Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Avgust, 2026   |   18 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:25
Quyosh
05:48
Peshin
12:23
Asr
17:03
Shom
19:02
Xufton
20:21
Bismillah
31 Avgust, 2026, 18 Rabi`ul avval, 1448

Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi

16.07.2026   41972   2 min.
Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi

Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi. Bu haqda Spot regulyator matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, kengash islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklar, islomiy moliyalashtirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi mikromoliya tashkilotlari, Omonatlarni kafolatlash agentligi hamda Markaziy bank nazorati ostidagi boshqa tashkilotlarning islomiy moliya faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kollegial organ hisoblanadi.

Kengash tarkibiga besh nafar mutaxassis — islom huquqi bo‘yicha to‘rt nafar ekspert va islomiy moliya sohasidagi bir nafar texnik ekspert kiritildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bosh mutaxassisi Saidjamol Masayitov kengash raisi, markaz bosh mutaxassisi Muhammadayubxon Homidov esa rais o‘rinbosari etib tayinlandi. Shuningdek, Fatvo markazi mutaxassislari Hikmatilla Toshtemirov va Abdullatif Tursunov hamda Orient Audit Group auditorlik kompaniyasining boshqaruvchi hamkori Axrorjon Sadullayev kengash a‘zolari bo‘ldi.

Kengash a‘zolarining aksariyati islom huquqi sohasida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi tarkibiga kiradi hamda islomiy moliya yo‘nalishida AAOIFI xalqaro sertifikatlariga ega.

Texnik ekspert Axrorjon Sadullayev bank-moliya sohasida 20 yildan ortiq tajribaga ega. U avval Markaziy bank, Aloqabank, KDB Bank Uzbekistan, shuningdek, KPMG, Ernst & Young va Grant Thornton xalqaro auditorlik kompaniyalarida faoliyat yuritgan.

Kengash islomiy moliya standartlari loyihalarini xalqaro standartlar va mahalliy sharoitni inobatga olgan holda ishlab chiqadi.

Shuningdek, Markaziy bankka islomiy moliya faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish masalalari yuzasidan xulosa va tavsiyalar beradi, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etadi hamda sohada yuzaga keladigan nizolar bo‘yicha tushuntirishlar beradi.

Bundan tashqari, kengash banklar va mikromoliya tashkilotlariga islomiy moliya faoliyati yuzasidan tavsiyalar beradi, ular bilan davriy maslahat uchrashuvlari o‘tkazadi.

Zarurat tug‘ilganda Islomiy moliya institutlari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkiloti (AAOIFI) yig‘ilishlarida Markaziy bank nomidan qatnashadi.

Markaziy bank ma‘lumotiga ko‘ra, kengash har yili o‘z faoliyati bo‘yicha hisobotni regulyator boshqaruviga taqdim etadi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda islomiy mikromoliya xizmatlari hajmi 22 mlrd so‘mga yetgani haqida yozgandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Yagona Vatan, yagona xalq — ezgulik va mehr-oqibat sari!

24.08.2026   25343   1 min.
Yagona Vatan, yagona xalq — ezgulik va mehr-oqibat sari!

Surxondaryo viloyati hokimi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida boshlangan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostidagi ezgulik chellenji davom etmoqda.

Mazkur ezgu tashabbus doirasida Qumqo‘rg‘on tumanida ham ijtimoiy himoyaga muhtoj, e’tibor va ko‘makka ehtiyojmand oilalarning 51 nafar farzandlariga maktab o‘quv qurollari va so‘mkalar topshirildi.

Xususan, ushbu ezgu tadbir Qumqo‘rg‘on tumani "Shah Mashrab" jome' masjidida O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Surxondaryo viloyati vakili R.Abdullayev, Surxondaryo viloyati hokimligi kotibiyat mudiri D.O’roqov, tuman Bosh imom-xatibi H.Zayniyev hamda tumandagi barcha masjid imom-xatiblari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Bunday ezgu tashabbuslar orqali yurtdoshlarimizga mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularning og‘irini yengil qilish, muammolariga yechim topish hamda xonadonlarga bayramona kayfiyat ulashishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Zero, inson qadri, mehr-oqibat va saxovat bor joyda ezgulik bardavom bo‘ladi.

Qumqo‘rg‘on tuman hokimligi Axborot xizmati 

 

O'zbekiston yangiliklari