— O‘zbekistonning dunyo hadis ilmiga taqdim etgan eng katta tuhfasi – Imom Buxoriy va u zotning boy merosidir. Buxoriy maqbarasi nafaqat muqaddas ziyoratgoh, balki butun islom sivilizatsiyasining bebaho ma’naviy va madaniy merosidir. Bu maskan har bir o‘zbek uchun qanchalik aziz bo‘lsa, butun musulmon olami uchun ham shunchalik qadrlidir.
Sobiq sho‘ro tuzumi davrida vayron qilingan ushbu muqaddas qadamjoning qayta tiklanishida yoshligimda ishtirok etganman. O‘sha yillarda bu maskanning yana o‘zining munosib ulug‘vor qiyofasiga qaytishi uchun ustozlarimiz bilan qilgan duolarimiz bugun ijobat bo‘lganini ko‘rib, qalbim cheksiz quvonchga to‘lmoqda.
Samarqandning shuhratini yanada yuksaltirgan, Imom Buxoriy maqbarasini uning muqaddasligiga munosib muhtasham majmuaga aylantirgan, Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etgan muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev janoblariga chuqur ehtirom va samimiy minnatdorligimizni bildiramiz. Bu ishlar O‘zbekistonning o‘z tarixi, dini va ma’naviy qadriyatlariga yuksak ehtirom bilan yondashayotganining yorqin namunasidir.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan fundamental ishlar bugun xalqaro miqyosda munosib baholanmoqda. Islom mutafakkirlari merosi butun insoniyatning umumiy boyligi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu ezgu ishlarga hissa qo‘shayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi, ICESCO hamda ushbu sohada mehnat qilayotgan barcha olimlar va mutaxassislarga samimiy minnatdorchilik bildiraman. Alloh taolo O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarini doimo o‘z panohida asrasin.
Shayxulislom Olloshukur Poshozoda,
Kavkaz musulmonlari idorasi raisi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolarning murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
12 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning arz, taklif va murojaatlarini tingladilar. Yuzma-yuz suhbat jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid ko‘plab masalalar chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi qabullar va fuqarolar bilan muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni imom-xatiblar tomonidan o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati