Dastlab yurtimiz vakillari universitet tarixi, ta’lim tizimi va ilmiy faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. So‘ng universitet Ilohiyot fakulteti dekani, doktor Abdujabbor Kavak ishtirokida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi. Unda ta’lim dargohining ilmiy salohiyati va xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Dastur doirasida O‘zbekistondagi diniy ta’lim tizimidagi ijobiy o‘zgarishlar «Ko‘kaldosh» bilim yurti misolida xorijlik hamkorlarga taqdim etildi:
Ahror domla Abdullayev (bilim yurti mudarrisi) arab tilida ma’ruza qilib, yurtimizdagi diniy-ma’rifiy sohada amaliyotga tadbiq etilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini ochib berdi;
Aliakbar domla Abdullayev esa o‘quv jarayonlarini tashkil etish, ta’lim sifatini nazorat qilish va ilmiy-amaliy faoliyatni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mazmunli taqdimot o‘tkazdi.
Tajriba almashinuv: Hafta davomida Qorabuk universiteti professor-o‘qituvchilari bilan zamonaviy pedagogik yondashuvlarni joriy etish yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, vakillarimiz Turkiyadagi mashhur «Imom-xatib» litseylari faoliyati va ularning ilg‘or tajribalarini joylarga chiqqan holda o‘rgandilar.
Safar yakunida universitet rahbariyati bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqotda ikki ta’lim muassasasi o‘rtasida o‘zaro tajriba almashishni bardavom qilish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish va istiqboldagi hamkorlik rejalari kelishib olindi.
"Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom bilim yurti
Matbuot xizmati
Toshkent islom instituti magistratura bosqichi hamda Hadis ilmi maktabiga hujjat topshirgan talabgorlar uchun joriy yilning 11 avgust kuni ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi.
Talabgorlar tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha quyidagi fanlardan imtihon topshiradilar:
Teologiya (Tafsir va Qur’on ilmlari): Qur’oni karim va tajvid, Tafsir;
Teologiya (Hanafiylik va fiqh ilmlari): Fiqh, Usulul-fiqh;
Hadis ilmi maktabi: Hadis va mustalahul hadis.
Imtihonlar 11 avgust kuni soat 8:00 da Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti binosida boshlanadi. Talabgorlarni ro‘yxatga olish jarayoni soat 7:30 dan start oladi.
Muhim eslatma: Abituriyentlar imtihonga pasport (yoki ID-karta) asli hamda «Imtihon ruxsatnomasi» bilan kelishlari shart. Ushbu hujjatlardan biri bo‘lmagan talabgorlar imtihonga kiritilmaydi.
Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Zarqaynar 18-berk ko‘chasi, 47-uy.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati