Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Avgust, 2026   |   6 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:16
Shom
19:21
Xufton
20:43
Bismillah
19 Avgust, 2026, 6 Rabi`ul avval, 1448
Yangiliklar

“Yashil” energiya: bilgan va bilmaganlarimiz

27.07.2026   21579   3 min.
“Yashil” energiya: bilgan va bilmaganlarimiz

“Yashil”, ya’ni qayta tiklanuvchi energiya manbalari bugungi kunda global iqlim o‘zgarishi va ekologik muammolarga qarshi kurashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu maqolada masalaning xalqaro miqyosdagi dolzarbligi, ayni yo‘nalishdagi so‘nggi tajriba va yangiliklar, soha istiqboli bilan bog‘liq tahlilga e’tibor qaratamiz. 
 

“Yashil” energiya nima?
 

Quyosh, shamol, suv, shuningdek geotermal va biomassa kabi qayta tiklanuvchi manbalar orqali hosil qilinadigan bunday energiya turlari tabiiy jarayonlar bilan bog‘liq. Umuman, “yashil” energiyaning asosiy afzalliklari  ifloslantiruvchi chiqindini kamaytirish, tabiiy resurslarni tejash va barqaror rivojlanishga hissa qo‘shish kabi omillarda namoyon bo‘ladi.
 

Xalqaro tajriba va yangiliklar
 

1. Quyosh energiyasi. O‘zbekistonda Xitoy bilan hamkorlikda 2023 yil yo‘lga qo‘yilgan “Sirdaryo quyosh elektr stansiyasi” misolida ko‘rinadiki, bunday loyihalar nafaqat ichki ehtiyojni qondirish, balki eksport imkoniyatini oshirishga ham xizmat qiladi. Binobarin, XXR jahonda eng yirik quyosh panellari ishlab chiqaruvchi davlat sifatidagi o‘rnini izchil mustahkamlamoqda.

2. Shamol energiyasi. Shamol elektr stansiyalarining ulushi 50 foizga yetgan Germaniyada sohani yanada rivojlantirish maqsadida yangi texnologiyalar muntazam ravishda amaliyotga joriy etib boriladi. Xususan, akkumulator tizimi va aqlli tarmoqlar jarayonni takomillashtirishga xizmat qiladi.


3. Gidroenergetika. Norvegiyada gidroenergiya, ya’ni suv yordamida energiya ishlab chiqarish miqdori 90 foizga yetgan. Mamlakatda suv omborlaridan unumli foydalanish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlaydigan ilg‘or texnologiya joriy etilgan.


4. Geotermal energetika. Islandiyada geotermal energetika tizimi keng tarqalgan bo‘lib, orol elektr ta’minotining 85 foizini tashkil qiladi. Bu usulning afzalligi – doimiylik va barqarorlikda.


5. Biomassa. AQSHda biomassadan foydalanib qishloq xo‘jaligi chiqindisini samarali qayta ishlashning yangi usullari yaratilgan. Natijada atrof-muhitga yetkazilayotgan zarar miqdori keskin kamaytirilgan.


Kelajak va istiqbol 
 

“Yashil” energiya bilan bog‘liq innovatsiya kelajakda yanada ommalashishi kutilyapti. Bu jarayonda quyidagi omillar muhim o‘rin tutadi:


– Texnologik rivojlanish. Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yaratishda yangi texnologiya, masalan nano texnologiya joriy etilishi bilan samaradorlikni orttirish mumkin.


– Investitsiya. Jahon banki va boshqa moliyaviy institutlar “yashil” energetika loyihalariga sarmoya kiritishda davom etyapti. Bu global darajada barqaror rivojlanishni ta’minlaydi.


– Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash. “Yashil” energiyani rivojlantirish iqlim o‘zgarishi salbiy oqibatini kamaytiradi. BMTning “2030 yilgacha barqaror rivojlanish maqsadlari” doirasida davlatlar, xususan O‘zbekiston “yashil” energetika yo‘nalishini kuchaytirishga intilmoqda.


– Ijtimoiy omillar. “Yashil” energetika sohasi rivojlanishi yangi ish o‘rinlari yaratishga keng yo‘l ochadi.


Xulosa shuki, “yashil” energiya manbalari insoniyat ekologiya muammolariga yechim topishida muhim vosita hisoblanadi. Xalqaro miqyosda orttirilayotgan innovatsion tajriba soha istiqboliga katta umid bilan qarash imkonini beradi.
Insoniyat uchun barqaror kelajak yaratish sari mamlakatimiz ham dadil qadam tashlar ekan, o‘zbek xalqining ertasi nurli ekanligiga ishonchimiz komil. 
 

Musulmon Ziyo, O‘zA

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Har bir xonadonga bayram shukuhi kirib bormoqda

12.08.2026   43854   1 min.
Har bir xonadonga bayram shukuhi kirib bormoqda

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan vohamiz aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ko‘ngliga quvonch ulashishga qaratilgan xayrli ishlar davom etmoqda.
 

Bugun, O‘MI Qashqadaryo viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov boshchiliklarida homiylar jalb etilgan holda mahalla hududidagi xonadonlarga tashrif buyurib, xonadon ahillari bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida sovg‘a-salomlar va xayr-ehson qutilari tarqatildi.

Bunday xayrli tashabbuslar xalqimizga xos mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarining amaliy ifodasi bo‘lib, ehtiyojmand oilalarga ma’naviy dalda va ko‘mak berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.



Yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, xonadonlarimizda fayzu baraka bardavom bo‘lsin!

O‘MI Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati

Har bir xonadonga bayram shukuhi kirib bormoqda Har bir xonadonga bayram shukuhi kirib bormoqda