Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Sentabr, 2026   |   4 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:03
Peshin
12:18
Asr
16:43
Shom
18:37
Xufton
19:52
Bismillah
15 Sentabr, 2026, 4 Rabi`us soni, 1448

Ey yoshlar, sizlar naqadar baxtlisiz!

30.06.2026   21661   5 min.
Ey yoshlar, sizlar naqadar baxtlisiz!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bugun – Yoshlar kuni.

Avvalo, shuni aytmoqchiman: Ey yoshlar, sizlar naqadar baxtlisiz!

Sizlar ilm olish uchun eshiklari ochiq bo‘lgan yurtda yashayapsiz. Ilm olishni istasangiz, kasb-hunar o‘rganishni istasangiz ham, oliy ta’lim olishni istasangiz ham imkoniyatlar bor. Ota-onangiz tinch osmon ostida sizning kamolingizni orzu qilib yashayapti.

Bu ne’matlarning qadriga yeting.

Har bir ne’matning shukri bo‘ladi. Yoshligingizning shukri – uni Alloh rozi bo‘ladigan yo‘lda sarflashdir.

Alloh taolo aytadi: Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz (Baqara surasi, 152-oyat).


Aziz yoshlar!

Bugun dunyo siz uchun kurashmoqda. Ammo bu kurash qurol bilan emas, qalbingiz uchun kurashdir.

Bir tomonda muallim ustozlaringiz chaqiradi.

Ikkinchi tomonda nafs chaqiradi.

Bir tomonda ota-onaning duosi.

Ikkinchi tomonda internetdagi noma’lum odamlarning chaqiriqlari.

Bir tomonda yurtimiz ulamolari.

Ikkinchi tomonda o‘zini “haqiqat tarafdori” deb ko‘rsatadigan, ammo aslida yoshlarni fitna, g‘azab va adovat sari yetaklaydigan buzg‘unchi oqimlar.

Ular sizga: “Faqat biz haqmiz”, deydi.

Ammo ularning ortidan borgan qancha yoshlar ota-onasidan, ilmidan, yurtidan ayrildi, eng achinarlisi esa, xotirjamligini ham yo‘qotdi. Ular baxt izlab chiqib, baxtini yo‘qotdi.


Islom esa, insonni ota-onasiga mehribon, yurtiga foydali, ilmga tashna, odobli va rahmli bo‘lishga chaqiradi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ikki ne’mat borki, odamlarning ko‘pi ularning qadriga yetmaydi: sog‘liq va bo‘sh vaqt” (Imom Buxoriy rivoyati).

Yoshlik ham mana shu ikki ne’matning eng go‘zal davridir.

Bugun telefoningizda birgina tugma bilan dunyoning har xil fikrlari kirib keladi.

Ammo unutmang...

Har ko‘p kuzatiladigan odam haq bo‘lavermaydi.

Har chiroyli gap jannatga olib bormaydi.

Ba’zan eng xavfli zahar eng shirin idishda bo‘ladi.

Shayton ham hech qachon insonni: Kel, gunoh qil”, deb boshlamaydi. Avval: Faqat bitta video ko‘r”, deydi. Keyin: Faqat bitta shubhali sahifani o‘qib ko‘r, deydi. So‘ng esa qalb asta-sekin nurini yo‘qota boshlaydi.

Bugun sen kimni tinglayotganing – ertaga kim bo‘lishingni belgilaydi.

Kim bilan yurganing – qayerga borishingni belgilaydi.

Nimani ko‘rayotganing – qalbing qanday bo‘lishini belgilaydi.

Shuning uchun ulamolarga mahkam yopishing.

Diyoringiz ulamolariga yaqin bo‘ling.

Jonajon vataningizni do‘st tuting.

Ilm-hunarni hayotingizning eng go‘zal lahzasiga aylantiring.

Ota-onangizning roziligini yo‘qotmang.

Chunki ota-onaning birgina duosi ba’zan insonni dunyo va oxirat saodatiga olib boradi.

Aziz yoshlar!

Yoshlik – o‘tib ketadigan fasl.

Bugun kuchli oyoqlar bir kun qariydi.

Bugun o‘tkir ko‘zlar bir kun xiralashadi.

Bugun tez yugurayotgan yurak ham bir kun to‘xtaydi.

Ammo yoshligingizda vataningizga qilgan bir fidoiylik, bir sadaqa, bir ilm, bir yaxshilik Qiyomat kunigacha siz bilan qoladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xabar berganlar: Qiyomat kuni banda besh narsadan so‘raladi. Ulardan biri Yoshligini nimaga sarflading?”.

Shunday ekan, bugun javobini tayyorlaylik.

Ey yoshlar!

Siz bu yurtning umidisiz.

Ota-onangizning quvonchisiz.

Ustozlaringizning mevasisiz.

Ummatning ertangi kunisiz.

Shunday ekan, hech kim sizning pok qalbingizni o‘g‘irlamasin.

Hech kim sizni ilm yo‘lidan chalg‘itmasin.

Hech kim sizni fitnaga boshlamasin.

Ilm bilan yuksaling.

Odob bilan bezaning.

Shunday yosh bo‘lingki, sizni ko‘rgan ota-ona: Allohim, O‘zinga shukur, farzandimdan roziman Sen ham rozi bo‘lgin, deb duo qilsin.

Alloh taolo barcha yoshlarimizni iymoni mustahkam, ilmi ziyoda, odobi go‘zal, ota-onasiga sadoqatli, Vataniga foydali va ummatga xizmat qiladigan solih insonlardan aylasin.

 

Nuriddin HAMRAQULOV,
Yakkasaroy tumaniRahimjon hoji otajome masjidi imom noibi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Turkiy davlatlar muftiylari 10 ga yaqin muhim bayonot va fatvolarni imzoladilar

14.09.2026   12076   1 min.
Turkiy davlatlar muftiylari 10 ga yaqin muhim bayonot va fatvolarni imzoladilar

Xabar berganimizdek, Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston muftiylari muhim yo‘nalishlarda 3 ta bayonot va zamonaviy masalalarga oid 6 ta yirik fatvoni imzolashdi.

Jumladan, «Islomning ilm-fan va texnologiyaga yondashuvi» mavzusidagi bayonotda Islom dinida insoniyat farovonligiga xizmat qiluvchi barcha ilmiy va texnologik yutuqlar qo‘llab-quvvatlanishi bilan birga, ular yuksak axloqiy mezonlar, adolat va mas’uliyat tamoyillari asosida rivojlanishi shartligi ta’kidlandi.

«Musulmonligi ma’lum bo‘lgan shaxsni kofirga chiqarishning hukmi» to‘g‘risidagi bayonotda Islom ta’limotiga ko‘ra, kalimai shahodat keltirib, qibla ahlidan bo‘lgan har qanday shaxs musulmon hisoblanishi hamda qilgan gunohi yoki amaldagi nuqsoni tufayli uni kufrda ayblash (takfir qilish) qat’iyan man etilishi aytildi. Shuningdek, Turkiy davlatlar ulamolari ushbu bayonotda jamiyatda fitna, qon to‘kilishi va nizolarga sabab bo‘luvchi takfirchilik oqimlariga qarshi ilmiy-ma’rifiy kurashni kuchaytirish, ummat birdamligini mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratishdi.

«Oila qurishga targ‘ib qilish, uni muhofaza qilish va mustahkamlashga doir umumiy mas’uliyat» bayonotida Islom ta’limotiga ko‘ra, oila nikoh asosiga quriladigan, sog‘lom avlod va jamiyat davomiyligini ta’minlovchi, insonga ruhiy xotirjamlik hamda axloqiy tarbiya beruvchi muqaddas muassasa ekaniga urg‘u qaratildi. Muftiylar oila institutini himoya qilish, yoshlarni oilaga tayyorlash va milliy-ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashda birdamlikka chaqirdilar.

Shuningdek, muftiylar tomonidan «Bitta qabrga birdan ortiq mayyitni dafn etishning hukmi», «Ijaraga berilgan dehqonchilik yerlarining ushri», «Fatvo so‘rash va fatvo berishda sun’iy idrokdan foydalanish masalasi», «Juma namozi durust bo‘lishining shartlari», hijriy oy boshlanishini aniqlash mezonlari va takfir masalasiga doir 6 ta fatvo matni imzolandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari