Turkiyaning ommabop “61 Saat” yangiliklar portalida O‘zbekistonning ziyorat turizmi imkoniyatlari va milliy-ma’naviy merosiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqola muallifi, turkiyalik san’atshunos olima Sheyda Sag‘lam Toshkent, Samarqand va Buxoroga qilgan sayohati taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. U O‘zbekistondagi qadamjolar har qanday sayyohni uzoq tarix qa’riga yetaklashini alohida ta’kidlagan.
Xususan, Samarqandning me’moriy ulug‘vorligi, Registon maydoni, Go‘ri Amir maqbarasi va Shohi Zinda majmuasining jozibadorligi turistlarni bir zumga bo‘lsa-da o‘tmish bilan yuzlashishga undaydi. Buyuk olim va astronom Mirzo Ulug‘bek hamda kalom ilmining asoschilaridan biri Imom Moturidiy merosi orqali ushbu zaminda ilm-fan va ma’naviyat asrlar davomida uzviy rivojlanganiga e’tibor qaratilgan.
Nashrda ko‘hna Buxoro shahrining islom olamidagi yuksak mavqei alohida e’tirof etilgan. Kalon minorasi va Ismoil Somoniy maqbarasining me’moriy mukammalligi, Bahouddin Naqshband majmuasidagi ma’naviy muhit sayohatchilarga unutilmas onlarni tuhfa etishi qayd etilgan. Muallif naqshbandiya ta’limotining asosiy g‘oyasi — “Qo‘ling ishda, qalbing Allohda bo‘lsin” hikmati bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganini bayon qilgan.
Turkiyaning nufuzli media maydonida e’lon qilingan ushbu maqola ikki qardosh xalq o‘rtasidagi ko‘p asrlik madaniy-ma’naviy ko‘priklarni yanada mustahkamlashga hamda turkiyalik ziyoratchilarning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati
Xabar berganimizdek, Jidda shahrida Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi va Musulmon olami uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan «Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashda din peshvolarining roli» mavzusidagi xalqaro konferensiyada O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari qatnashdi.
Shuningdek, anjumanda Masjid al-Harom imomi Shayx Solih bin Humayd, Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi Bosh kotibi doktor Qutb Mustafo Sano, Musulmon olami uyushmasi Bosh kotibi Shayx Muhammad Abdulkarim al-Iso, Misr muftiysi Nazir Muhammad Ayyod, taniqli ulamolar, yetuk faqihlar, muftiylari hamda tadqiqotchilar ishtirok etishdi.
Ilmiy ma’ruzalar va muhokamalarda bir qator muhim jihatlar va amaliy tavsiyalar ilgari surildi. Jumladan:
– zo‘ravonlikni qat’iy qoralash: Ayollarga nisbatan har qanday jismoniy, ruhiy, iqtisodiy yoki kiber tajovuz Islom shariatining inson qadr-qimmati, rahmat va adolatga asoslangan bosh maqsadlariga zid va zulm ekani fiqhiy jihatdan asoslandi;
– diniy tamoyillarni targ‘ib etish: oila boshlig‘i bo‘lgan erning asosiy vazifalari ayolni nafaqa bilan ta’minlash, himoyalash va unga g‘amxo‘rlik qilish ekani qayd etildi. Ayolning ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki kafolatlangani ta’kidlanib, zararli illatlarga barham berish lozimligi aytildi;
– oilani mustahkamlash va qo‘llab-quvvatlash: yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etish, nikohlanuvchilarni tibbiy-psixologik ko‘rikdan o‘tkazish tizimini kuchaytirish hamda imom-xatiblar ishtirokida oilaviy maslahatxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish tavsiya etildi;
– himoya va ko‘mak tizimini joriy etish: jabr ko‘rgan ayollarga tibbiy, psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatish markazlarini kengaytirish, xavfsiz boshpanalar va «ishonch telefonlari» tizimini samarali joriy etish zarurligi belgilandi;
– xalqaro va mahalliy hamkorlik: davlat idoralari, diniy tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlarining sa’y-harakatlarini birlashtirish hamda ilg‘or tajribalarni almashish muhimligi qayd etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati