“Yashil”, ya’ni qayta tiklanuvchi energiya manbalari bugungi kunda global iqlim o‘zgarishi va ekologik muammolarga qarshi kurashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu maqolada masalaning xalqaro miqyosdagi dolzarbligi, ayni yo‘nalishdagi so‘nggi tajriba va yangiliklar, soha istiqboli bilan bog‘liq tahlilga e’tibor qaratamiz.
“Yashil” energiya nima?
Quyosh, shamol, suv, shuningdek geotermal va biomassa kabi qayta tiklanuvchi manbalar orqali hosil qilinadigan bunday energiya turlari tabiiy jarayonlar bilan bog‘liq. Umuman, “yashil” energiyaning asosiy afzalliklari ifloslantiruvchi chiqindini kamaytirish, tabiiy resurslarni tejash va barqaror rivojlanishga hissa qo‘shish kabi omillarda namoyon bo‘ladi.
Xalqaro tajriba va yangiliklar
1. Quyosh energiyasi. O‘zbekistonda Xitoy bilan hamkorlikda 2023 yil yo‘lga qo‘yilgan “Sirdaryo quyosh elektr stansiyasi” misolida ko‘rinadiki, bunday loyihalar nafaqat ichki ehtiyojni qondirish, balki eksport imkoniyatini oshirishga ham xizmat qiladi. Binobarin, XXR jahonda eng yirik quyosh panellari ishlab chiqaruvchi davlat sifatidagi o‘rnini izchil mustahkamlamoqda.
2. Shamol energiyasi. Shamol elektr stansiyalarining ulushi 50 foizga yetgan Germaniyada sohani yanada rivojlantirish maqsadida yangi texnologiyalar muntazam ravishda amaliyotga joriy etib boriladi. Xususan, akkumulator tizimi va aqlli tarmoqlar jarayonni takomillashtirishga xizmat qiladi.
3. Gidroenergetika. Norvegiyada gidroenergiya, ya’ni suv yordamida energiya ishlab chiqarish miqdori 90 foizga yetgan. Mamlakatda suv omborlaridan unumli foydalanish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlaydigan ilg‘or texnologiya joriy etilgan.
4. Geotermal energetika. Islandiyada geotermal energetika tizimi keng tarqalgan bo‘lib, orol elektr ta’minotining 85 foizini tashkil qiladi. Bu usulning afzalligi – doimiylik va barqarorlikda.
5. Biomassa. AQSHda biomassadan foydalanib qishloq xo‘jaligi chiqindisini samarali qayta ishlashning yangi usullari yaratilgan. Natijada atrof-muhitga yetkazilayotgan zarar miqdori keskin kamaytirilgan.
Kelajak va istiqbol
“Yashil” energiya bilan bog‘liq innovatsiya kelajakda yanada ommalashishi kutilyapti. Bu jarayonda quyidagi omillar muhim o‘rin tutadi:
– Texnologik rivojlanish. Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yaratishda yangi texnologiya, masalan nano texnologiya joriy etilishi bilan samaradorlikni orttirish mumkin.
– Investitsiya. Jahon banki va boshqa moliyaviy institutlar “yashil” energetika loyihalariga sarmoya kiritishda davom etyapti. Bu global darajada barqaror rivojlanishni ta’minlaydi.
– Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash. “Yashil” energiyani rivojlantirish iqlim o‘zgarishi salbiy oqibatini kamaytiradi. BMTning “2030 yilgacha barqaror rivojlanish maqsadlari” doirasida davlatlar, xususan O‘zbekiston “yashil” energetika yo‘nalishini kuchaytirishga intilmoqda.
– Ijtimoiy omillar. “Yashil” energetika sohasi rivojlanishi yangi ish o‘rinlari yaratishga keng yo‘l ochadi.
Xulosa shuki, “yashil” energiya manbalari insoniyat ekologiya muammolariga yechim topishida muhim vosita hisoblanadi. Xalqaro miqyosda orttirilayotgan innovatsion tajriba soha istiqboliga katta umid bilan qarash imkonini beradi.
Insoniyat uchun barqaror kelajak yaratish sari mamlakatimiz ham dadil qadam tashlar ekan, o‘zbek xalqining ertasi nurli ekanligiga ishonchimiz komil.
Musulmon Ziyo, O‘zA
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan yurtimizda tinchlik, mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik kabi yuksak qadriyatlarni keng targ‘ib etishga qaratilgan xayrli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan,13 avgust kuni Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida tuman bosh imom-xatiblari, otinoyilar, «Haj–2026» ziyoratidan qaytgan hoji otalar va hoji onalar hamda mahalla faollari ishtirokida Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirda Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari R.Sobitov ishtirok etdi. Tadbir doirasida «Mustaqillik shukuhi» shiori ostida Urganch shahridagi boquvchisini yo‘qotgan, yetim, nochor va kam ta’minlangan oilalardan 100 nafariga VAQF jamoat fondi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Bu xayrli amal orqali ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga moddiy ko‘mak va samimiy mehr-e’tibor ulashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakilligi matbuot xizmati