Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Avgust, 2026   |   17 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:24
Quyosh
05:47
Peshin
12:24
Asr
17:04
Shom
19:04
Xufton
20:23
Bismillah
30 Avgust, 2026, 17 Rabi`ul avval, 1448
Maqolalar

Tavbasini buzgan nima qiladi?

23.07.2026   25493   5 min.
Tavbasini buzgan nima qiladi?

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam Rabbilari azza va jalladan hikoya qilib aytadilar: “Bir banda gunoh qilib qo‘ydi va: “Allohim, gunohimni mag‘firat qil!” dedi. Alloh taboraka va taolo: “Bandam gunoh qildi va gunohni kechiradigan hamda gunoh uchun jazolaydigan Rabbi borligini bildi”, dedi. So‘ng banda yana qaytdi va gunoh qildi. U: “Ey Rabbim, gunohimni mag‘firat qil!” dedi. Alloh taboraka va taolo: “Bandam gunoh qildi va gunohni kechiradigan hamda gunoh uchun jazolaydigan Rabbi borligini bildi”, dedi. So‘ng banda yana qaytdi va gunoh qildi. U: “Ey Rabbim, gunohimni mag‘firat qil!” dedi. Shunda Alloh taboraka va taolo: “Bandam gunoh qildi va gunohni kechiradigan hamda gunoh uchun jazolaydigan Rabbi borligini bildi. Xohlagan ishingni qil, seni mag‘firat qildim!” dedi”» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

“Va gunoh uchun jazolaydigan”, ya’ni o‘sha gunohni qilgan kishini azoblashga qodir ekanini bildi. Imom Buxoriy rivoyatida: “Bandamni mag‘firat qildim” degan ziyodasi bor.

Ulamolar bu hadisni ikki xil izohlaganlar:

Birinchisi, kim bir gunohiga xolis tavba qilib, unga qaytmaslikka qat’iy qaror qilsa, uning tavbasi maqbuldir. Shundan keyin nafsi yoki shayton g‘olib kelib, yana o‘sha gunohni qilib qo‘ysa-yu, so‘ng ikkinchi bor pushaymon bo‘lib, yana qaytmaslik ahdi bilan xolis tavba qilsa, uning tavbasi maqbuldir. Bu jarayon shu tarzda davom etaveradi. Hadisdan murod – har gal tavba qilayotganda “unga boshqa qaytmayman” degan azmu qarorda bo‘lish. Chunki tavba faqat quyidagi ikki asosiy shart bilan mukammal bo‘ladi: gunohni darhol to‘xtatish va unga boshqa qaytmaslikka qat’iy qaror qilish. Agar inson shu niyat bilan, ya’ni har safar “boshqa qilmayman” degan chin ahd bilan tavba qilsa-yu, lekin insoniy ojizlik yoki shayton g‘olib kelib, gunohni takrorlasa ham, uning tavbasi qabul qilinaveradi. Bu holat yuz, hatto ming marta takrorlansa ham. Modomiki, har tavbasini boshqa unga qaytmaslik azmu qarori bilan qilsa, Alloh uni kechiradi.

“Xohlagan ishingni qil, seni mag‘firat qildim!” Banda, modomiki, har safar gunoh qilganida pushaymon bo‘lib, istig‘for aytib, tavba qilar ekan, Alloh taolo uni kechiraveradi. Bu aslo gunohda davom etish degani emas, balki har gal xatodan so‘ng yangi tavba bilan poklanish demakdir.

Ikkinchisi, bu o‘rinda faqatgina istig‘for – Alloh taolodan mag‘firat so‘rash nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin. Istig‘for tushunchasi tavbadan ko‘ra kengroqdir. Istig‘forda, tavbadan farqli o‘laroq, gunohni darhol to‘xtatish yoki unga qaytmaslik ahdi shart qilinmaydi, balki mag‘firatning o‘zi so‘raladi, xolos. Kim shu ma’noda istig‘for aytsa, uning gunohi kechirilishiga kafolat berilmaydi. Faqat Alloh taolo unga O‘z lutfi va marhamati bilan muomala qilib, kechib yuboradigan holatlar mustasno.

Shulardan ma’lum bo‘ladiki, hadisga berilgan birinchi izoh to‘g‘ridir. Chunki gunohda davom etaturib, tilida istig‘for aytadigan kimsalar shariatda qoralangan. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom: “Gunohidan tavba qilgan kishi go‘yo gunohi yo‘q kishi kabidir. Gunohni to‘xtatmay turib istig‘for aytuvchi kimsa esa Rabbisini masxara qilayotgan kishi kabidir” (Imom Ibn Abu Dunyo rivoyati).

Fuzayl ibn Iyoz rahimahulloh aytadi: “Gunohni to‘xtatmasdan aytilgan istig‘for – yolg‘onchilarning tavbasidir”.

Hadisda “tavba” emas, “istig‘for” lafzi ishlatilgan bo‘lsa-da, bu lafz ko‘pincha tavba ma’nosida qo‘llaniladi. Garchi lug‘atda “istig‘for” faqatgina “kechirim so‘rash” ma’nosini bildirsa ham, shar’iy istilohda u ko‘pincha tavbani ham o‘z ichiga oladi.

Imom G‘azzoliy va boshqa ba’zi olimlar quyidagi fikrni ilgari surganlar: “Agar inson biror sababga ko‘ra biror gunohni butunlay tark etishga o‘zida kuch topa olmayotgan bo‘lsa, istig‘forni butunlay tashlab qo‘ygandan ko‘ra, pushaymonlik va istig‘for aytish bilan Allohga yuzlanib turishi afzaldir. Garchi bunday istig‘for mag‘firatni kafolatlamasa-da, inshoalloh, foydadan xoli bo‘lmaydi. Zero, bu istig‘for vaqti kelib, bandaning o‘sha gunohni haqiqiy tark etishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bunday kishi istig‘forni aslo tark etmasligi kerak”.

Tavbadagi nozik nukta shuki, banda tavba qilayotgan paytida o‘z ixtiyori bilan bu gunohga qaytmaslikka qalban azmu qaror qilishi kerak. Garchi uning qalbida “nafsim g‘olib kelib, men yana shu gunohni qilib qo‘ysam-chi?” degan xavotir bo‘lsa ham, tavbaning sahihligiga putur yetmaydi. Muhimi – tavbani chin ko‘ngildan gunohga qaytmaslik azmu qarori bilan qilish va unda sobit turishni Alloh taolodan so‘rash.

Tavba orqali banda o‘zining ojizligini va Parvardigorining mag‘firatiga muhtoj ekanini izhor qiladi. Mana shu haqiqiy bandalikdir. Shu yo‘l bilan u Alloh taoloning mag‘firatiga, marhamatiga erishadi, inshoalloh.

“Takmilatu Fathil mulhim” asari asosida Azizbek XOLNAZAROV tayyorladi.
“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 9-sonidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

14.08.2026   56423   3 min.
Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.

Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.

Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.

Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.

Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.

Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.

Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari