frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null
Yangiliklar

Navoiy viloyatida topilgan eng qadimgi masjid

13.07.2026   32191   1 min.
Navoiy viloyatida topilgan eng qadimgi masjid

Navoiy viloyati hududida joylashgan qadimgi Hazora qishlog‘idagi me’moriy yodgorlik – Deggaron masjidi VII–IX asrlarda qurilgan bino o‘rniga XI asrda bunyod etilgan.

 

Bu Navoiy viloyatida topilgan masjidlardan eng qadimgisi. Keyinchalik, masjid, sopol qozon yasovchilar mahallasi guzarida joylashgani uchun "Deggaron masjidi" deb nomlangan.

 

O‘rta asrlarda Hazora o‘rtacha shahar sifatida mashhur edi. Yonida esa bir kanal qazilgani eski arab manbalarida zikr etilgan. Shahar Buxoro vohasining "Ulkan cho‘l" bilan chegarasida qo‘riqlash funksiyalarini bajargan va "Kampir duvol" deb atalmish eski fortifikatsiya tizimiga kirgan. 

 

Masjidning tashqi ko‘rinishi kub shaklida, usti gumbazlar bilan yopilgan, xona ichida pishiq g‘ishtdan to‘rt g‘o‘la (ustun) ishlangan. Qolgan devori xom g‘ishtdan tiklanib, yuzasi pishiq g‘isht bilan qoplangan. To‘rt rukn – ustun (diametri 128 sm) xonaqoh ichini devorsiz to‘qqiz qismga ajratgan. Markaziy qismi nisbatan yirikroq gumbaz bilan yopilgan. Boshqa qismlarga – bir tomonidan devorga, qarshi tomonidan ustunga tayantirib, yana sakkizta kichik gumbaz ishlangan. XX asrda masjidning janubiy va sharqiy devorlariga taqab sinchkor ayvon qurilgan. Ayvon ustunida binoning 1910 yili qayta qurilgani qayd etilgan. Keyinchalik ayvonlari vayron bo‘lgan. 

 

Deggaron masjidi – islomiyat davrining Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan qadimiy sajdagohi sifatida me’moriy o‘ziga xosligi va sodda salobati bilan diqqatga sazovor. 

Oyina.uz

Navoiy viloyatida topilgan eng qadimgi masjid
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Bir guruh diniy-ma’rifiy soha fidoyilariga "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi" esdalik nishonlari topshirildi

28.08.2026   20550   2 min.
Bir guruh diniy-ma’rifiy soha fidoyilariga

27 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan diniy-ma’rifiy sohada samarali mehnat qilib kelayotgan fidoyi yurtdoshlarimizni taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ishtirok etdi.

Kirish nutqida mamlakatimizda mustaqillik yillarida, ayniqsa, so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, jamiyatda tinchlik-totuvlik, millatlararo hamjihatlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, sohada faoliyat yuritayotgan ulamolar, imom-xatiblar, mudarrislar va fidoyi xodimlarning munosib hissasi haqida alohida ta’kidlandi.

Tantanali tadbir davomida diniy-ma’rifiy sohada ko‘p yillardan buyon samarali mehnat qilib, yurtimizda ma’naviy barqarorlikni ta’minlash, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, aholi o‘rtasida ma’rifiy tushuntirish ishlarini olib borishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh fidoyi yurtdoshlarga "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi" esdalik nishonlari tantanali ravishda topshirildi.

Esdalik nishonlarini topshirish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduhalikov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Orifxon Zokirovlar ishtirok etdilar.

Taqdirlash marosimida ta’kidlanganidek, mazkur esdalik nishoni mamlakatimiz taraqqiyotiga, uning tinchligi va barqarorligiga, jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgan fidoyi insonlarga bildirilgan yuksak ehtirom va e’tirof ramzidir.

Tadbir yakunida taqdirlanganlar o‘zlariga bildirilgan yuksak ishonch va e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatimiz tinchligi va ravnaqi yo‘lidagi ezgu faoliyatlarini yanada sidqidildan davom ettirishlarini ta’kidladilar.

 Barcha mukofot sohiblarini samimiy muborakbod etamiz!

Mustaqilligimizning 35 yilligi muborak bo‘lsin!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari