Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Iyul, 2026   |   18 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:10
Quyosh
04:55
Peshin
12:29
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:44
Bismillah
03 Iyul, 2026, 18 Muharram, 1448

“Vorislik faqat faxrlanish emas, vorislik bu ulkan mas’uliyat hamdir”

30.06.2026   10690   2 min.
“Vorislik faqat faxrlanish emas, vorislik bu ulkan mas’uliyat hamdir”

Bugun, 30 iyun kuni Davlatimiz Rahbari Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tadbirda juda muhim masalalar kun tartibiga chiqdi.


Bilinglar, endi davlatlar hududi bilan emas, bilimi bilan, aholi soni bilan emas, texnologiyasi bilan, tabiiy boyliklari bilan emas, inson kapitali bilan raqobatga kirishmoqda, – dedi muhtaram Prezidentimiz. – Bilim, ilm-fan va tafakkur mahsuli bo‘lgan yangi “Bilimlar iqtisodiyoti” hal qiluvchi kuchga aylanib bormoqda.


Men bilaman, o‘g‘il-qizlarimizning har birida katta salohiyat bor, iste’dod bor, iqtidor bor. Sizlar o‘z davrida buyuk kashfiyotlari bilan dunyo sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan, Birinchi va Ikkinchi Renessansning “aql chirog‘i” bo‘lgan buyuk ajdodlarimizning munosib vorislarisiz. Albatta, vorislik faqat faxrlanish emas, vorislik bu ulkan mas’uliyat hamdir!


Ajdodlarimiz insoniyat taraqqiyoti uchun qanday buyuk ishlar qilgan bo‘lsa, sizlar Yangi O‘zbekistonda yangi uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini yaratadigan kuch bo‘lishingiz kerak!..


Kecha Prezidentimiz ana shunday o‘g‘il-qizlarimizdan bir guruhini “Kelajak bunyodkori” medali va “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlash haqidagi farmon va qarorni imzolagan edi. Bugun ushbu mukofotlar o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.


Aziz o‘g‘il-qizlarim! Men sizlardagi shijoat, bilimga tashnalik va yangilikka intilishni ko‘rib, doim ruhlanaman.


Siz – aziz farzandlarimdan bir narsani so‘rayman: katta-katta marralar sari olg‘a qadam tashlang, o‘qing, yangi bilim, yangi kasb va zamonaviy texnologiyalarni egallang, qiyinchilikdan cho‘chimang, mehnatdan qochmang!


Shuni bilingki, ortingizda sizlarni katta umidlar bilan voyaga yetkazgan ota-onangiz bor, sizlarga bilim va tarbiya bergan, kasb o‘rgatgan ustoz va murabbiylaringiz bor, sizlarga hamisha tayanch va suyanch bo‘ladigan, ishonadigan va doim qo‘llab-quvvatlaydigan Prezidentingiz bor!


Yo‘lingiz ochiq, niyatingiz ulug‘, qaddingiz baland bo‘lsin! – dedi Prezidentimiz yoshlar bilan muloqot yakunida.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

“Vorislik faqat faxrlanish emas, vorislik bu ulkan mas’uliyat hamdir”
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Robbingizga tavakkul qilib uyquga yoting

03.07.2026   179   1 min.
Robbingizga tavakkul qilib uyquga yoting

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Hayotning bo‘ronli kunlariyu o‘tkir tig‘li hanjarlari unga ozor berishiga qaramay Allohning qadari va irodasiga rozi bo‘lib uyquga ketgan, mahzunlik uning qalbiga kirishga yo‘l topa olmayotgan, ko‘z yoshlar esa ko‘ziga hech o‘rnasha olmayotgan va farzandi, suyukli insonlari, ota-onasi yoki do‘stlarini yo‘qotgan barcha insonlarga aytar gapimiz: Alloh ajringizni ulkan qilib bersin! Darajangizni oliy qilsin! Siniqligingiz o‘rnini O‘zi to‘ldirib bersin! U zot bunday marhamat qiladi:

﴿وَاسْتَعِينُوا بِالصَّبْرِ وَالصَّلَاةِ وَإِنَّهَا لَكَبِيرَةٌ إِلَّا عَلَى الْخَاشِعِينَ﴾

“Sabr va namoz ila yordam so‘rang. Va, albatta, u nafsi siniqlardan boshqalarga juda katta ishdir” (Baqara surasi, 45-oyat).

Hazrati Aliy roziyallohu anhu aytadilar: “Sabrning iymondagi o‘rni boshning jismdagi o‘rni kabidir”. Shuning uchun siz sabringiz evaziga beriladigan mukofot – Firdavs jannatini qo‘lga kiritishingiz sizga xushxabar bo‘lsin! Tez orada siz har qanday holatda ham muvaffaqiyat qozongan inson ekaningizni bilasiz. Chunki Alloh taolo O‘zining Payg‘ambariga bunday deydi:

﴿وَبَشِّرِ الصَّابِرِينَ﴾

Va sabrlilarga bashorat ber” (Baqara surasi, 155-oyat).

Shu’la: O‘zingizga bo‘lgan ishonch umringiz qanday bo‘lishidan qat’iy nazar sizga yangi g‘oyalar ijod etishingiz va o‘z kasbingizda yangi marralarni zabt etishingizga yordam beradi.
 

Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan

Maqolalar