Samarqand shahrida Imom Buxoriy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, uning islom ilmlari rivojidagi beqiyos o‘rnini xalqaro miqyosda keng yoritishga bag‘ishlangan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘z ishini davom ettirmoqda.
Anjumanning ochilish marosimi Qur’on tilovati bilan boshlandi. So‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamenti boshlig‘i Muzaffar Komilov, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov hamda bir qator nufuzli xalqaro tashkilotlar va diniy idoralar vakillari tabrik so‘zlari bilan ishtirok etdilar.
Shuningdek, Makka shahridagi “Masjid al-Harom” masjidi Bosh imomi Shayx Solih bin Abdulloh bin Humayd, ICESCO Bosh direktori Salim al-Malik, Islom olami uyushmasi Bosh kotibi o‘rinbosari, Islom fiqhi akademiyasi Bosh kotibi Abdurahmon ibn Abdulloh Zayd, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi Shayxulislom Olloshukur Poshshozoda ham anjuman ishtirokchilarini qutladilar. Marokash Qirolligi Vaqf va islom ishlari vaziri Ahmad Tavfiq esa ishtirokchilarga videomurojaat yo‘lladi.
Forum doirasida “Imom Buxoriy kamolotiga ta’sir ko‘rsatgan geografik, ijtimoiy va oilaviy muhit” mavzusida ilmiy ma’ruzalar tinglandi. Unda Saudiya Arabistoni, Hindiston, Turkiya, Liviya va Jazoirdan tashrif buyurgan olim va tadqiqotchilar Imom Buxoriy shaxsiyatining shakllanishida Buxoro va Samarqand ilmiy muhiti, oilaviy tarbiya, ustoz-shogird an’analari, hadis ilmining rivojlanish jarayoni hamda IX asr Movarounnahr ma’naviy-ma’rifiy hayotining ahamiyati haqida ma’ruzalar qildilar.
Ma’ruzalarda Imom Buxoriy merosining nafaqat islom ilmlari taraqqiyotidagi o‘rni, balki bugungi kunda ilm-ma’rifat, bag‘rikenglik va ma’naviy yuksalishni targ‘ib etishdagi ahamiyati ham keng tahlil etildi.
Samarqandda davom etayotgan ushbu nufuzli anjuman Imom Buxoriy merosini xalqaro ilmiy maydonda yanada keng targ‘ib etish, islom ilmlari bo‘yicha tadqiqotlarni rivojlantirish, xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlikni mustahkamlash hamda yosh tadqiqotchilar uchun yangi ilmiy muloqot maydonlarini yaratishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Samarqandning yuragi boʻlgan Registon maydoni hududidagi Shayboniyxon va uning sulolasi dafn etilgan maskan ziyoratgohga aylantiriladi.
Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarovning soʻzlariga koʻra,1960–1962-yillarda hozirgi Islom Karimov koʻchasini kengaytirish, obodonlashtirish ishlari jarayonida mazkur daxma shu hududda boʻlgan Shayboniyxon madrasasi hovlisidan Registon maydoniga – Tillakori va Sherdor madrasalari yoniga koʻchirilgan.
“Maʼlumki, mazkur hudud Amir Temur bobomiz davrida Samarqand shahrining eng muhim markazlaridan biri boʻlgan, bu hududda koʻplab madrasa va masjidlar bunyod etilgan. Jumladan, Amir Temur masjidi va uning roʻparasida Bibixonim madrasasi qad rostlagan. Keyinchalik Mirzo Ulugʻbek bobomiz tomonidan ulkan madrasa qurilgan. Balki Shayboniyxon ham ana shu ulugʻvor madrasa va masjidlarga havas qilib, ularning yonida madrasa qurgandir. Chunki, tarixiy manbalardan bilamizki, Muhammad Shayboniyxon ham ulugʻ hukmdor boʻlish bilan birga ilm-maʼrifat homiysi, ilmli inson va ijodkor sifatida Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, koʻplab masjid va madrasalar qurdirgan. Amir Temurdan keyin qudratli davlat tashkil etib, uning chegaralarini kengaytirgan, obod qilgan”, deydi Registon majmuasi rahbari.
Tarixiy manbalarda Shayboniyxon 1510-yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan boʻlgan jangda halok boʻlgach, uning boshsiz tanasi Samarqandga keltirilib, Baland Sufaga dafn qilingani yozilgan.
Baland Sufa oʻz vaqtida Shayboniyxon madrasasida boʻlgan va keyinchalik (1960–1962-yillarda) oʻz holicha Registon hududiga koʻchirilgan daxmadir.
Xonqul Samarovning qoʻshimcha qilishicha, shu paytgacha Muhammad Shayboniyxon shaxsiga munosabat ortidan bu joyga ham yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.
Shuningdek, u oltmish yildan ortiq vaqtdan buyon ushbu hududda turgan bu ziyoratgoh haqida oddiy odamlar, hatto koʻpchilik tarixchilarda ham ma'lumot yo'qligini, bunga sabab esa hududda hech qanday koʻrgazmali vosita yoki yozuv mavjud emasligini taʼkidlaydi.
“Yillar davomida xalqimiz ongiga Bobur ijobiy, Shayboniyxon salbiy shaxs sifatida singdirildi. Aslida esa davlatchilik tariximiz, qolaversa, adabiyotimiz rivojida bu ikki buyuk bobomizning ham oʻz munosib oʻrni, hissasi bor. Zahiriddin Muhammad Boburning oʻzi ham “Boburnoma”da bu zotning nomi haqida toʻxtalib, “Shayboq”, yaʼni “kuch-qudratli” degan taʼrif bergan. Shayboniyxon va shayboniylar tomonidan Samarqandda, umuman, ushbu mintaqada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani haqida tarixiy manbalarda koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Shayboniyxon bir necha bosqichli oʻqitish tizimi joriy etib, barcha ilmlardan xabardor boʻlish uchun bola 26-yil taʼlim olishi kerak, deb hisoblagan. Ikki yillik maktab taʼlimidan soʻng har biri 8-yildan iborat uch bosqichli madrasa taʼlimini olish zarur boʻlgan”, deya maʼlumot beradi Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov.
Maʼlumot uchun, Shayboniyxon kuchli sarkarda, hukmdor boʻlish bilan birga ijodkor sifatida nafis gʻazal va ruboiylar, dostonlar yozgan. Jumladan, “Bahr-ul xudo” nomli dostoni va oʻgʻli valiahd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjudligi qayd etiladi.
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u bobosi Abulxayrxon vafotidan keyin parokanda boʻlib ketgan qabilalarni birlashtirib, koʻchmanchi oʻzbeklar davlatini qayta tiklagan. Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni egallab, qudratli davlat barpo qilgan. Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz – Samarqand qoʻl ostida birlashtirgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati