqaro ahamiyatiga alohida to‘xtalgan. Uning qayd etishicha, 40 dan ortiq mamlakatdan olimlar, davlat arboblari va xalqaro tashkilotlar vakillarini birlashtirgan mazkur anjuman islom sivilizatsiyasining tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini targ‘ib etish, davlatlar o‘rtasidagi ilmiy muloqot va akademik hamkorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutdi. Shuningdek, forumning yuqori saviyada tashkil etilgani, ishtirokchilar uchun yaratilgan sharoitlar hamda O‘zbekistonning boy ilmiy va ma’naviy merosi xalqaro jamoatchilikka munosib tarzda namoyon etilgani e’tirof etildi.
Rossiyaning “Rossiya – Islom dunyosi” strategik qarash guruhi tomonidan yuborilgan ikki alohida maktubda ham Forum va Markaz faoliyatiga yuksak baho berildi. Xususan, mazkur maktublarda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi XXI asr islom olamidagi eng yirik gumanitar va madaniy-ma’rifiy loyihalardan biri sifatida baholanib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu tashabbusni amalga oshirishdagi yetakchi o‘rni va Markazni ilm-fan, tinchlik, ma’rifat, gumanizm hamda bunyodkorlik maskani sifatida shakllantirishga qaratilgan sa’y-harakatlari alohida e’tirof etilgan.
Shu bilan birga, Markazning kelgusida dunyo olimlari, tadqiqotchilari va talabalari uchun nufuzli ilmiy-ma’rifiy markazga aylanishiga ishonch bildirilib, muzeyshunoslik, tarix, arxeologiya, ta’lim, kitobshunoslik va nashriyotchilik sohalarida qo‘shma ilmiy va madaniy loyihalarni amalga oshirishga tayyorlik bildirilgan.
Iordaniya Hoshimiylar Qirolligi Madaniyat vazirligi Bosh kotibi professor Nidal Al-Ahmad ham o‘z maktubida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi yuksak saviyada tashkil etilganini ta’kidlab, anjuman Islom sivilizatsiyasining insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasini xalqaro maydonda yana bir bor namoyon etganini qayd etgan. Shuningdek, turli mamlakatlardan tashrif buyurgan olimlar, davlat va din arboblarini bir maydonga jamlagan mazkur forum tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini ilgari surishga xizmat qiluvchi muhim xalqaro muloqot platformasiga aylangani ta’kidlangan.
Markazning xalqaro maydondagi faoliyatiga bildirilayotgan yuksak ishonchning yana bir amaliy ifodasi sifatida ICESCO ning Boku shahridagi mintaqaviy ofisi tomonidan Markaz rahbariyatiga 2026 yil 27–28 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan Global Foresight Focal Points Initiative xalqaro tadbirida ishtirok etish uchun rasmiy taklifnoma yuborildi. Taklifda ICESCOga a’zo davlatlarda strategik prognozlash, davlat boshqaruvida innovatsion yondashuvlarni joriy etish va kelajakni rejalashtirish sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgani qayd etilgan.
Xorijiy davlatlar rahbarlari, nufuzli olimlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan bildirilgan mazkur e’tiroflar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining qisqa vaqt ichida xalqaro ilmiy-ma’rifiy hamkorlikning muhim platformalaridan biriga aylanganini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu esa Markaz tomonidan islom sivilizatsiyasining boy ilmiy va madaniy merosini o‘rganish, asrab-avaylash va jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro darajada yuksak baholanayotganining yorqin ifodasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati