Ibn Atoulloh Sakandariy rahimahulloh aytadilar: “Agar Alloh huzuridagi qadringni bilmoqchi bo‘lsang, U seni nimada mashg‘ul qilib qo‘yganiga nazar sol”.
Sharh: Insonlar odatda o‘z qadrini molu dunyosi, lavozimi, ilm darajasi yoki xalq orasidagi obro‘si bilan o‘lchaydilar. Ammo Alloh nazdidagi haqiqiy qadr dunyo matohlari, obro‘-e’tibor bilan emas, balki insonning nimaga muvaffaq qilingani bilan bilinadi.
Agar Alloh taolo bandasini:
namozga,
Qur’on tilovatiga,
ilm o‘rganish va o‘rgatishga,
ota-ona xizmatiga,
odamlarga manfaat yetkazishga,
yaxshi axloq va solih amallarga muvaffaq qilgan bo‘lsa, bu Allohning unga bo‘lgan lutfi va ehsonidan dalolat.
Allohning nazdidagi qadringni bilishni istasangiz, tilingizni nima bilan, qalbing nima bilan va umringizni nima bilan o‘tayotganiga qarang. Chunki Alloh bandasini O‘zi yaxshi ko‘rgan ishlarda ishlatadi.
Aksincha, inson vaqtini behuda ishlarga, gunohlarga, g‘iybatga, dunyoparastlikka sarflayotgan bo‘lsa, bu uning ziyonda ekani, o‘zini jiddiy hisob-kitob qilib, tavba qilmasa U Zotning azobiga qolishiga sabab bo‘ladi.
Bu hikmat “Alloh menga nima berdi?” degan savoldan ko‘ra, “Alloh meni nimaga muvaffaq qildi?” degan savol muhimroq ekanini o‘rgatadi. Chunki ne’matning eng buyugi – Allohga yaqinlashtiruvchi amallarga muvaffaq bo‘lishdir.
Demak, har bir inson vaqti-vaqti bilan o‘ziga shunday savol berib turishi lozim: “Kunlarim nimalar bilan o‘tmoqda? Qalbim nimaga bog‘langan? Ko‘proq qaysi ishlar bilan mashg‘ulman?”.
Chunki bandaning Alloh nazdidagi maqomiga ishora qiluvchi muhim belgilardan biri – uning qaysi ishlarga muvaffaq qilib qo‘yilganidir.
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li
Avval xabar berganimizdek, Birinchi xalqaro islom sivilizatsiyasi forum doirasida yalpi majlislar va sho‘ba yig‘ilishlari qizg‘in ruhda o‘tkazildi.
Xususan, "Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar: Uchinchi Renessansning innovatsion g‘oyalari va strategik yo‘nalishlari" mavzusidagi III yalpi majlis doirasida Din ishlari bo‘yicha vazirlar sho‘basi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu nufuzli tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiq Toshboyev, Ozarbayjon Respublikasi Diniy tashkilotlar bilan aloqalar qo‘mitasi raisi Ramin Mamedov, Malayziya Din ishlari vaziri Zulkifli Hasan, Qozog‘iston Respublikasi Din ishlari qo‘mitasi raisi Anvar Xatiyev hamda Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Din ishlari va millatlararo munosabatlar milliy agentligi direktori Talantbek Tashibekov kabi soha rahbarlari va xalqaro spikerlar ishtirok etdilar.
Sho‘ba yig‘ilishi davomida mahalliy va xalqaro spikerlar tomonidan Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga qaratilgan innovatsion g‘oyalar hamda strategik yo‘nalishlar haqida ma’ruzalar qilindi.
Muloqotlar chog‘ida xorijlik vazirlar va qo‘mita rahbarlari yurtimizda ajdodlar merosini asrab-avaylash, vijdon erkinligini ta’minlash hamda dinlararo bag‘rikenglikni mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho berdilar.
Shuningdek, mazkur o‘zgarishlar xalqaro hamkorlikni
yangi bosqichga olib chiqishda muhim platforma
bo‘lib xizmat qilayotganini alohida e’tirof etdilar.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
Axborot xizmati