Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Avgust, 2026   |   15 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:21
Quyosh
05:45
Peshin
12:24
Asr
17:06
Shom
19:07
Xufton
20:26
Bismillah
28 Avgust, 2026, 15 Rabi`ul avval, 1448

Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi

16.07.2026   41552   2 min.
Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi

Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi. Bu haqda Spot regulyator matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, kengash islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklar, islomiy moliyalashtirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi mikromoliya tashkilotlari, Omonatlarni kafolatlash agentligi hamda Markaziy bank nazorati ostidagi boshqa tashkilotlarning islomiy moliya faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kollegial organ hisoblanadi.

Kengash tarkibiga besh nafar mutaxassis — islom huquqi bo‘yicha to‘rt nafar ekspert va islomiy moliya sohasidagi bir nafar texnik ekspert kiritildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bosh mutaxassisi Saidjamol Masayitov kengash raisi, markaz bosh mutaxassisi Muhammadayubxon Homidov esa rais o‘rinbosari etib tayinlandi. Shuningdek, Fatvo markazi mutaxassislari Hikmatilla Toshtemirov va Abdullatif Tursunov hamda Orient Audit Group auditorlik kompaniyasining boshqaruvchi hamkori Axrorjon Sadullayev kengash a‘zolari bo‘ldi.

Kengash a‘zolarining aksariyati islom huquqi sohasida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi tarkibiga kiradi hamda islomiy moliya yo‘nalishida AAOIFI xalqaro sertifikatlariga ega.

Texnik ekspert Axrorjon Sadullayev bank-moliya sohasida 20 yildan ortiq tajribaga ega. U avval Markaziy bank, Aloqabank, KDB Bank Uzbekistan, shuningdek, KPMG, Ernst & Young va Grant Thornton xalqaro auditorlik kompaniyalarida faoliyat yuritgan.

Kengash islomiy moliya standartlari loyihalarini xalqaro standartlar va mahalliy sharoitni inobatga olgan holda ishlab chiqadi.

Shuningdek, Markaziy bankka islomiy moliya faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish masalalari yuzasidan xulosa va tavsiyalar beradi, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etadi hamda sohada yuzaga keladigan nizolar bo‘yicha tushuntirishlar beradi.

Bundan tashqari, kengash banklar va mikromoliya tashkilotlariga islomiy moliya faoliyati yuzasidan tavsiyalar beradi, ular bilan davriy maslahat uchrashuvlari o‘tkazadi.

Zarurat tug‘ilganda Islomiy moliya institutlari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkiloti (AAOIFI) yig‘ilishlarida Markaziy bank nomidan qatnashadi.

Markaziy bank ma‘lumotiga ko‘ra, kengash har yili o‘z faoliyati bo‘yicha hisobotni regulyator boshqaruviga taqdim etadi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda islomiy mikromoliya xizmatlari hajmi 22 mlrd so‘mga yetgani haqida yozgandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imomlar 11 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilishdi

26.08.2026   13890   1 min.
Imomlar 11 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilishdi

Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.

Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.

Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Imomlar 11 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilishdi Imomlar 11 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilishdi Imomlar 11 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilishdi Imomlar 11 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilishdi Imomlar 11 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilishdi
Yangiliklar