Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Sentabr, 2026   |   7 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:47
Quyosh
06:06
Peshin
12:17
Asr
16:38
Shom
18:32
Xufton
19:47
Bismillah
18 Sentabr, 2026, 7 Rabi`us soni, 1448

Qilinmagan ishga haq olish

01.07.2026   23146   1 min.
Qilinmagan ishga haq olish

Savol: Direktorimiz menga 15 soat dars yozgan. Lekin men 10 soat dars o‘taman. Direktor o‘tilmayotgan 5 soatning pulini menga berasiz, men u pulni maktabning turli to‘lovlarga ishlataman, dedi. Uning bu gapi qanchalik rost bilmayman. Shu vaqtgacha uning aytgani bo‘yicha 5 soatning pulini unga berib kelyapman. Direktorning ortiqcha ish soati yozib, pulini olishi halolmi, mening bu ishga rozi bo‘lganim-chi?

 

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu ish o‘zganing haqini nohaq o‘zlashtirish bo‘lib, buni Alloh taolo O‘z kalomida ochiq-oydin taqiqlagan:

﴿وَلَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُم بَيْنَكُم بِالْبَاطِلِ﴾

“Mol-dunyolaringizni oralaringizda nohaq – harom yo‘llar bilan yemangiz!” (Baqara surasi, 188-oyat).

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Haromdan oziqlangan hech bir jasad jannatga kirmaydi” (Abu Ya’lo, Bazzor va boshqalar rivoyati).

Direktoringizning maktab chiqimlarini ro‘kach qilib olayotgan pullari halol emas. Darhol bu ishni tark etib tavba qilishi, sizga o‘tadigan dars soatlaringizni to‘g‘ri yozishi lozim.

Sizning uning taklifiga rozi bo‘lishingiz ham gunoh sanaladi. Chunki shariatimizda ma’siyatlarga yordam berish ham gunoh sanaladi. Shuning uchun siz unga qilayotgan ishini xato ekanini bir ilojini qilib tushuntiring va bu ish uning boshiga dunyoda ham, oxiratda ham ulkan musibatlar olib kelishini ayting. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“The Diplomatic insight”: O‘zbekiston o‘tmishining boy merosini zamonaviy taraqqiyot va milliy yuksalish bilan uyg‘unlashtirayotgan davlat

16.09.2026   21333   3 min.
“The Diplomatic insight”: O‘zbekiston o‘tmishining boy merosini zamonaviy taraqqiyot va milliy yuksalish bilan uyg‘unlashtirayotgan davlat

Pokistonning “The Diplomatic insight” portalida Pokiston tinchlik va diplomatik tadqiqotlar instituti ijrochi direktori Muhammad Asif Nur qalamiga mansub O‘zbekistonning ma’rifatparvar merosi sarlavhali maqolasi e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

“O‘zbekistonning eng katta boyligi faqat Samarqand, Buxoro va Xivaning mahobatida emas. Bu qadim yurtning eng katta boyligi insoniyatga hisoblashni, davolashni, osmon jismlarini kuzatishni, e’tiqodni anglashni, adolat bilan boshqarishni va tilga tamadduniy ohang bag‘ishlashni o‘rgatgan buyuk tafakkur sohiblarining vorisligidadir”, –deb yozgan muallif.

Muhammad Asif Nurning ta’kidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida bugun O‘zbekistonda muzeylar, ilmiy markazlar, ixtisoslashtirilgan maktablar, kitobxonlik dasturlari va madaniy diplomatiya orqali Uchinchi Renessansning poydevoriga tamal toshi qo‘yilyapti.   

“Bu maqsad 2026 yil 17 mart kuni Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi bilan yanada aniq ifoda topdi. 1 iyunga qadar markazga yarim million kishi, jumladan, 150 dan ortiq xorijiy delegatsiya tashrif buyurdi. Qariyb 2 000 nafar olim 810 ta tegishli loyihada ishtirok etdi, 1 000 dan ortiq madaniy ashyo esa xorijdan O‘zbekistonga qaytarildi. Rasmiy ma’lumotlar mamlakat xotirani ta’lim va milliy ishonchga aylantirayotganini ko‘rsatadi”, – deya qayd etilgan nashrda.

Shuningdek, maqolada 2026 yilda Samarqand yaqinidagi Imom Buxoriy majmuasi qayta qurilib, ziyoratchilar uchun ochilgani e’tiroq etilgan. Unda 10 ming kishilik masjid, muzey va ilmiy-tadqiqot muassasalari barpo etildi. Majmuaning kunlik tashrif buyuruvchilarni qabul qilish imkoniyati 65 ming kishiga yetdi va birinchi oyning o‘zida majmuaga bir milliondan ortiq odam tashrif buyurdi. Bu maskan ziyoratni bilim, tadqiqot va ma’naviy tarbiya bilan uyg‘unlashtiradi.

 Muallif o‘z maqolasida Amir Temur va Temuriylar merosining O‘zbekiston tarixi va taraqqiyotida tutgan o‘rniga alohida e’tibor qaratgan.

“Temuriylar davri nafaqat O‘zbekiston, balki jahon tamaddunida ham muhim palla hisoblanadi. Amir Temur Samarqandni qudratli davlat markaziga aylantirdi va me’morchilik, ilm-fan hamda madaniyat taraqqiyotini qo‘llab-quvvatladi. 2026 yilda O‘zbekistonda Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlanmoqda, Temuriylar tarixi davlat muzeyi qayta rekonstruksiya qilindi va aprel – Amir Temur oyi deb e’lon qilindi”, – deyiladi manbada.

Asif Nurning e’tirof etishicha, O‘zbekistonda ma’rifatparvarlik g‘oyalari  hech qachon faqat qo‘lyozmalar bilan cheklanib qolmagan. U mahallada, ustoz va keksalarga hurmatda, ustoz-shogird an’analarida va mehmondo‘stlikda yashaydi. U Shashmaqom ohanglarida yangraydi, Lazgi raqsida namoyon bo‘ladi, Askiya san’atida tilga kiradi, baxshilar ijrosida hikoya qilinadi, atlas va adras matolarida o‘z ifodasini topadi. YUNЕSKO tomonidan tan olinishi bu an’analarning jahon miqyosidagi ahamiyatini tasdiqlaydi.

Muallif o‘z maqolasini “O‘zbekistonning ma’rifatparvar merosining ildizlari qadimiy – ammo uning haqiqiy manzili – kelajakdir”, – degan so‘zlar bilan yakunlagan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari