O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Namangan viloyati Uychi tumanidagi "Devonabobo" jome masjidi imom-xatibi Abdufattoh domla Musaxanovning volidai mehribonlarining vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhuma onaxonni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhuma onaxonning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, Ulamolar kengashi a’zolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhuma onaxonning yaqinlariga, xususan, Abdufattoh domla Musaxanovga hamdardlik bildiradi.
Janoza bugun, 14 iyul kuni shom namozidan so‘ng Uychi tumanidagi "Mashhad mozor" jome masjidida o‘qiladi.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforum Rossiyaning yetakchi ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, “MIR 24”, “Sputnik Uzbekistan”, “Islam News”, “Daydjest Moskva-Baku”, “TRT na russkom”, “CGTN-Russkiy” kabi yirik ommaviy axborot vositalarida mediaforum haqida turkum materiallar e’lon qilindi.
Manbalarda forumning ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tilgan. Tadbirlarda 50 ga yaqin mamlakatdan 300 nafarga yaqin soha mutaxassislari va xalqaro media yetakchilari ishtirok etdi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining tarixiy manbalarni raqamlashtirish va sun’iy intellekt imkoniyatlarini joriy etishdagi innovatsion o‘rni yuqori baholangan.
Rossiya media olamida O‘zbekistondagi o‘zgarishlar faqat tarixiy yodgorliklar va sayyohlik salohiyati bilan cheklanib qolmay, balki IT sohasi, qurilish, tibbiyot va iqtisodiy taraqqiyotdagi muvaffaqiyatlar orqali yangicha talqinda namoyon bo‘layotgani alohida ta’kidlangan.
Anjuman doirasida Rossiya, O‘zbekiston va Ozarbayjon hamkorligida “Shamoyili nabaviyya” qo‘lyozmasini nashr etish va Katta Langar Qur’onini atroflicha tadqiq qilish kabi aniq amaliy loyihalarga start berilgani e’tirof etildi.
Shuningdek, Rossiyaning “Rossiya” milliy markazi va Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida o‘zaro “Rossiya va O‘zbekiston kunlari”ni o‘tkazish bo‘yicha muhim kelishuvga erishilgani xabar qilindi.
Rossiya axborot maydonida O‘zbekiston boy qo‘lyozma va ilmiy meros sohibi, tarixiy manbalarni raqamlashtiruvchi markaz hamda gumanitar-madaniy sohada ishonchli va tashabbuskor hamkor sifatida gavdalandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati