Savol: Men bir hadis o‘qib qoldim. Unda otaga imomlik qilib bo‘lmaydi, deyilgan. Otaga imomlik qilib bo‘lmaydimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytgan hadis emas, balki tobeinlarning ulug‘ olimlaridan bo‘lgan Ato ibn Abu Raboh rahimahullohga mansub gapdir. U zot o‘z so‘zlarini otaga ehtirom ko‘rsatish, uning oldida odob bilan turishga targ‘ib ma’nosida aytganlar. Fiqhiy qoidalarga ko‘ra har bir masjidda unga tayinlangan doimiy imomi eng haqli bo‘ladi. Hatto otasi yoki undan ko‘ra faqih yoki taqvodorroq odam turganda ham u imomlikka o‘tishga haqli bo‘laveradi.
Shuningdek, namoz qoidalari va qiroatni namozni ado etadigan darajada biladigan inson o‘z uyida imomlikka o‘tishda boshqalardan ko‘ra haqli hisoblanadi. Bu holatda ota va boshqalar teng bo‘ladi. Faqatgina sulton yoki uning noibi uy egasi va masjid imomidan ko‘ra haqli sanaladi. Inson yoki doimiy imom o‘zi haqli bo‘lsa-da, o‘sha yerda undan afzalroq odam bo‘lsa, unga imomlikka o‘tishni taklif qilishi mustahab sanaladi.
Demak, farzand o‘z uyida yoki o‘zi imom bo‘lgan masjidda imomlikka o‘tishi otadan ko‘ra haqli bo‘lsa-da, unga taklif qilish yoki uning ruxsati bilan o‘zi o‘tishi afzal va odob hisoblanadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyati filialining fidoyi xodimlari va volontyorlari tomonidan saxovatpesha xalqimiz tomonidan qilingan xayr-ehsonlar ezgu maqsadlar yo‘lida sarflanmoqda.
Navbatdagi xayriya tadbiri doirasida Uchko‘prik tumanida yashovchi, jigar sirrozi kasalligiga chalingan og‘ir bemor Kazakov Ilyosjon Yoqubovichning holidan xabar olinib, unga jarrohlik amaliyoti xarajatlari uchun 132 million 500 ming so‘m miqdorida xayriya mablag‘i, oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi, Mus'haf va boshqa ehsonlar topshirildi.
Bugun bemorlar va ehtiyojmand insonlarga ko‘rsatilayotgan bunday ko‘mak — xalqimizning mehr-oqibati, saxovati va hamjihatligining yorqin ifodasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati