Hijriy taqvimi bo‘yicha yilning birinchi oyi Muharram bo‘lib, hurmatli oylar sirasiga kiradi. Alloh taolo Qur’oni karimda to‘rtta oyni – Muharram, Rajab, Zulqa’da va Zulhijjani hurmatli, ya’ni urush harom qilingan oylar deb zikr qilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ramazondan keyingi eng fazilatli ro‘za Allohning oyi Muharramdagi ro‘zadir” deb marhamat qilganlar (Imom Muslim rivoyati).
Muharram oyining o‘ninchi kuni Ashuro kuni deb ataladi. “Ashuro” so‘zi arabcha “ashara”, o‘n sonidan olingan bo‘lib, aynan oyning o‘ninchi kuniga ishora qiladi. Bu kun islom tarixida va undan avvalgi ummatlarda ham ulug‘ ahamiyat kasb etgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilganlarida, yahudiylarning Ashuro kuni ro‘za tutayotganini ko‘rdilar va buning sababini so‘radilar. Ular: “Bu Allohning Muso alayhissalomni va Bani Isroilni Fir’avndan qutqargan kunidir, Muso alayhissalom bu kuni shukronalik yuzasidan ro‘za tutganlar” deb javob berdilar. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Biz Musoga ulardan ko‘ra haqliroqmiz” deb, o‘zlari ham ro‘za tutdilar va sahobalarga ham ro‘za tutishni buyurdilar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Ashuro ro‘zasi tutishning fazilati haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Ashuro kuni tutiladigan ro‘za bir yillik gunohlarni kaforat qiladi deb umid qilaman” (Imom Muslim rivoyati). Bu katta fazilat bo‘lib, Allohning bandalariga ko‘rsatgan ulkan rahmatidir.
Shuningdek, ulamolar Ashuro ro‘zasini tutishda to‘rtta daraja borligini zikr etganlar. Muharramning to‘qqizinchi, o‘ninchi va o‘n birinchi kunlarida ro‘za tutish eng mukammal daraja, to‘qqizinchi va o‘ninchi kunlari ro‘za tutish ikkinchi daraja, o‘ninchi va o‘n birinchi kunlari ro‘za tutish uchinchi daraja, faqat o‘ninchi kun ro‘za tutish to‘rtinchi daraja. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ahli kitoblarga xilof qilish maqsadida to‘qqizinchi kunni ham Ashuro ro‘zasiga qo‘shib tutishni nazarda tutganlar.
Olimlar Ashuro kunida ko‘plab tarixiy voqealar yuz berganini zikr etganlar. Jumladan, Nuh alayhissalomning kemasi Judiy tog‘ida to‘xtagan, Muso alayhissalom va Bani Isroil Fir’avn zulmidan najot topgan, Ibrohim alayhissalom olovdan omon chiqqan, Yunus alayhissalom baliq qornidan qutulgan kun sifatida tilga olinadi. Bularning ichidagi eng asosiy va ishonchlirog‘i Muso alayhissalomning Fir’avndan najot topishidir. Bu Imom Buxoriy va Imom Muslim kabi muhaddislar naql qilgan sahih hadislar bilan sobitdir.
Ashuro kunida aza tutish, yig‘lash va boshqa marosimlarni o‘tkazish shariatda asosi yo‘q amallardir. Ahli sunna val jamoa ulamolari bunday amallardan qaytarganlar. Ashuro kuni shukronalik va toat-ibodat kunidir.
Muharram oyining 10-kuni joriy yil 25 iyun kuniga to‘g‘ri kelmoqda. Mazkur Ashuro kunida mo‘minga lozim bo‘lgan eng asosiy amal ro‘za tutishdir. Ro‘zaga qodir insonlar Muharramning to‘qqizinchi va o‘ninchi kunlarini qo‘shib tutsalar mustahab bo‘ladi. Shuningdek, bu kunda ko‘p zikr aytish, Allohga istig‘for aytish, nafl namozlar o‘qish, Qur’on tilovat qilish va duo qilish ibodatning go‘zal ko‘rinishlaridir.
Ashuro kuni oila a’zolari va yaqinlarga saxiylik qilish, moddiy ta’minotini yaxshilash, ehson qilish haqida ham ba’zi rivoyatlar zikr etilgan. Olimlar bu masalada turlicha fikr bildirgan bo‘lsalar-da, yaxshilik va saxiylik islom axloqining asosiy belgisi bo‘lgani bois, oila a’zolariga moddiy jihatdan kengchilik qilish savobli amallar sarasiga kiradi.
Muharram oyi va Ashuro kuni islom ummatiga Alloh taolo tomonidan ato etilgan muborak fursatdir. Alloh taolo barchamizni Ashuro ro‘zasini ixlos bilan tutishga muyassar etsin.
Toshkent islom instituti “Qur’on ilmlari” kafedrasi
o‘qituvchisi Zafar qori Mahmudov
AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.
Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.
Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.
Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:
«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».
Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.
Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati