Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir ko‘zi ojiz kishi o‘zining suyukli ayoli, solih o‘g‘li va vafodor do‘sti bilan baxtiyor yashar edi. Ammo bir narsa uning hayoti to‘kis bo‘lishidan to‘sardi. U ham bo‘lsa ko‘zining ojizligi bo‘lib, u qanday baxtiyor ekanini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni istardi.
Kunlarning birida uning shahriga juda kuchli tabib kelib qoldi. U tabibning oldiga shifo izlab bordi. Tabib unga bir dori berib uni muntazam ishlatishini va tez orada sog‘ayib qaysidir lahzada bu dunyoning nurini ko‘rishi mumkinligini aytdi.
Ko‘zi ojiz kishi dorini umidsizlik bilan ishlata boshladi. Kunlarning birida u uyining bog‘ida o‘tirganda to‘satdan ko‘zi ko‘ra boshladi. U xursandligidan jinni bo‘layozdi. Shu asnoda yaqinlariga buning xabarini berish uchun uyi tomon yugurdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, suyukli ayoli do‘sti bilan unga xiyonat qilar, boshqa xonaga o‘tsa o‘g‘li uydagi ba’zi narsalarni o‘g‘irlardi. U o‘zi o‘tirgan joyiga qaytarkan: “U tabib emas, haqiqiy la’nati sehrgar ekan”, deya baqirardi. U jahl bilan qo‘liga mixni olib ko‘zini yana ko‘r qildi. Shunday qilib yana o‘zi o‘rganib qolgan saodatli hayotga qaytdi...
Shu’la: Ichingizdagi vahima jismingizdagi kasalliklardan ko‘ra xavfliroqdir.
Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda yurtimiz ozodaligiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan 2500 nafardan ortiq obodonlashtirish xizmati xodimlariga oziq-ovqat jamlanmalari tarqatdi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mashaqqatli va sharafli mehnati har doim ham ko‘zga ko‘rinavermaydigan soha xodimlarining mehnatini e’tirof etish, ularning qalbiga bayram shukuhi, xonadonlariga quvonch kiritishdir.
Inson qadrini ulug‘lash va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi xayrli ishlar shu kunlarda yanada keng quloch yozib, mamlakatimizning barcha hududlarida o‘tkazildi.
Shuningdek, homiylar tomonidan Respublikamiz bo‘ylab 3500 nafarga yaqin ana shunday fidoyi xodimlarning ko‘ngli xushnud etildi.
Bu kabi xayr-saxovatga yo‘g‘rilgan bayram tadbirlari o‘lkamizning barcha go‘shalarida davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati