O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan jadidlar harakati namoyondasi Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yillik yubileyi munosabati bilan tadbir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu tadbir Tokio xorijiy tillar universiteti, “Mitsubishi” jamoat fondi hamda yetakchi jadidshunos olim, professor Xisao Komatsu ko‘magida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston, Yaponiya va Turkiyadan kelgan yetakchi olimlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda olimlar Markaziy Osiyo davlatlarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jadidlar merosini chuqur o‘rganish hamda targ‘ib etishga qaratilgan qator taklif va tashabbuslarni muhokama qildi.
Ishtirokchilar Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Ta’kidlanganidek, Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘zbek xalqining buyuk ma’rifatparvari, jadidchilik harakatining yirik namoyandalaridan biri, yozuvchi, dramaturg, publitsist va jamoat arbobidir. U o‘z hayotini xalqni ilm-ma’rifatli qilish, ta’lim tizimini isloh etish va milliy taraqqiyot g‘oyalarini targ‘ib qilishga bag‘ishlagan.
Behbudiy 1875 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. U yoshligidan diniy va dunyoviy ilmlarni puxta o‘zlashtirib, arab, fors va turk tillarini mukammal o‘rgangan. Keyinchalik jadidchilik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab, yangi usuldagi maktablarni tashkil etish, zamonaviy ta’limni yo‘lga qo‘yish va yosh avlodning bilimli bo‘lib voyaga yetishiga katta hissa qo‘shgan.
Mahmudxo‘ja Behbudiy ijod sohasida ham salmoqli meros qoldirgan. Uning “Padarkush” dramasi o‘zbek adabiyotidagi ilk dramatik asarlardan biri hisoblanadi. Shuningdek, u gazeta va jurnallarda xalqning ma’rifati, ilm-fan, milliy taraqqiyot va ozodlik g‘oyalariga bag‘ishlangan ko‘plab maqolalar yozgan. Bundan tashqari, sayohatnomalar, darsliklar va publitsistik asarlar yaratib, xalqni zamonaviy bilimlarni egallashga da’vat etgan.
Tadbir doirasida maxsus kitoblar ko‘rgazmasi hamda “Mahmudxo‘ja Behbudiy” filmi namoyish etildi. Diplomatlar yaponiyalik ijodkorlarga o‘zbek jadidchilik harakatiga bag‘ishlangan 20 dan ortiq filmlar to‘plamini taqdim etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati