An’anaviy diplomatiya ko‘pincha manfaatlar muvozanati, muzokara va bitimlar tilida so‘zlaydi. Madaniy diplomatiya san’at, adabiyot va tarix orqali mamlakat haqida ijobiy
tasavvur uyg‘otadi. Diniy-ma’rifiy diplomatiya esa yanada nozik omilga — insonning e’tiqodi, u muqaddas deb bilgan qadriyatlar va tarixiy xotirasiga tayanadi.
O‘zbekistonning tahlillar tufayli ko‘zga tashlanayotgan bu yangi modeli islomni zo‘ravonlik bilan tenglashtiruvchi tashqi stereotiplarga ilmiy dalil bilan javob berishi, buzg‘unchi talqinlarga qarshi ma’rifiy maydon yaratishi, turli din va madaniyat vakillarini inson qadri, bilim, vijdon erkinligi, tinchlik va mas’uliyat atrofida birlashtirishi mumkin.
Shavkat Mirziyoyev mazkur siyosatning g‘oyaviy tashabbuskori. Prezident ilgari surayotgan "Jaholatga qarshi ma’rifat" g‘oyasining asosiy tamoyillari BMTning "Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik" rezolyutsiyasida xalqaro darajadagi siyosiy-huquqiy ifodasini topdi. Bu yondashuv terrorizm va ekstremizmning oqibatlariga emas, ularni oziqlantiradigan barcha omillarga qarshi kurashishni nazarda tutadi.
Prezident "diniy-ma’rifiy diplomatiya" institutining bunyodkori sifatida o‘rtaga chiqdi. Uning tashabbusi bilan Islom sivilizatsiyasi markazi va boshqa ilmiy muassasalarning tashkil etilishi, tarixiy majmualarning qayta tiklanishi, qo‘lyozmalar va ilmiy maktablarga e’tibor yangicha intellektual infratuzilmani shakllantirdi
Shunda O‘zbekistonning diniy-ma’rifiy diplomatiyasi dunyoning bugungi muammolariga xolis yechim taklif etadigan omilga aylanmoqda.
Habibullo Sadibaqosev ,
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi birinchi prorektori, siyosiy fanlar doktori, professor
Manba: "Yangi O‘zbekiston" gazetasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV