Tarix dalolat beradiki, har qanday jamiyatning chinakam taraqqiyoti, millatning istiqboli uning ma’rifatli, sog‘lom va shijoatli avlodiga bog‘liq. Islom dini ta’limotida ham yoshlik davri inson umrining eng g‘animat, ayni kuch-quvvat va g‘ayratga to‘lgan fursat sifatida qadrlanadi.
30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan zamonaviy ilmlarga ega bo‘lgan yigit-qizlarimizning muvaffaqiyatlarini alohida e’tirof etish, ularga davlatimiz tomonidan qaratilayotgan alohida e’tiborni bir eslab o‘tish o‘rinlidir.
Darhaqiqat, navqiron avlodning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan e’tibor tezda o‘z mevalarini bermoqda. Birgina 2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari bo‘lgan maktab o‘quvchilari 29 ta xalqaro ilmiy olimpiadalarda jami 210 ta medalni qo‘lga kiritdi. Islom ta’limoti insoniyatga manfaat keltiruvchi har qanday foydali ilmni egallashga targ‘ib qilishini anglagan yoshlar ajdodlarimiz ilmiy merosini munosib davom ettirishmoqda.
Iqtisodiyot va zamonaviy kasblar yo‘nalishida ham yoshlarga berilgan imtiyozlar tub burilish yasadi. Raqamli texnologiyalar asrida yosh dasturchi va mutaxassislar uchun yaratilgan sharoitlar tufayli 2026 yilning faqatgina birinchi choragida (yanvar-mart) IT Park a’zolari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar eksporti hajmi 191,8 million dollardan oshib ketdi. Bu – o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 25 foizga ko‘p, degani. Bugun minglab yigit-qizlar halol mehnat bilan global bozorga dasturiy mahsulotlar eksport qilib, nafaqat o‘z oilasi, balki yurt farovonligiga hissa qo‘shmoqda.
Davlat tomonidan yoshlar bandligi va ijtimoiy himoyasini ta’minlash maqsadida yaratilgan mahallabay tizim ham yaxshi samara bermoqda. Birgina o‘tgan yil davomida «Yoshlar daftari» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 330 mingdan ziyod yigit-qizga ijtimoiy va iqtisodiy yordamlar ko‘rsatildi. Shu bilan birga, ijtimoiy sheriklik va xayr-saxovat an’analarimiz asosida «Vaqf» jamoat xayriya fondi tomonidan ham ko‘plab ijtimoiy himoyaga muhtoj, ayniqsa, boquvchisini yo‘qotgan va ehtiyojmand oilalar farzandlarining ta’lim shartnomalari to‘lab berilayotgani e’tiborga molik. Bu — xalqimizga xos bo‘lgan o‘zaro ko‘mak va mehr-oqibatning yorqin ifodasi bo‘lib, yoshlarning ilm olishiga berilayotgan ko‘makdir.
Butunjahon shaxmat olimpiadalarida tarixiy g‘alabalarni qo‘lga kiritib, reytingda yetakchilik qilayotgan yosh grossmeysterlarimiz, xalqaro maydonlarda yurt bayrog‘ini baland ko‘tarayotgan chempionlarimiz ana shu g‘amxo‘rlik va rag‘batning mahsulini ko‘rsatmoqda.
Mamlakatimizda tashkil etilgan Xalqaro islom akademiyasi, hadis va kalom ilmi maktablarida ham ko‘plab tolibi ilmlar diniy-ma’rifiy va dunyoviy fanlarni omuxta holda o‘zlashtirib, yurtimizdan yaqin kelajakda yana buyuk allomalar yetishib chiqishiga zamin yaratmoqda.
Tomirida Imom Buxoriy, Al-Xorazmiy va Mirzo Ulug‘beklar qoni oqayotgan bugungi shijoatli avlodning sa’y-harakatlari yurtimizni yanada yuksak cho‘qqilarga olib chiqishiga ishonamiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Bobur nomli xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik tarixshunos va boburshunos olimlardan iborat delegatsiyaning Pokistonga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif Bobur va Boburiylar davriga oid tarixiy-madaniy merosni o‘rganish, Pokiston hududida saqlanayotgan mazkur davrga oid tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar, eksponatlar va artefaktlar bilan tanishish, shuningdek, ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot va madaniy muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil eildi.
Delegatsiya a’zolari dastlab Lahor shahrida Boburiylar davriga oid tarixiy obidalar va manzilgohlarga tashrif buyurib, o‘rganishlar olib bordi. Xususan, Lahor muzeyi, Islom galereyasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalarida bo‘lib, mazkur muassasalarda qator ilmiy uchrashuvlar o‘tkazdi va boburiylar davriga oid tarixiy manbalar bilan tanishdi.
Lahor shahridagi Panjob universiteti rahbariyati bilan ilmiy va akademik hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Safar davomida mazkur universitet huzuridagi Boburiylar merosi markazi bilan hamkorlikda Boburiylar sulolasining 500 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Ishtirokchilar Bobur va Boburiylar tarixi, ularning Markaziy va Janubiy Osiyo tamaddunidagi o‘rni, mazkur davrning siyosiy, madaniy va ilmiy merosini o‘rganish masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston olimlari Islomobod shahrida Pokiston Milliy tilni rivojlantirish departamenti rahbariyati Quaid-i-A’zam universiteti, Alloma Iqbol universiteti, Pokiston Milliy kutubxonasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalariga tashrif buyurib, qo‘lyozmalar, boburiylar davriga oid eksponatlar va boshqa tarixiy manbalar bilan tanishdi.
O‘zbekiston vakillari Islom hamkorlik tashkilotining Ilmiy va texnologik hamkorlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasi bosh koordinatori Muhammad Iqbol Choudhari tomonidan qabul qilindi.
Unda Bobur va Boburiylar merosini chuqur o‘rganish, uni asrash va musulmon dunyosi ilmiy doiralari hamda keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
Kelgusida mazkur tashkilot bilan hamkorlikda Boburiylar merosiga bag‘ishlangan yirik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tashrifning asosiy tadbiri Islomobod shahrida «Zahiriddin Muhammad Bobur: mushtarak sivilizatsiyaviy meros va O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari ko‘prigi» mavzusida tashkil etilgan bo‘ldi.
Konferensiyada Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, Pokistondagi «Bobur forumi» rahbari Ramzan Mug‘al hamda tarixchi va boburshunos olimlar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Diplomatik vakolatxona rahbari o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy, madaniy, ma’naviy va sivilizatsiyaviy aloqalar uzoq tarix va chuqur ildizlarga ega ekanini qayd etdi.
– Ushbu mushtarak tarixda Zahiriddin Muhammad Bobur Janubiy Osiyoda ulkan davlatchilikka asos solgani xalqlarimizni birlashtiruvchi muhim tarixiy omil bo‘ldi, – dedi O‘zbekiston elchisi. – Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam va yaqin do‘stona muloqot natijasida ikki tomonlama munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Aloqalarning bunday darajasida umumiy tarixiy va madaniy merosni o‘rganishning naqadar muhimligi, bu borada yaqindan hamkorlik qilish ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi o‘rinbosari Rustam Mamasoliyev o‘z chiqishida Bobur va uning ilmiy-adabiy merosi butun mintaqa tarixida alohida o‘rin tutishini urg‘uladi.
– O‘zbekistonda Bobur va boburiylar merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish borasida juda katta ishlar amalga oshirilyapti, – dedi u. – Boburiylar merosini chuqur o‘rganishda pokistonlik olimlar va ilmiy muassasalar bilan qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy anjumanlar, nashriyot loyihalari va akademik almashinuvlarni kengaytirish juda muhim.
Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, o‘z navbatida, boburiylarning Pokiston tarixidagi muhim o‘rniga to‘xtaldi.
– Boburiylarning Pokistondagi tarixiy-madaniy merosini asrash va kelajak avlodlarga yetkazishga hukumat darajasida e’tibor qaratilyapti, – dedi Farah Naz Akbar. – Biz O‘zbekiston bilan tarixiy aloqalarimizni yanada mustahkamlash, ilmiy hamkorlik va madaniy almashinuvlarni qo‘llab-quvvatlashga, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan merosni birgalikda o‘rganish va targ‘ib qilishga tayyormiz.
Bobur nomli xalqaro jamoat fondi delegatsiyasi tashrifi davomida Panjob viloyatida joylashgan Boburiylar davriga oid qator tarixiy qadamjolarda o‘rganishlar olib borishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati