Tarix dalolat beradiki, har qanday jamiyatning chinakam taraqqiyoti, millatning istiqboli uning ma’rifatli, sog‘lom va shijoatli avlodiga bog‘liq. Islom dini ta’limotida ham yoshlik davri inson umrining eng g‘animat, ayni kuch-quvvat va g‘ayratga to‘lgan fursat sifatida qadrlanadi.
30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan zamonaviy ilmlarga ega bo‘lgan yigit-qizlarimizning muvaffaqiyatlarini alohida e’tirof etish, ularga davlatimiz tomonidan qaratilayotgan alohida e’tiborni bir eslab o‘tish o‘rinlidir.
Darhaqiqat, navqiron avlodning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan e’tibor tezda o‘z mevalarini bermoqda. Birgina 2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari bo‘lgan maktab o‘quvchilari 29 ta xalqaro ilmiy olimpiadalarda jami 210 ta medalni qo‘lga kiritdi. Islom ta’limoti insoniyatga manfaat keltiruvchi har qanday foydali ilmni egallashga targ‘ib qilishini anglagan yoshlar ajdodlarimiz ilmiy merosini munosib davom ettirishmoqda.
Iqtisodiyot va zamonaviy kasblar yo‘nalishida ham yoshlarga berilgan imtiyozlar tub burilish yasadi. Raqamli texnologiyalar asrida yosh dasturchi va mutaxassislar uchun yaratilgan sharoitlar tufayli 2026 yilning faqatgina birinchi choragida (yanvar-mart) IT Park a’zolari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar eksporti hajmi 191,8 million dollardan oshib ketdi. Bu – o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 25 foizga ko‘p, degani. Bugun minglab yigit-qizlar halol mehnat bilan global bozorga dasturiy mahsulotlar eksport qilib, nafaqat o‘z oilasi, balki yurt farovonligiga hissa qo‘shmoqda.
Davlat tomonidan yoshlar bandligi va ijtimoiy himoyasini ta’minlash maqsadida yaratilgan mahallabay tizim ham yaxshi samara bermoqda. Birgina o‘tgan yil davomida «Yoshlar daftari» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 330 mingdan ziyod yigit-qizga ijtimoiy va iqtisodiy yordamlar ko‘rsatildi. Shu bilan birga, ijtimoiy sheriklik va xayr-saxovat an’analarimiz asosida «Vaqf» jamoat xayriya fondi tomonidan ham ko‘plab ijtimoiy himoyaga muhtoj, ayniqsa, boquvchisini yo‘qotgan va ehtiyojmand oilalar farzandlarining ta’lim shartnomalari to‘lab berilayotgani e’tiborga molik. Bu — xalqimizga xos bo‘lgan o‘zaro ko‘mak va mehr-oqibatning yorqin ifodasi bo‘lib, yoshlarning ilm olishiga berilayotgan ko‘makdir.
Butunjahon shaxmat olimpiadalarida tarixiy g‘alabalarni qo‘lga kiritib, reytingda yetakchilik qilayotgan yosh grossmeysterlarimiz, xalqaro maydonlarda yurt bayrog‘ini baland ko‘tarayotgan chempionlarimiz ana shu g‘amxo‘rlik va rag‘batning mahsulini ko‘rsatmoqda.
Mamlakatimizda tashkil etilgan Xalqaro islom akademiyasi, hadis va kalom ilmi maktablarida ham ko‘plab tolibi ilmlar diniy-ma’rifiy va dunyoviy fanlarni omuxta holda o‘zlashtirib, yurtimizdan yaqin kelajakda yana buyuk allomalar yetishib chiqishiga zamin yaratmoqda.
Tomirida Imom Buxoriy, Al-Xorazmiy va Mirzo Ulug‘beklar qoni oqayotgan bugungi shijoatli avlodning sa’y-harakatlari yurtimizni yanada yuksak cho‘qqilarga olib chiqishiga ishonamiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
24–29 avgust kunlari O‘zbekiston poytaxtida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tadbirning asosiy qismi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro ekspertlar va media sohasi mutaxassislari jam bo‘ladi.
Forum dasturidan tantanali ochilish marosimi, yalpi majlislar, mavzuga oid media-ko‘rgazmalar, matbuot anjumanlari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Sho‘ba yig‘ilishlari doirasida hujjatli kino va tarixiy xotira, nashriyot loyihalari, zamonaviy texnologiyalar, shuningdek, media sohasidagi xalqaro loyihalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston talabalari uchun jahon media sanoatining yetakchi mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, media mahsulotlar yaratish va xalqaro axborot makonida samarali faoliyat yuritish borasida tajriba almashadi.
27 avgust kuni forum qatnashchilari uchun Samarqand shahriga sayohat uyushtiriladi. Dastur doirasida mehmonlar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qiladi va shaharning tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Shuningdek, Toshkent shahrida xorijiy OAV vakillari uchun maxsus media-tur o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Forum 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va tantanali yopilish marosimi bilan o‘z ishini yakunlaydi. Xorijlik mehmonlar, O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati