Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Avgust, 2026   |   24 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:52
Quyosh
05:22
Peshin
12:34
Asr
17:27
Shom
19:38
Xufton
21:08
Bismillah
07 Avgust, 2026, 24 Safar, 1448
Yangiliklar

“Yashil” energiya: bilgan va bilmaganlarimiz

27.07.2026   14457   3 min.
“Yashil” energiya: bilgan va bilmaganlarimiz

“Yashil”, ya’ni qayta tiklanuvchi energiya manbalari bugungi kunda global iqlim o‘zgarishi va ekologik muammolarga qarshi kurashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu maqolada masalaning xalqaro miqyosdagi dolzarbligi, ayni yo‘nalishdagi so‘nggi tajriba va yangiliklar, soha istiqboli bilan bog‘liq tahlilga e’tibor qaratamiz. 
 

“Yashil” energiya nima?
 

Quyosh, shamol, suv, shuningdek geotermal va biomassa kabi qayta tiklanuvchi manbalar orqali hosil qilinadigan bunday energiya turlari tabiiy jarayonlar bilan bog‘liq. Umuman, “yashil” energiyaning asosiy afzalliklari  ifloslantiruvchi chiqindini kamaytirish, tabiiy resurslarni tejash va barqaror rivojlanishga hissa qo‘shish kabi omillarda namoyon bo‘ladi.
 

Xalqaro tajriba va yangiliklar
 

1. Quyosh energiyasi. O‘zbekistonda Xitoy bilan hamkorlikda 2023 yil yo‘lga qo‘yilgan “Sirdaryo quyosh elektr stansiyasi” misolida ko‘rinadiki, bunday loyihalar nafaqat ichki ehtiyojni qondirish, balki eksport imkoniyatini oshirishga ham xizmat qiladi. Binobarin, XXR jahonda eng yirik quyosh panellari ishlab chiqaruvchi davlat sifatidagi o‘rnini izchil mustahkamlamoqda.

2. Shamol energiyasi. Shamol elektr stansiyalarining ulushi 50 foizga yetgan Germaniyada sohani yanada rivojlantirish maqsadida yangi texnologiyalar muntazam ravishda amaliyotga joriy etib boriladi. Xususan, akkumulator tizimi va aqlli tarmoqlar jarayonni takomillashtirishga xizmat qiladi.


3. Gidroenergetika. Norvegiyada gidroenergiya, ya’ni suv yordamida energiya ishlab chiqarish miqdori 90 foizga yetgan. Mamlakatda suv omborlaridan unumli foydalanish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlaydigan ilg‘or texnologiya joriy etilgan.


4. Geotermal energetika. Islandiyada geotermal energetika tizimi keng tarqalgan bo‘lib, orol elektr ta’minotining 85 foizini tashkil qiladi. Bu usulning afzalligi – doimiylik va barqarorlikda.


5. Biomassa. AQSHda biomassadan foydalanib qishloq xo‘jaligi chiqindisini samarali qayta ishlashning yangi usullari yaratilgan. Natijada atrof-muhitga yetkazilayotgan zarar miqdori keskin kamaytirilgan.


Kelajak va istiqbol 
 

“Yashil” energiya bilan bog‘liq innovatsiya kelajakda yanada ommalashishi kutilyapti. Bu jarayonda quyidagi omillar muhim o‘rin tutadi:


– Texnologik rivojlanish. Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yaratishda yangi texnologiya, masalan nano texnologiya joriy etilishi bilan samaradorlikni orttirish mumkin.


– Investitsiya. Jahon banki va boshqa moliyaviy institutlar “yashil” energetika loyihalariga sarmoya kiritishda davom etyapti. Bu global darajada barqaror rivojlanishni ta’minlaydi.


– Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash. “Yashil” energiyani rivojlantirish iqlim o‘zgarishi salbiy oqibatini kamaytiradi. BMTning “2030 yilgacha barqaror rivojlanish maqsadlari” doirasida davlatlar, xususan O‘zbekiston “yashil” energetika yo‘nalishini kuchaytirishga intilmoqda.


– Ijtimoiy omillar. “Yashil” energetika sohasi rivojlanishi yangi ish o‘rinlari yaratishga keng yo‘l ochadi.


Xulosa shuki, “yashil” energiya manbalari insoniyat ekologiya muammolariga yechim topishida muhim vosita hisoblanadi. Xalqaro miqyosda orttirilayotgan innovatsion tajriba soha istiqboliga katta umid bilan qarash imkonini beradi.
Insoniyat uchun barqaror kelajak yaratish sari mamlakatimiz ham dadil qadam tashlar ekan, o‘zbek xalqining ertasi nurli ekanligiga ishonchimiz komil. 
 

Musulmon Ziyo, O‘zA

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ulug‘ allomalarning munosib izdoshlari

06.08.2026   4188   7 min.
Ulug‘ allomalarning munosib izdoshlari

Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!

Bugungi tahlikali dunyoda xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga islom mohiyatini to‘g‘ri tushuntirib berish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois, yurtimizda diniy ta’lim sifatini yanada oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shavkat MIRZIYOЕV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
 

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti ilk magistrlari tahsilni tamomladi


Donishmandlarning “Agar sizning rejangiz bir yillik bo‘lsa — sholi eking. O‘n yillik bo‘lsa — daraxt o‘tqazing. Agar bir asrlik bo‘lsa — farzandlaringizga ta’lim-tarbiya bering” degan hikmatli gapi bor.


Jamiyat ravnaqiga, Vatan taraqqiyotiga, xalq farovonligiga ta’lim-tarbiyachalik xizmat qiladigan boshqa biror fenomen bo‘lmasa kerak. Har bir davrning o‘ziga yarasha sarmoyadorlari, tujjorlari bo‘lgan. Lekin ularning nomlari tarix sahifalarida juda kam uchraydi, ayrimlari izsiz yo‘q bo‘lib ketgan. Lekin umrini sivilizatsiya­lar taraqqiyotiga bag‘ishlagan mutafakkirlar, qomusiy allomalar, ma’rifat chirog‘i ostida elini buyuk orzular, nurafshon kunlar sari yetaklagan millat oydinlari, ulamolarning nomlari asrlar osha barhayotdir.


Prezidentimiz lavozimiga saylanishi bilanoq barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ham ulkan islohotlarni boshlab berdi. Bu borada davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni muhim huquqiy asos bo‘ldi. Ushbu hujjatda qator ustuvor yo‘nalishlar, xususan, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti va boshqa diniy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini yaxshilash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, diniy ta’lim muassasalari huzurida fuqarolarga Qur’oni karimni o‘rgatish bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etish belgilangan.

 

Son emas, sifat muhim

 

Ilm dargohining ulug‘vorligi uning binolari yoki talabalari soni bilan emas, balki u yerdan yetishib chiqadigan ilmli, odobli, Vatani va millatiga sidqidildan xizmat qiladigan yetuk va salohiyatli kadrlar bilan o‘lchanadi. Yuzlab uchqunlar birgina quyoshning ziyosini to‘sa olmagani singari chinakam qadr-qiymat sonda emas, sifatdadir. Yangi O‘zbekistonda oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari faoliyatida ham asosiy mezon ta’lim sifati, ilmiy salohiyat, ma’naviy tarbiya va jamiyatga munosib xizmat qiladigan mutaxassislarni voyaga yetkazishda.


Mustaqillikning dastlabki chorak asrida O‘zbekis­ton musulmonlari idorasi tizimida 9 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi va Toshkent islom instituti faoliyat yuritgan bo‘lsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017 yilda Buxoro shahrida Mir Arab oliy mad­rasasi, 2018 yilda Samarqand viloyatida Hadis ilmi maktabi, 2020 yilda Termiz shahrida Imom Termiziy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, 2024 yilda Imom Termiziy nomidagi islom instituti tashkil etildi.


Bugungi kunda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida 4 ta oliy, 10 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi (shundan ikkitasi ayol-qizlarga ixtisoslashgan) faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda tahsil olayotgan ikki yarim mingdan ziyod talabaga 500 ga yaqin professor-o‘qituvchi saboq berib kelmoqda.


Diniy soha xodimlarining asosiy qismini tashkil etadigan imom-xatiblarning bilim va malakalarini yanada oshirish, o‘rta maxsus diniy ma’lumotga ega imom-xatiblarni oliy diniy ma’lumotli kadrlar bilan almashtirish maqsadida 2019 yilda Toshkent islom ins­titutida modul ta’lim tizimi joriy qilindi. Mazkur ta’lim tizimida 5 yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan imom-xatiblar tanlov asosida o‘qishga qabul qilinib, ishdan ajralmagan holda 3 yil davomida tahsil oladi. Bugungi kunga qadar bu ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 600 dan ziyod imom-xatib oliy ma’lumotga ega bo‘ldi.


Prezidentimizning 2023 yil iyun oyida Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida bergan topshirig‘i ijrosi yuzasidan 2024-2025 o‘quv yilida ta’limning uzviyligi va uzluksizligini ta’minlash, tor yo‘nalishlar bo‘yicha yetuk kadrlarni tayyorlash maqsadida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida magistratura mutaxassisligi tashkil etilgan edi.


Joriy yilda ilk 10 bitiruvchi “Islom ilohiyoti, falsafasi va moturidiylik ta’limoti” va “Hadis ilmlari” yo‘nalishi bo‘yicha magistratura mutaxassisligini muvaffaqiyatli tamomladi. Yaqinda O‘zbekiston musulmonlari idorasining katta majlislar zalida magistrlarga tantanali ravishda diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.


Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, vazirlik va idoralar vakillari, taniqli ulamolar, imom-xatiblar, soha faxriylari, pedagog-o‘qituvchi va talabalar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.


Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov ilk bitiruvchilarni samimiy qutlab, tegishli pul mukofoti sertifikatlarini har bir magistrga tantanali ravishda topshirdi. Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bitiruvchilarni o‘qishini muvaffaqiyatli tamomlagani bilan muborakbod etib, katta tarixiy voqea bo‘lganini alohida ta’kidladi. Muftiy hazratlari ilk magistrlarning oylik ish haqiga O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida 20 foiz miqdorida ustama haq to‘lab berilishini e’lon qildi. Bitiruvchi magistrlar O‘zbekiston musulmonlari idorasining markaziy apparati, Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazi, oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga ishga taqsimot qilindi.

 

Tarix takrorlanib turadi

 

O‘zbekiston qadimdan buyuk allomalar, ulug‘ mutafakkirlar yurti sifatida e’zozlanadi, qadrlanadi. Tarixda yurtimiz allomalari butun dunyoga ustozlik qilgan, jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan.


2024 yil 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom — tinchlik va ezgulik dini” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etgan Shayx Muhammad Avvoma hafizahulloh Yurtingizning har qadamida ulug‘ allomalarning xoki bor. Bu zamin ilm va ulamolar yurtidir. Endi sizlarning vazifangiz ana shu buyuk meros­ni qayta tiriltirish va dunyoga tanitishdir”, degan edi. Haqiqatan, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida butun dunyo O‘zbekistonga, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Rayhon Beruniy, Muhammad al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiylarga qanday talpingan bo‘lsa, bugun ham Uchinchi Renessans poydevori qo‘yilayotgan yurtimizga dunyo afkor ommasining qiziqishi tobora ortib boryapti.


Xalqimizda “Tarix takrorlanib turadi”, “Oqqan daryo oqaveradi” kabi ajoyib maqollar, naqllar bor. Chindan ham IX-XII hamda XIV-XV asrlarda yuksak aqlu zakovati, teran tafakkuri, boy ma’naviy-ma’rifiy salohiyati bilan butun dunyoni zabt etgan buyuk ajdodlarimiz singari bugun yangi O‘zbekistonda tahsil olayotgan yoshlar ham bobolarimizning munosib izdoshi sifatida tarixni takrorlashga astoydil kirishgan. Ular orasida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti magistratura yo‘nalishini tamomlagan o‘n nafar iqtidorli bitiruvchi ham bor. Ularni O‘zbekistonning yetuk mutaxassislari, Prezident kadrlari deya baralla ayta olamiz. Kelgusidagi faoliyatlariga Alloh taolodan ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.

 

Salohiddin ShЕRXONOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i

"Yangi O‘zbekiston" gazetasining 2026 yil 6 avgust sonidan

Maqolalar