Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam Rabbilari azza va jalladan hikoya qilib aytadilar: “Bir banda gunoh qilib qo‘ydi va: “Allohim, gunohimni mag‘firat qil!” dedi. Alloh taboraka va taolo: “Bandam gunoh qildi va gunohni kechiradigan hamda gunoh uchun jazolaydigan Rabbi borligini bildi”, dedi. So‘ng banda yana qaytdi va gunoh qildi. U: “Ey Rabbim, gunohimni mag‘firat qil!” dedi. Alloh taboraka va taolo: “Bandam gunoh qildi va gunohni kechiradigan hamda gunoh uchun jazolaydigan Rabbi borligini bildi”, dedi. So‘ng banda yana qaytdi va gunoh qildi. U: “Ey Rabbim, gunohimni mag‘firat qil!” dedi. Shunda Alloh taboraka va taolo: “Bandam gunoh qildi va gunohni kechiradigan hamda gunoh uchun jazolaydigan Rabbi borligini bildi. Xohlagan ishingni qil, seni mag‘firat qildim!” dedi”» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
“Va gunoh uchun jazolaydigan”, ya’ni o‘sha gunohni qilgan kishini azoblashga qodir ekanini bildi. Imom Buxoriy rivoyatida: “Bandamni mag‘firat qildim” degan ziyodasi bor.
Ulamolar bu hadisni ikki xil izohlaganlar:
Birinchisi, kim bir gunohiga xolis tavba qilib, unga qaytmaslikka qat’iy qaror qilsa, uning tavbasi maqbuldir. Shundan keyin nafsi yoki shayton g‘olib kelib, yana o‘sha gunohni qilib qo‘ysa-yu, so‘ng ikkinchi bor pushaymon bo‘lib, yana qaytmaslik ahdi bilan xolis tavba qilsa, uning tavbasi maqbuldir. Bu jarayon shu tarzda davom etaveradi. Hadisdan murod – har gal tavba qilayotganda “unga boshqa qaytmayman” degan azmu qarorda bo‘lish. Chunki tavba faqat quyidagi ikki asosiy shart bilan mukammal bo‘ladi: gunohni darhol to‘xtatish va unga boshqa qaytmaslikka qat’iy qaror qilish. Agar inson shu niyat bilan, ya’ni har safar “boshqa qilmayman” degan chin ahd bilan tavba qilsa-yu, lekin insoniy ojizlik yoki shayton g‘olib kelib, gunohni takrorlasa ham, uning tavbasi qabul qilinaveradi. Bu holat yuz, hatto ming marta takrorlansa ham. Modomiki, har tavbasini boshqa unga qaytmaslik azmu qarori bilan qilsa, Alloh uni kechiradi.
“Xohlagan ishingni qil, seni mag‘firat qildim!” Banda, modomiki, har safar gunoh qilganida pushaymon bo‘lib, istig‘for aytib, tavba qilar ekan, Alloh taolo uni kechiraveradi. Bu aslo gunohda davom etish degani emas, balki har gal xatodan so‘ng yangi tavba bilan poklanish demakdir.
Ikkinchisi, bu o‘rinda faqatgina istig‘for – Alloh taolodan mag‘firat so‘rash nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin. Istig‘for tushunchasi tavbadan ko‘ra kengroqdir. Istig‘forda, tavbadan farqli o‘laroq, gunohni darhol to‘xtatish yoki unga qaytmaslik ahdi shart qilinmaydi, balki mag‘firatning o‘zi so‘raladi, xolos. Kim shu ma’noda istig‘for aytsa, uning gunohi kechirilishiga kafolat berilmaydi. Faqat Alloh taolo unga O‘z lutfi va marhamati bilan muomala qilib, kechib yuboradigan holatlar mustasno.
Shulardan ma’lum bo‘ladiki, hadisga berilgan birinchi izoh to‘g‘ridir. Chunki gunohda davom etaturib, tilida istig‘for aytadigan kimsalar shariatda qoralangan. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom: “Gunohidan tavba qilgan kishi go‘yo gunohi yo‘q kishi kabidir. Gunohni to‘xtatmay turib istig‘for aytuvchi kimsa esa Rabbisini masxara qilayotgan kishi kabidir” (Imom Ibn Abu Dunyo rivoyati).
Fuzayl ibn Iyoz rahimahulloh aytadi: “Gunohni to‘xtatmasdan aytilgan istig‘for – yolg‘onchilarning tavbasidir”.
Hadisda “tavba” emas, “istig‘for” lafzi ishlatilgan bo‘lsa-da, bu lafz ko‘pincha tavba ma’nosida qo‘llaniladi. Garchi lug‘atda “istig‘for” faqatgina “kechirim so‘rash” ma’nosini bildirsa ham, shar’iy istilohda u ko‘pincha tavbani ham o‘z ichiga oladi.
Imom G‘azzoliy va boshqa ba’zi olimlar quyidagi fikrni ilgari surganlar: “Agar inson biror sababga ko‘ra biror gunohni butunlay tark etishga o‘zida kuch topa olmayotgan bo‘lsa, istig‘forni butunlay tashlab qo‘ygandan ko‘ra, pushaymonlik va istig‘for aytish bilan Allohga yuzlanib turishi afzaldir. Garchi bunday istig‘for mag‘firatni kafolatlamasa-da, inshoalloh, foydadan xoli bo‘lmaydi. Zero, bu istig‘for vaqti kelib, bandaning o‘sha gunohni haqiqiy tark etishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bunday kishi istig‘forni aslo tark etmasligi kerak”.
Tavbadagi nozik nukta shuki, banda tavba qilayotgan paytida o‘z ixtiyori bilan bu gunohga qaytmaslikka qalban azmu qaror qilishi kerak. Garchi uning qalbida “nafsim g‘olib kelib, men yana shu gunohni qilib qo‘ysam-chi?” degan xavotir bo‘lsa ham, tavbaning sahihligiga putur yetmaydi. Muhimi – tavbani chin ko‘ngildan gunohga qaytmaslik azmu qarori bilan qilish va unda sobit turishni Alloh taolodan so‘rash.
Tavba orqali banda o‘zining ojizligini va Parvardigorining mag‘firatiga muhtoj ekanini izhor qiladi. Mana shu haqiqiy bandalikdir. Shu yo‘l bilan u Alloh taoloning mag‘firatiga, marhamatiga erishadi, inshoalloh.
“Takmilatu Fathil mulhim” asari asosida Azizbek XOLNAZAROV tayyorladi.
“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 9-sonidan
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati