frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

“Ota jannatning o‘rta eshigidir” hadisi sharhi

07.07.2026   25118   1 min.
“Ota jannatning o‘rta eshigidir” hadisi sharhi

Savol: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ota jannatning o‘rta eshigidir. Xohla, bu eshikni saqla, xohla zoye qil”, degan ekanlar. Shuni izohlab bersangiz. O‘rta eshik deganda nima tushuniladi?


Javob: Bismillahir rohmanir rohiym. Ha, haqiqatan ham shunday hadis bor, uni imom Termiziy rahimahulloh Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilgan.

Abu Dardo roziyallohu anhu aytadilar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Ota jannat eshiklarining o‘rtasidir. Xohlasang, o‘sha eshikni muhofaza qil yoki zoye qil”, deganlarini eshitganman”.

Muhaddis ulamolar mazkur hadisni sharhlab, mazmunini tushuntirib berganlar. “O‘rta” deb tarjima qilingan so‘z hadisda “avsat” deb kelgan. Avsat so‘zining bir emas, bir necha ma’nolari bor. O‘rta degan ma’nodan tashqari eng yaxshi, eng to‘g‘ri, mo‘tadil degan ma’nolarda ham keladi.

Alloma Qozi Bayzoviy rahimahulloh aytadi: “Ya’ni (jannat) eshiklarining eng yaxshisi va eng oliysidir. Buning ma’nosi shuki: Jannatga kirishga va uning oliy darajalariga erishishga vosita bo‘ladigan eng go‘zal narsa ota-onaga itoat qilish hamda ularning haq-huquqlari va ko‘ngillarini rioya qilishdir”.

Boshqa ulamolar bunday deyishgan: “Albatta, jannatning bir necha eshiklari bor va ularning ichida kirish uchun eng go‘zali o‘rtadagisidir. O‘sha o‘rta eshikdan kirishga sabab bo‘ladigan amal esa ota-onaning haqlarini ado etishdir”. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Shahrisabzdagi "Oq masjid" jomesining yangi binosi qurilishi boshlandi

07.09.2026   30687   1 min.
Shahrisabzdagi

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi «Oq masjid» jome masjidining yangi binosi poydevoriga ilk g‘isht qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.


Xayrli tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov, tuman imom-xatiblari, mahalla faollari va ko‘p sonli namozxonlar ishtirok etdi.


Yig‘ilganlar mazkur ezgu tashabbusning bardavom bo‘lishini, qurilish ishlarining ko‘ngildagidek, bexatar va tez fursatlarda yakunlanishini tilab, Alloh taolodan xayr-baraka so‘rab duolar qildilar.


Ta’kidlanganidek, yangi bino qad rostlashi natijasida hudud aholisi va masjid qavmi uchun yanada keng, qulay va zamonaviy sharoitlar yaratiladi.


Shuningdek, masjid qurilishiga xolis hissa qo‘shayotgan barcha saxovatpesha yurtdoshlarimiz hamda quruvchi-mutaxassislar haqqiga ezgu duolar qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Shahrisabzdagi Shahrisabzdagi
O'zbekiston yangiliklari