Joriy yilning 7 iyul sanasida Toshkentda start olgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi doirasida Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan “Imom Moturidiy merosi: mo‘tadillik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat poydevori” mavzusidagi xalqaro konferensiyada misrlik ekspert Muhammad Hassan Imom Moturidiyning aql, tanqidiy tafakkur va mo‘tadillikka asoslangan ta’limotini bugungi tahdidlarga qarshi eng muhim ma’rifiy yechimlardan biri sifatida baholadi. Uning ta’kidlashicha, ekstremizmga qarshi kurash xavfsizlik choralari bilan cheklanmasdan, yoshlarda mustaqil fikrlashni shakllantirish va islomning insonparvarlik mohiyatini zamonaviy media orqali keng targ‘ib qilish bilan birga olib borilishi lozim, xabar bermoqda iccu.uz.
I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi doirasida Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Imom Moturidiy merosi: mo‘tadillik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat poydevori” mavzusidagi xalqaro konferensiyada Misr Arab Respublikasi Dorul Ifto huzuridagi Ekstremizm va islomofobiyani o‘rganish bo‘yicha “Salam” markazi direktori Muhammad Hassan qatnashdi.
Misrlik olim o‘z chiqishida Imom Moturidiy ta’limoti nafaqat tarixiy-ilmiy meros, balki bugungi kunda dunyo hamjamiyati duch kelayotgan eng dolzarb muammolarga munosib javob bera oladigan hayotiy metodologiya ekanini ta’kidladi.
«Imom Moturidiy — bu aql maktabidir. Uning ilmiy metodologiyasi zamonaviy voqelik uchun ham ko‘plab yechimlarni taqdim etadi. Bugun biz kuzatayotgan muammolarning katta qismi aynan aql va naql uyg‘unligiga asoslangan haqiqiy ilmiy yondashuvning hayotimizda yetarlicha qaror topmagani bilan bog‘liq», — dedi olim.
Muhammad Hassan o‘zining ekstremizm va radikal g‘oyalarni monitoring qilish sohasidagi ko‘p yillik tajribasiga tayanib, bugungi kunda dunyoda kuzatilayotgan ko‘plab tahdidlar ilm va ma’rifat orqali bartaraf etilishi mumkinligini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, Imom Moturidiy asos solgan aqliy-tahliliy yondashuv aynan shu maqsadga xizmat qiladi.
Shu munosabat bilan u terrorizmga oid xalqaro statistik ma’lumotlarni keltirib, mavjud vaziyatning o‘ta ziddiyatli ekaniga e’tibor qaratdi.
«Dunyoda terrorizm qurbonlarining qariyb 97 foizi musulmonlardir. Biroq ayni paytda terrorizm haqida so‘z ketganda birinchi navbatda musulmonlar ayblanadi. Bu jiddiy tahlilni talab qiladigan o‘ta murakkab holatdir», — dedi u.
Misrlik olim ekstremistik tashkilotlar faoliyatini tahlil qilish jarayonida ularning deyarli barchasi takfirchilik g‘oyasiga tayanishi aniqlanayotganini ta’kidladi.
«Biz o‘rgangan barcha terrorchi tashkilotlar o‘zlaridan boshqa musulmonlarni kofir deb hisoblaydi. Ular uchun haqiqiy musulmonlar — faqat o‘zlarining kichik guruhi. Bu esa Imom Moturidiy belgilab bergan aqidaviy tamoyillarga mutlaqo zid yondashuvdir», — dedi Muhammad Hassan.
U Imom Moturidiyning «Kitob at-tavhid» asarida bayon etilgan «dinni anglashning asosi aql va tafakkurdir, ko‘r-ko‘rona taqlid esa insonni haqiqatga yetaklamaydi» degan g‘oyasiga to‘xtalib, mazkur tamoyil bugun ham ekstremizmga qarshi kurashda dolzarb ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Olim yoshlar tarbiyasi masalasiga ham alohida e’tibor qaratib, farzandlarda faqat itoat emas, balki mustaqil fikrlash, mulohaza qilish va savol berish ko‘nikmalarini shakllantirish muhimligini ta’kidladi.
«Itoat yaxshi fazilat. Biroq u albatta aql, mulohaza va ishontirish bilan uyg‘un bo‘lishi kerak. Ana shunda farzandlarimiz turli radikal oqimlar ta’siriga tushib qolmaydi», — dedi u.
Shuningdek, Muhammad Hassanning qayd etishicha, Imom Moturidiyning boy ilmiy merosini akademik muhit bilangina cheklab qo‘ymasdan, zamonaviy axborot maydoni orqali keng jamoatchilikka yetkazish bugungi kunning ustuvor vazifasi.
«Biz Imom Moturidiy merosini kitoblar sahifasidan ijtimoiy tarmoqlarga olib chiqishimiz kerak. Uni qisqa videolar, podkastlar, multimedia loyihalari va boshqa zamonaviy formatlarda keng auditoriyaga yetkazish vaqti keldi. Bu bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir», — dedi olim.
Shuningdek, misrlik olim mazkur yo‘nalishda diniy ulamolar, tadqiqotchilar, jurnalistlar, media mutaxassislari va kreativ industriya vakillarining hamkorligini yo‘lga qo‘yish muhimligini qayd etdi. Ta’kidlanganidek, Imom Moturidiyning aql, bag‘rikenglik va mo‘tadillikka asoslangan ta’limotini zamonaviy kommunikatsiya vositalari orqali keng targ‘ib qilish ekstremizmga qarshi ma’rifiy immunitetni mustahkamlash, yosh avlod ongida sog‘lom diniy tafakkurni qaror toptirish hamda islomning insonparvarlik mohiyatini dunyo jamoatchiligiga to‘g‘ri yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha 46-xalqaro tanlov boshlandi.
IQNA "Saudi Gazette" nashriga tayanib xabar berishicha, payshanba kuni Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirol Abdulaziz nomidagi 46-xalqaro tanlov boshlandi.
Oltinchi rabiulavvalga (19 avgustga to‘g‘ri keladi) qadar davom etadigan musobaqada 133 mamlakatdan jami 334 nafar erkak va ayollar ishtirok etmoqda, bu ushbu musobaqa tarixidagi eng katta vakillikdir.
Musobaqaning maqsadi "musulmon yoshlarni Qur’oni Karimni yod olish, anglash va mushohada qilishga undash, shuningdek, halol raqobatni yaratishdan iborat."
Tanlov beshta toifani o‘z ichiga oladi va umumiy sovrinlar miqdori 10 260 000 Saudiya rialini tashkil etadi - bu tanlov ta’sis etilganidan beri eng yuqori sovrin jamg‘armasi.
Avvalroq ushbu musobaqada O‘zbekiston sharafini quyidagilar himoya qilishi xabar qilingandi:
Muhammadabror qori Yunusxonov («Mir Arab» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muhammadamin qori Olimjonov («Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi);
Zilolaxon Farhodova (Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muxtasarxon Muhammadjonova («Xadichai Kubro» ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati