Har bir mamlakatning bayrog‘i, gerbi va madhiyasi uning mustaqilligi hamda xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini ko‘rsatuvchi muqaddas timsollardir. Shu ma’noda, bizning bosh gerbimiz ham xalqimizning boy o‘tmishi, mehnatsevarligi, tinchliksevar tabiati va yorug‘ kelajakka bo‘lgan qat’iy ishonchini o‘zida mujassam etgan. Ushbu davlat ramzlari xalqning o‘tmishi, buguni va ertasini bog‘lovchi ma’naviy ko‘prik va kuch bo‘lgani sababli, ularning tub mohiyatini yosh avlodga chuqur tushuntirish vatanparvarlik tarbiyasining asosiy vazifalaridan hisoblanadi.
1992 yil 2 iyul kuni «O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilinib, mustaqil yurtimizning ramzlaridan biri tasdiqlangan edi. Bu tarixiy qadam milliy davlatchilik an’analarimizni tiklash hamda xalqimizning oliy orzu-istaklarini qonuniy mustahkamlashda muhim poydevor bo‘ldi. Shu bois, har yili 2 iyul sanasi yurtimizda shunchaki tarixiy kun sifatida emas, balki milliy g‘urur va Vatanga bo‘lgan cheksiz sadoqatni his etish bayrami o‘laroq keng nishonlanadi. Mazkur qutlug‘ ayyom har bir yurtdoshimizni davlat ramzlarini qadrlashga va jonajon O‘zbekistonimiz ravnaqi uchun daxldorlik tuyg‘usi bilan yashashga chorlaydi.
Bugun Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash va kuchli fuqarolik jamiyatini qurish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mana shunday tarixiy yangilanishlar davrida davlat ramzlari xalqimizni umumiy va ezgu maqsadlar atrofida jipslashtiruvchi asosiy ma’naviy suyanchga aylandi. Mustaqilligimiz, birligimiz va yurt taraqqiyotining ramzi bo‘lgan davlat gerbi qalblarimizda yuksak faxr va iftixor tuyg‘usini uyg‘otaveradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida halol sanoati yo‘nalishidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki mamlakat vakillari “Malaysia–Uzbekistan International Halal Fest 2027” xalqaro forumi va ko‘rgazmasini Toshkent shahrida o‘tkazish istiqbollarini muhokama qildilar.
Malayziyaning TWOJ CREATIVE SDN BHD kompaniyasi delegatsiyasi tomonidan taqdim etilgan loyiha halol sanoati ekotizimini rivojlantirish, xalqaro biznes aloqalarini mustahkamlash hamda yangi investitsiya loyihalarini shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Rejalashtirilayotgan festival doirasida xalqaro ko‘rgazma, biznes-forum va B2B uchrashuvlari, halol oziq-ovqat, turizm, moliya hamda ishlab chiqarish yo‘nalishlariga bag‘ishlangan maxsus ekspozitsiyalar, investitsiya sessiyalari, madaniy dasturlar va mahsulotlar taqdimotlarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu tadbir O‘zbekistonning halol mahsulotlar bozoridagi salohiyatini namoyish etish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi eksport imkoniyatlarini yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muzokaralar davomida JAKIM standartlari asosida halol sertifikatlashtirish tizimini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni xalqaro bozorlarga olib chiqish, fermer va tadbirkorlar uchun o‘quv-seminarlar hamda malaka oshirish dasturlarini tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.
Tomonlar festivalni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari, biznes hamjamiyati hamda tarmoq uyushmalarini jalb etgan holda qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Mutaxassislarning fikricha, “Malaysia–Uzbekistan International Halal Fest 2027” nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlaydi, balki investitsiyalarni jalb etish, halol sanoati infratuzilmasini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadigan muhim xalqaro maydonga aylanishi kutilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati