O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan tizimda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish maqsadida haftaning har juma kuni “Sport kuni” deb belgilangan.
Mazkur xayrli tashabbusning amaliy ijrosi sifatida Diniy idora xodimlari o‘rtasida stol tennisi bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi. Musobaqaning saralash bosqichlari yuqori saviyada tashkil etilib, eng kuchli 15 nafar ishtirokchi final bosqichiga yo‘l olgan edi.
Bugun, 19 iyun kuni musobaqaning 1/8 final, chorak final, yarim final va hal qiluvchi final bosqichlari qizg‘in va do‘stona ruhda bo‘lib o‘tdi. Murosasiz bahslar natijasiga ko‘ra quyidagi xodimlar g‘oliblikni qo‘lga kiritdi:
1-o‘rin: Abdusamad Samug‘jonov
2-o‘rin: Saidahror Umarxonov
3-o‘rin: Sherzod Karimov
4-o‘rin: Ne’mat Musayev
"Faxriy ishtirokchi" nominatsiyasi: Nabibulloh Rafiqov
Mazkur sport tadbiri orqali xodimlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Kuchli mo‘min kuchsiz mo‘mindan ko‘ra Allohga yaxshiroq va sevimliroqdir» (Imom Muslim rivoyati) degan muborak hadislariga amal qilib, o‘zlarining chaqqonlik va sportdagi mahoratlarini namoyish etdi.
Bu kabi musobaqalar xodimlar o‘rtasida o‘zaro ahillik, hamjihatlik muhitini kuchaytirishga hamda ish unumdorligini oshirishga xizmat qiladi.
G‘olib va sovrindorlarni muborakbod etamiz!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Yangi o‘quv yili va mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Qashqadaryo viloyatida yana bir xayrli tashabbus amalga oshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi va saxovatpesha yurtdoshlarimiz hamkorligida Qarshi shahridagi 100 nafar ehtiyojmand oila farzandiga yangi o‘quv qurollari to‘plamlari beg‘araz topshirildi.
Qo‘lida yangi portfel va kitob-daftar tutgan jajji o‘quvchilarning yuzidagi samimiy tabassum va quvonch bu ezgu ishning naqadar qadrli ekanini ko‘rsatdi. Zero, ilm istagan qalbga qanot bo‘lish — eng ulug‘ savoblardandir.
Tadbir yakunida xayriyada hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlar haqiga duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati