Bangkok shahridagi “International Trade & Exhibition Centre” (BITEC) majmuasida Janubi-Sharqiy Osiyodagi eng yirik halol mahsulotlar, xizmatlar va innovatsiyalar namoyishiga bag‘ishlangan “Grand Halal Bangkok-2026” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Ko‘rgazmada dunyoning 25 dan ortiq mamlakatidan kelgan oziq-ovqat, kosmetika, farmatsevtika va musulmonlar kiyim-kechaklari ishlab chiqaruvchilari, sayyohlik agentliklari, mehmonxonalar, savdo tarmoqlari, investorlar, import qiluvchilar, distribyutorlar, halol logistika hamda halol mahsulotlarni sertifikatlash bilan shug‘ullanuvchi jami 600 ga yaqin kompaniyalar mahsulot va xizmatlarini taqdim etdi. Rasmiy manbalarning ma’lumotlariga ko‘ra, uch kunlik tadbirga 15 mingga yaqin kishi tashrif buyurgan.
Mazkur nufuzli tadbirda O‘zbekistonning Bangkokdagi Bosh konsulxonasi xodimlari ham faol ishtirok etib, ko‘rgazma maydonida yurtimiz eksponatlari uchun maxsus pavilon ajratilishini ta’minladilar. Pavilonga tashrif buyurgan mehmonlarga respublikamizning turizm va ziyorat salohiyatini keng targ‘ib etuvchi tarqatma materiallar taqdim etildi.
Tashrif buyuruvchilarda, ayniqsa, Surxondaryo viloyatida saqlanib qolgan buddizm yodgorliklari, jumladan, qadimiy Kushon imperiyasi davrida keng rivojlangan buddaviylik ibodatxonalari, rohiblar hujralari va budda haykallarining tarixi hamda hozirgi holatiga doir ma’lumotlar katta qiziqish uyg‘otdi. Pavilonda ushbu tarixiy obidalar aks etgan maxsus bannerlar namoyish etildi.
Shuningdek, tadbir doirasida o‘zbek xalqining buyuk siymolari — Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy va Imom al-Buxoriyning dunyo tarixidagi o‘rni hamda bashariyat sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini yorituvchi videoroliklar namoyish etildi. Toshkent shahrida yangi barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi maxsus videolavhalar ham yig‘ilganlarda chuqur taassurot qoldirdi.
Ko‘rgazma davomida xorijlik mehmonlar o‘zbek xalqining boy milliy madaniyati, qadriyatlari va urf-odatlarini o‘zida aks ettirgan betakror milliy liboslar namunalari bilan ham yaqindan tanishtirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
00:00 Xabarlar
01:00 Diniy soha rahbarlari mahallalardagi targ‘ibot va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi
02:17 Muftiy hazratlari Saudiya Arabistonining yangi elchisi bilan muloqot qildilar
03:05 “Discover Pakistan” telekanalida O‘zbekistonning ma’naviy-ma’rifiy merosiga bag‘ishlangan ko‘rsatuv namoyish etildi
04:07 O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi o‘qituvchilari Al-Azharda malaka oshirdi
05:06 O‘zbekistonlik imom-xatiblar Birlashgan Arab Amirliklarida
06:06 O‘zbekistonda vaqf tizimini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi
07:05 Qabul jarayonida qilingani murojaatlar amaliy yechim topmoqda
08:05 Joylarda diniy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tmoqda
08:32 Bog‘otda "Erali eshon bobo" masjidi yangi binosi ochildi
09:40 To‘rtko‘l tumanida «Mahalla obodligi va mehr-shafqat oyligi» tadbiri o‘tkazildi
#yangiliklar
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati