O‘zbekiston xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish orqali o‘zining boy ma’naviy merosini jahon ilmiy hamjamiyati bilan bog‘lash yo‘lida dadil harakat qilmoqda.
Ana shu jarayonning amaliy ifodasi sifatida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida O‘mon Sultonligida faoliyat yurituvchi «Orabi International Group» tashkiloti rahbari, taniqli tadqiqotchi va jamoat arbobi doktor Muhammad Zakariya Orobiy ishtirokida Markaz kutubxonasiga 1000 ta noyob kitobni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, xabar bermoqda iccu.uz.
Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakillari, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbariyati, olimlar, tadqiqotchilar hamda sohaning yetakchi mutaxassislari ishtirok etdi.
Marosimda Markaz direktori o‘rinbosari Gulnora G‘aniyeva so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ilm-fanni rivojlantirish, madaniy merosni asrash, qo‘lyozmalarni o‘rganish va jahonning turli mamlakatlarida saqlanayotgan noyob manbalarni O‘zbekistonga jalb etish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugun nafaqat muzey yoki kutubxona, balki islom sivilizatsiyasi tarixi, manbashunoslik va sharqshunoslik bo‘yicha xalqaro ilmiy muloqot maydoniga aylanib bormoqda.
«O‘mon Sultonligidan taqdim etilgan mazkur kitoblar nafaqat kutubxona fondini boyitadi. Ular islom sivilizatsiyasi tarixi, islom huquqi, tafsir, hadis, aqida, arab tili va boshqa yo‘nalishlarda fundamental tadqiqotlarni kengaytirish uchun mustahkam manba vazifasini bajaradi. Bu esa yangi avlod olimlarini tayyorlashga ham xizmat qiladi», — dedi Gulnora G‘aniyeva.
Doktor Muhammad Zakariya Orobiy ushbu kitoblar taqdimotini ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy va ilmiy hamkorlikning ramziy voqeasi sifatida baholadi.
«Bu shunchaki kitoblar emas. Bu ilmga bo‘lgan hurmat, ma’rifatga sadoqat va xalqlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlaydigan intellektual ko‘prikdir. Biz Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish tashabbusini yuksak qadrlaymiz. Bu markaz butun islom olamining ilmiy merosini birlashtiruvchi nufuzli platformaga aylanishiga ishonamiz», — dedi doktor Orobiy.
Uning fikricha, kutubxonalar insoniyat sivilizatsiyasining umumiy xotirasini saqlaydigan maskanlar bo‘lib, har bir kitob yangi bilim, yangi g‘oya va yangi ilmiy kashfiyotlarga yo‘l ochadi. Shu bois ilmga sarmoya kiritish kelajakka sarmoya kiritish bilan tengdir.
Marosimda ishtirok etgan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov ham mazkur xayrli tashabbusning mamlakat ilmiy salohiyati uchun ahamiyatini alohida qayd etdi.
Uning ta’kidlashicha, arab dunyosida so‘nggi yillarda chop etilgan fundamental ilmiy adabiyotlarning O‘zbekistonga keltirilishi tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar, magistrantlar va yosh olimlar uchun ishonchli manbalar bazasini kengaytirishga xizmat qiladi.
Taqdim etilgan kitoblar islom tarixi, Qur’on tafsiri, hadisshunoslik, fiqh, aqida, arab tili, islom sivilizatsiyasi tarixi va boshqa qator yo‘nalishlarni qamrab oladi. Ular orasida arab mamlakatlarida so‘nggi yillarda nashr etilgan ilmiy asarlar ham mavjud bo‘lib, bu Markaz kutubxonasini mintaqadagi eng boy ixtisoslashgan fondlardan biriga aylantirish imkoniyatini yanada kengaytiradi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston madaniy diplomatiya sohasida faol tashqi siyosat yuritmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy ilmiy markazlari ishtirokida xalqaro hamkorlik kengayib, YUNЕSKO, ICESCO va qator ilmiy muassasalar bilan qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
O‘mon Sultonligidan 1000 ta noyob kitobning taqdim etilishi ana shu izchil davlat siyosatining yana bir amaliy natijasi sifatida baholanmoqda.
Marosim yakunida tomonlar mazkur xayrli tashabbus O‘zbekiston va O‘mon Sultonligi o‘rtasidagi ilmiy, madaniy va ma’rifiy hamkorlikni yanada mustahkamlashini ta’kidlab, kelgusida qo‘shma tadqiqotlar, kitob almashinuvi, ilmiy ekspeditsiyalar va akademik dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati