“Buyuk vatandoshimiz, hadis va tasavvuf ilmining yetuk namoyandasi Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–275-son, 24.07.2026 y.) qabul qilindi, xabar bermoqda huquqiyaxborot Telegram kanali.
Qarorga ko‘ra, joriy yilda Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlanadi.
Termiz shahrida 2026 yil noyabr oyida “Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.
Hakim Termiziyning “Navodirul usul” va “Bahrut tafsir” asarlari hamda allomaning ilmiy merosiga oid boshqa manbalarning o‘zbek va xorijiy tillardagi ilmiy-izohli akademik tarjimalari nashr etiladi.
2026 yil davomida Hakim Termiziy ilmiy merosiga oid turkum risolalar nashrga tayyorlanadi va chop etiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan birgalikda diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Hakim Termiziy asarlari bilimdoni” tanlovi o‘tkaziladi va g‘oliblar munosib taqdirlanadi.
Alloma tavalludining 1200 yilligi munosabati bilan Hakim Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan kurash turniri 2026 yil noyabr oyida “Mardlar maydoni” shiori asosida yuqori saviyada o‘tkaziladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi shukuhi kezib yurgan shu kunlarda Namanganda ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olinmoqda.
“Mehr-saxovat” ma’rifiy tadbiri doirasida soha xodimlari shahardagi 125 ta xonadonga tashrif buyurib, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatdilar. “Vaqf” xayriya jamoat fondi hamda saxovatpesha yurtdoshlarimiz hamkorligida ko‘rsatilgan ushbu ko‘mak ko‘ngillarga iliqlik, yuzlarga tabassum ulashdi.
Dildan kechgan samimiy suhbatlar va ko‘tarilgan duolar yurtimizda mehr-oqibat, hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati