frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ayollar janozadan keyin ta’ziya bildirishlari mumkinmi?

07.07.2026   23343   2 min.
Ayollar janozadan keyin ta’ziya bildirishlari mumkinmi?

Savol: Qo‘shnimiznikida erkak kishi vafot etdi. Qo‘shni ayollar janoza o‘qilmasdan oldin ta’ziya bo‘lgan xonadonga chiqishlari to‘g‘rimi? Chunki ta’ziya bo‘lgan xonadonda darvoza oldida erkaklar tizilib o‘tirishadi. Ayollarni ularning oldidan o‘tishi juda noqulay. Ayollar janozadan keyin ta’ziya bildirishlari mumkinmi?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Musibat yetgan xonadon egalariga ta’ziya bildirish mustahab amal sanaladi.

Amr ibn Hazm roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Qaysi bir mo‘min musibat yetgan birodariga ta’ziya bildirsa, Alloh unga qiyomat kuni ulug‘lik libosini kiygazadi” (Ibn Moja rivoyati).

Har bir narsaning o‘ziga xos tartibi bo‘lgani kabi ta’ziya bildirishning ham shariat belgilab bergan tartibi bor.

Xususan, ayollar qo‘shni xonadonda musibat bo‘lib qolganda ta’ziya bildirishlari, ularning dardlariga sherik bo‘lib, sabrga chaqirishlari, mayyitning haqiga istig‘for aytishlari yaxshi amal hisoblanadi. Chunki musibat vaqtida har bir yupatuvchi gap dalda beradi, musibatni aritishda yordam beradi. Lekin bu holatda ayollar erkaklar to‘plangan joyda ular bilan aralashib ketmasligi kerak. Yana bir e’tiborli jihat shuki, ayol o‘zi iddada bo‘lsa, ta’ziya bildirish uchun, garchi qo‘shnisinikiga bo‘lsa ham chiqmasligi zarur.

Bizda odatda mayyitga janoza o‘qilgandan keyin barcha erkaklar mayyitni dafn qilish uchun qabristonga ketadilar va xonadon ulardan forig‘ bo‘ladi. Shu paytda qo‘shni ayollar chiqib, musibatzada ayollarga hamdard bo‘lib, ta’ziya bildirsalar, shariat talabini bajargan hamda ta’ziya bildirishni tom ma’noda amalga oshirgan bo‘ladilar.

Demak, ayollarning bir-birlariga ta’ziya bildirishlari shariatda qo‘llab-quvvatlanadi. Faqat bunda nomahram erkaklar bilan aralashib ketmaslik, janozaga ergashib qabristonga bormaslik va agar iddada bo‘lsa, uydan chiqmaslik talab etiladi. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Yurtimiz bo‘ylab 6000 nafarga yaqin obodonlashtirish xodimlariga bayram hadyalari ulashildi

26.08.2026   25581   1 min.
Yurtimiz bo‘ylab 6000 nafarga yaqin obodonlashtirish xodimlariga bayram hadyalari ulashildi

Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda yurtimiz ozodaligiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan 2500 nafardan ortiq obodonlashtirish xizmati xodimlariga oziq-ovqat jamlanmalari tarqatdi.

Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mashaqqatli va sharafli mehnati har doim ham ko‘zga ko‘rinavermaydigan soha xodimlarining mehnatini e’tirof etish, ularning qalbiga bayram shukuhi, xonadonlariga quvonch kiritishdir.

Inson qadrini ulug‘lash va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi xayrli ishlar shu kunlarda yanada keng quloch yozib, mamlakatimizning barcha hududlarida o‘tkazildi.

Shuningdek, homiylar tomonidan Respublikamiz bo‘ylab 3500 nafarga yaqin ana shunday fidoyi xodimlarning ko‘ngli xushnud etildi.

Bu kabi xayr-saxovatga yo‘g‘rilgan bayram tadbirlari o‘lkamizning barcha go‘shalarida davom etmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari