Avval xabar berganimizdek, shu yil 30 iyundan boshlab O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2026-2027 o‘quv yili uchun abituriyentlardan hujjatlar qabul qilinmoqda.
Jumladan, xorijlik fuqarolarni oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga qabul qilish ham amalga oshirilmoqda. Ayni paytda xorijlik fuqarolarni o‘qishga qabul qilish Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti va “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida joriy etilgan.
Xorijlik fuqarolar diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
– Qabul hay’ati raisi nomiga ariza;
– ma’lumoti haqidagi hujjatlarning asl nusxasi;
– sog‘lig‘i to‘g‘risidagi tibbiy xulosa;
– milliy pasport (amaldagi vizasi bilan);
– 6 dona rangli fotosurat (3,5 x 4,5 hajmdagi);
– fuqaroligi bo‘lgan mamlakatning muftiysi (Agar o‘sha yurtda bunday lavozim bo‘lmagan taqdirda din ishlari bo‘yicha tegishli davlat boshqaruvi organi) tomonidan berilgan tavsiyanoma (yoki yo‘llanma).
Xorijlik fuqarolar diniy ta’lim muassasalariga O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan o‘tkaziladigan ijodiy suhbat (imtihon) natijalariga ko‘ra o‘qishga qabul qilinadi.
Mazkur imtihon xorijlik fuqarolarni o‘qishga qabul qilish bo‘yicha O‘zbekiston musulmonlari idorasi tuzilgan Maxsus komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, diniy ta’lim muassasalariga 2026 yil 20 iyulgacha davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan «Qur’on tinchlikka buyuradi» shiori ostida Samarqand shahridagi "Obi Rahmat" jome masjidida Qur’on musobaqasi tashkil etildi. Qur’oni karimga bo‘lgan muhabbatni yuksaltirish, qiroat va tajvid ilmlarini keng targ‘ib etish hamda jamiyatda tinchlik va osoyishtalik g‘oyalarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi ushbu xayrli tadbirning saralash bosqichlaridan o‘tgan ishtirokchilar «Hifz» va «Mujavvid» yo‘nalishlari bo‘yicha bellashdi.
G‘olib va sovrindorlar:
«Hifz» yo‘nalishi:
1-o‘rin: Asqar Tursunov (Samarqand shahri, «Muhammadamin ota» masjidi imom-noibi);
2-o‘rin: Abduvakil Olimov (Urgut tumani, «G‘avsul A’zam» masjidi imom-xatibi);
3-o‘rin: Shavkat Mahmudov (Narpay tumani, «So‘fi Ziyrak» masjidi imom-xatibi).
«Mujavvid» yo‘nalishi:
1-o‘rin: Zikrullo Matlabov (Samarqand shahri, «Xo‘ja Abdu Darun» masjidi imom-noibi);
2-o‘rin: Burxoniddin Tursunov (Nurobod tumani, «Jom ota» masjidi imom-xatibi);
3-o‘rin: Isomiddin Isayev (Paxtachi tumani, «Xo‘ja Ziyovuddin» masjidi imom-xatibi).
Qo‘shimcha nominatsiyalar:
«Eng ta’sirchan tilovat»: O‘tkir Abdullayev (Pastdarg‘om tumani);
«Eng go‘zal tilovat»: Sardorxon Sobirov (Samarqand tumani);
«Tajvid qoidalariga eng mukammal rioya qilgan ishtirokchi»: Yusufxon Nizomov (Samarqand shahri).
Tadbir yakunida g‘oliblarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligining diplomlari va «Vaqf» fondi filiali tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati