“Xalq so‘zi” gazetasi
2026 yil 7 iyul, № 137 (9308)
Ma’rifatga tayangan taraqqiyot yo‘li
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida 7-11 iyul kunlari mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi — tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusidagi Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi oldidan brifing tashkil etildi. Unda anjumanning maqsad va vazifalari, tadbirlar dasturi hamda xalqaro ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur forum Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan ma’rifat va diniy bag‘rikenglik g‘oyalarining amaliy davomi hisoblanadi.
Forumning bosh maqsadi islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, buyuk allomalarimiz merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, turli mamlakatlar olimlari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iborat.
Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o‘tkaziladigan anjumanda 50 dan ortiq davlatlardan deyarli 300 nafarga yaqin xorijlik mehmonlar ishtirok etishi kutilmoqda. Ular orasida davlat va jamoat arboblari, vazirlar, muftiylar, akademiklar, islomshunos olimlar, qo‘lyozmashunoslar, muzey va kutubxonalar rahbarlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari bor. Bu esa anjumanning haqiqiy xalqaro muloqot va akademik hamkorlik maydoniga aylanishidan dalolat beradi.
Brifingda qayd etilganidek, forum O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda ICESCO hamkorligida tashkil etilmoqda.
Tadbirning ochilish marosimi Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilishi ham ramziy ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Zero, qisqa vaqt ichida mazkur markaz nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqadagi eng yirik va nufuzli ilmiy-ma’rifiy maskanlardan biriga aylanib ulgurdi.
Forum o‘z ko‘lami jihatidan ham alohida ahamiyat kasb etadi. Uning doirasida 4 ta xalqaro konferensiya, 10 ta yalpi majlis, 15 ta plenar yig‘ilish hamda qator sohaviy sho‘ba tashkil etiladi. Ularda islom sivilizatsiyasi tarixi, hadis ilmi, kalom, qo‘lyozmashunoslik, muzeyshunoslik, arxeologiya, madaniy merosni muhofaza qilish, raqamlashtirish, madaniy diplomatiya hamda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar muhokama qilinadi.
Anjuman doirasida kitoblar va ilmiy nashrlar taqdimotiga ham alohida e’tibor qaratilgan. ICESCO bilan hamkorlikda tayyorlangan “Imom al-Buxoriy — Ummat kitobi”ning “Al-Jome’ as-Sahih” asari mavzusidagi xalqaro konferensiya tezislar to‘plami, IRCICA bilan sheriklikda nashr etilayotgan “Shavkat Mirziyoyev — ma’rifatparvar yo‘lboshchi” kitob-albomi, Rossiya musulmonlari diniy idorasi bilan birgalikda chop etilgan Imom Termiziyning “Shamoili Muhammadiya” asarining rus tilidagi akademik nashri va boshqa fundamental loyihalar namoyishi forumning eng esda qolarli voqealaridan biri bo‘ladi.
Forumning birinchi kungi yalpi majlislarida islom sivilizatsiyasining ma’naviy merosi, Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma sifatidagi o‘rni, shuningdek, qo‘lyozmalarni asrash, muzeylar va kutubxonalar hamkorligini rivojlantirish kabi dolzarb mavzular muhokama qilinadi.
Tadbir davomida O‘zbekistondagi ilmiy-ma’rifiy markazlar va xorijning yetakchi ilmiy muassasalari o‘rtasida qo‘shma loyihalar, yangi ilmiy nashrlar, arxeologik kashfiyotlar, noyob qo‘lyozmalar va raqamli loyihalar taqdimoti o‘tkaziladi. Shuningdek, hamkorlikka oid “Yo‘l xaritalari” muhokama qilinib, memorandum va bitimlar imzolanishi rejalashtirilgan. Bu esa forumning faqat ilmiy muhokama bilan cheklanmasdan, aniq amaliy natijalarga xizmat qilishini ko‘rsatadi.
Tadbirning muhim qismi Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiyalardir. Ular buyuk allomalarimiz Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziyning boy ilmiy merosini har tomonlama o‘rganishga bag‘ishlangani bilan ahamiyatlidir.
Jumladan, Samarqandda o‘tkaziladigan “Imom al-Buxoriyning “Al-Jome’ as-Sahih” asari — Ummat kitobi” mavzusidagi xalqaro konferensiyada buyuk muhaddisning hayoti, uning ilmiy kamoloti, hadislarni saralash uslublari, “Al-Jome’ as-Sahih”ning yaratilish tarixi, qo‘lyozmalari hamda mazkur asarning islom sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rni atroflicha muhokama qilinadi. Bu konferensiya doirasida beshta plenar yig‘ilish o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularda Saudiya Arabistoni, Misr, Marokash, To‘rkiya, Hindiston, Bangladesh, Buyuk Britaniya, Tunis va boshqa mamlakatlardan kelgan yetakchi hadisshunos olimlar ma’ruzalar qiladi.
Imom Moturidiyning bebaho merosiga bag‘ishlangan konferensiyada esa mo‘tadillik, diniy bag‘rikenglik, aql va naql uyg‘unligi kabi masalalar zamonaviy nuqtayi nazardan tahlil etiladi.
Termiz shahrida o‘tkaziladigan anjuman Termiz hadis maktabi va Imom Termiziyning jahon hadisshunosligiga qo‘shgan beqiyos hissasini o‘rganishga bag‘ishlanadi. Bu konferensiyalar orqali O‘zbekiston nafaqat buyuk allomalar yurti, balki ular merosini tizimli o‘rganish va xalqaro miqyosda targ‘ib etishning zamonaviy markazi sifatida ham namoyon bo‘ladi.
Brifingda ta’kidlanganidek, Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi mamlakatimiz tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan yirik xalqaro ma’rifiy anjuman sifatida O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi boy merosini asrab-avaylash va uni jahon hamjamiyatiga keng tanitish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini yana bir bor namoyon etadi. Shu ma’noda, forum nafaqat ilmiy muloqot maydoni, balki tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini birlashtiruvchi nufuzli xalqaro platforma bo‘lishi kutilmoqda.
Xabar berganimizdek, Jidda shahrida Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi va Musulmon olami uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan «Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashda din peshvolarining roli» mavzusidagi xalqaro konferensiyada O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari qatnashdi.
Shuningdek, anjumanda Masjid al-Harom imomi Shayx Solih bin Humayd, Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi Bosh kotibi doktor Qutb Mustafo Sano, Musulmon olami uyushmasi Bosh kotibi Shayx Muhammad Abdulkarim al-Iso, Misr muftiysi Nazir Muhammad Ayyod, taniqli ulamolar, yetuk faqihlar, muftiylari hamda tadqiqotchilar ishtirok etishdi.
Ilmiy ma’ruzalar va muhokamalarda bir qator muhim jihatlar va amaliy tavsiyalar ilgari surildi. Jumladan:
– zo‘ravonlikni qat’iy qoralash: Ayollarga nisbatan har qanday jismoniy, ruhiy, iqtisodiy yoki kiber tajovuz Islom shariatining inson qadr-qimmati, rahmat va adolatga asoslangan bosh maqsadlariga zid va zulm ekani fiqhiy jihatdan asoslandi;
– diniy tamoyillarni targ‘ib etish: oila boshlig‘i bo‘lgan erning asosiy vazifalari ayolni nafaqa bilan ta’minlash, himoyalash va unga g‘amxo‘rlik qilish ekani qayd etildi. Ayolning ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki kafolatlangani ta’kidlanib, zararli illatlarga barham berish lozimligi aytildi;
– oilani mustahkamlash va qo‘llab-quvvatlash: yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etish, nikohlanuvchilarni tibbiy-psixologik ko‘rikdan o‘tkazish tizimini kuchaytirish hamda imom-xatiblar ishtirokida oilaviy maslahatxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish tavsiya etildi;
– himoya va ko‘mak tizimini joriy etish: jabr ko‘rgan ayollarga tibbiy, psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatish markazlarini kengaytirish, xavfsiz boshpanalar va «ishonch telefonlari» tizimini samarali joriy etish zarurligi belgilandi;
– xalqaro va mahalliy hamkorlik: davlat idoralari, diniy tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlarining sa’y-harakatlarini birlashtirish hamda ilg‘or tajribalarni almashish muhimligi qayd etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati