Muhtaram Yurtboshimiz tashabbusi bilan yurtimiz bo‘ylab e’lon qilingan «Mahalla obodligi va mehr-saxovat oyligi» doirasida Samarqand viloyatida ezgu ishlarga keng yo‘l ochildi.
Shu munosabat bilan Samarqand viloyati hokimligi hamda Samarqand viloyati vakilligi hamkorligida Qo‘shrabot tumanida keng qamrovli mehr-saxovat tadbiri tashkil qilindi.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari B. Karimov, Qo‘shrabot tumani hokimi D. Shakarboyev, Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosarlari Xayrullo domla Sattarov va Nursultonxon domla Abdumannonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, shuningdek, 2026 yilgi ulug‘ Haj ziyoratini ado etib qaytgan hoji otalar ishtirok etdilar.
Tadbir doirasida tumanning 16 ta mahallasida istiqomat qiluvchi 250 dan ziyod ehtiyojmand xonadonlarga tashabbuskor hojilar homiyligida maktab formalari va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Bu ezgu tashabbus xalqimizga xos mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik kabi yuksak qadriyatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati